Sayt test holatida ishlamoqda!
21 May, 2025   |   23 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
04:59
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:44
Xufton
21:15
Bismillah
21 May, 2025, 23 Zulqa`da, 1446

11.03.2022 y. Gunohdan tavba qilgan kishi – gunohi yo'q kishi kabidir!

09.03.2022   5259   15 min.
11.03.2022 y. Gunohdan tavba qilgan kishi – gunohi yo'q kishi kabidir!

 بسم الله الرحمن الرحيم

 GUNOHDAN TAVBA QILGAN KIShI – GUNOHI YO'Q KIShI KABIDIR! 

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, insonni yo'qdan bor qilgan va mavjudodlari ichida mukarram aylagan zot – Alloh taolodir. Alloh taolo insonga ham aql, ham nafs istaklarini bergan. Nafsi aqlidan ustun kelganda inson bilib-bilmay xatolarga yo'l qo'yadi, gunoh ishlarga qo'l uradi. Islom dinida shu holatga qanday qaraladi, u qanday muolaja qilinadi? Gunohkor bandaga rahmat eshiklari butunlay yopiladimi yoki unda yana Alloh taoloning marhamatiga erishish imkoniyati bormi?

Agar banda astoydil tavba qilsa, har qanday gunohning kechirilishiga umid bor. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo'lgan xato va kamchiliklarni kechirishni va'da qilgan. Qur'oni karimning 87 o'rnida tavbaga targ'ib qilingan. Jumladan,

 وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

 (سورة النور الاية-31)

ya'ni: “Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo'minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz” (Nur surasi, 31-oyat).

Alloh taolo mo'min-musulmonlarni nasuh (chin) tavba qilishga targ'ib qilib, shunday degan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ

وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ

(سورة التحريم الاية-8)

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o'chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog'larga kiritsa!” (Tahrim surasi, 8-oyat).

Alloh taolo o'zining fazlu karami bilan jaholat tufayli gunoh qilib, keyin tezda unga afsus-nadomat chekkan kishilarning gunohlarini kechirishini va'da qilgan:

 إِنَّمَا التَّوْبَةُ عَلَى اللَّهِ لِلَّذِينَ يَعْمَلُونَ السُّوءَ بِجَهَالَةٍ ثُمَّ يَتُوبُونَ مِنْ قَرِيبٍ

 فَأُولَئِكَ يَتُوبُ اللَّهُ عَلَيْهِمْ وَكَانَ اللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا

ya'ni: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo'yib, so'ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o'shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Sarvari olam, barcha payg'ambarlarning afzali bo'lgan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam kattayu kichik gunohlardan saqlangan bo'lsalar-da ummatlarga ta'lim uchun har kuni tavba qilar edilar. Hadisi shariflarida ham bunday deganlar:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ تُوبُوا إِلى اللهِ واسْتَغْفِرُوهُ فإنِّي أتُوبُ في اليَومِ مئةَ مَرَّةٍ

(رَوَاهُ الْاِمَامِ الْبُخَارِيُّ عَنْ الأَغَرِّ بنِ يَسَارٍ رضي الله عنه)

ya'ni: Ey, insonlar! Allohga tavba qilinglar! Unga istig'for aytinglar! Zero men bir kunda yuz marta tavba qilaman (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning gunohlardan ma'sum bo'lishlariga qaramasdan, Allohga tavba qilishlari – biz kabi gunohdan xoli bo'lmagan ummatlar uchun katta dars va ko'rsatmadir. Yana bir hadisi sharifda shunday marhamat qilganlar:

التَائِبُ مِنَ الذَّنْبِ كَمَنْ لاَ ذَنْبَ لَهُ 

(رواه الإمام ابن ماجة عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه)

ya'ni: “Gunohdan tavba qiladigan kishi gunohi yo'q kishi kabidir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Mazkur oyati karima va hadislarga asosan gunoh qilgan bandaning tavba qilishi vojib sanaladi. Beparvo bo'lish, hali fursatim bor degan noto'g'ri tasavvurga berilishi aslo mumkin emas.

Tavba esa gunohlarning turiga qarab har xildir:

Birinchisi: Banda bilan faqat Alloh orasidagi gunohlar. Masalan, zino, aroqxo'rlik, g'iybat, bo'hton. Agar g'iybat va bo'hton qilingan kishiga xabar etib bormagan bo'lsa, bu gunohlardan poklanish uchun chin qalbdan Allohga tavba qilish kifoya. Shu bilan banda oqlanadi.

Ikkinchisi: Banda, banda va Alloh orasidagi gunohlar. Masalan mo'min birodarini g'iybat qildi va unga etib bordi yoki o'zganing haqqini egan bo'lsa, bu gunohdan poklanish uchun tavbaning uchta sharti bor:

Qilgan ishidan afsus-nadomat qilish;

Darhol o'sha gunohni tark qilish va undan chekinish;

Qayta takrorlamaslikka astoydil qasd qilmoq va shu bilan birga o'sha insondan kechirim so'rab, uni rozi qilishi shart bo'ladi.

Uchinchisi: Banda va Alloh orasidagi tavbaning o'zi bilan kechirilmaydigan gunohlar. Masalan, uzrsiz ro'za va namoz kabi farzlarni tark etish gunohi. Bu gunohlar azobidan xalos bo'lish uchun banda astoydil tavba qilishi va yana qoldirilgan ibodatlar o'rniga qazosini bajarib berishi lozim bo'ladi. Mana shu tavba chin tavba bo'lib, gunohkorni oxiratdagi javobgarlikdan qutqarib qolishi mumkin.

Hazrati Hasan Basriy rahmatullohi alayh o'z davrlarida bir guruh kishilar bilan suhbatlashib o'tirganlarida bir odam kelib, qurg'oqchilikdan shikoyat qildi. Hazrati Hasan Basriy “Istig'for aytinglar”, dedilar. Ikkinchi odam kelib, kambag'allikdan, uchinchisi farzandsizlikdan va hokazo shikoyatlar qilindi. Ularning barchalariga “Istig'for aytinglar” degan maslahatni berdilar. Shunda suhbatdoshlardan Robiy' ibn Subayh rahmatullohi alayh hazrati Hasan Basriyga murojaat qilib: “Ey Imom, sizga turli kishilar turli narsalardan shikoyat qildilar, siz esa hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nedur?” debdi. Hasani Basriy hazratlari bu savolga quyidagi oyati karimi bilan javob berdilar:

 فَقُلْتُ اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا  يُرْسِلِ السَّمَاءَ عَلَيْكُمْ مِدْرَارًا  وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ

وَيَجْعَلْ لَكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَلْ لَكُمْ أَنْهَارًا

ya'ni: Bas, dedimki: “Rabbingizdan mag'firat so'rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o'ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya'ni istig'for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg'ir yog'dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog'lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur (Nuh surasi, 10-12 oyatlar).

Demak, mo'min-musulmonlar istig'for aytib yursalar, Alloh taolo oyatda va'da qilgan barcha narsalarini ato qilar ekan.

Inson har qanday holatda ham Allohdan umidini uzmasdan, Unga tomon talpinaverishi lozim. Zotan avval o'tgan ulug' insonlar ichida avval gunohlar ichida yashab keyinchalik chin tavba qilib, hatto Allohning avliyo bandasi bo'lganlari ham talaygina.

Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh avvalda qaroqchi, yo'lto'sar edilar. Musofirlarni ko'rib qolsalar ularni urib, qo'rqitib molini olar edi. Bu zot tavbalarining sababi quyidagicha bo'lgan: U bir qizni sevib qolib, u bilan uchrashish maqsadida uning uyiga boradi. Devordan oshib o'tayotganda quyidagi oyatni eshitib qoladi. Ichkaridan kimdir tilovat qilayotgan edi:

 أَلَمْ يَأْنِ لِلَّذِينَ آَمَنُوا أَنْ تَخْشَعَ قُلُوبُهُمْ لِذِكْرِ اللَّهِ وَمَا نَزَلَ مِنَ الْحَقِّ

ya'ni: “Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?!” (Hadid surasi 16-oyat).

Bu oyati karima Fuzayl ibn Iyoz rahimahullohning qalblarini zabt etadi. U: “Ey Robbim! Keldi!”, deya o'sha lahzada orqalariga qaytadilar. U bir xarobaga boradi. U erda kishilar safarga chiqmoqchi bo'lib turishgan ekan. Ular o'zaro gaplashib turishgan edi. Ularning ba'zisi “hozir yo'lga chiqamiz”, desa, boshqasi “ertalab chiqamiz, hozir chiqsak Fuzayl molimizni tortib oladi”, der edi. Shunda Fuzayl o'ziga o'zi shunday dedi: “Holingga voy ey Fuzayl! Kechalari gunoh qilasan, musulmonlarni qo'rqitasan!”. So'ngra Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh ularni tinchlantirish uchun oldilariga borib, tomog'iga yig'isi tiqilgan holda: “Fuzayl sizning qarshingizda tavba qilgan holida turibdi! Umid qilamanki, bugundan boshlab meni faqat Allohga qochgan holimda, U Zotning Baytul Haromi oldida ko'rasizlar!”, dedilar. Keyin Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh Makkaga bordilar va butun vaqtlarini ibodatga, ilmga bag'ishladilar. Natijada islom tarixidagi tobeinlarning eng buyuklaridan biriga aylandilar.

Demak, tavba muhim axloqiy omildir. Kimki uni kechga sursa, insoniy fazilatlardan mahrum bo'ladi. Kimki unga shoshilsa, o'zini isloh qilgan bo'ladi va yomonlikni tugatishda katta kuchga ega bo'ladi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, oldin turli xil gunohlarni qilib yurgan kishi qilmishlariga pushaymon bo'lib, gunoh ishlarni tark qilib, to'g'ri yo'lga yursa va oldin o'zi qilib yurgan biror gunoh ishdan boshqani qaytarsa, atrofdagilar “o'zingiz kim edingiz, bizga endi nasihat qilyapsiz” degan ma'noda har xil gap-so'zlarni gapirish odati mavjud. Bunday malomat qilish aslo mumkin emas. Uni o'rniga “Baraka toping, biz ham sizga o'xshab gunoh ishlardan tiyilamiz va gunohlarimizga tavba qilamiz” deyishlari maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh kabi qancha-qancha zotlar qilmishlariga tavba qilib, Allohning do'stlariga aylanganlar.

Dinimiz – haqiqiy ma'noda insonparvar va rahm-shafqat dinidir. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo'lgan xato va kamchiliklarni kechirishga doim tayyor. Gunoh ishlardan keyin tavba qilish va solih amallar qilish bandani jannatga kiritadi. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

 فَخَلَفَ مِنْ بَعْدِهِمْ خَلْفٌ أَضَاعُوا الصَّلَاةَ وَاتَّبَعُوا الشَّهَوَاتِ فَسَوْفَ يَلْقَوْنَ غَيًّا  إِلَّا مَنْ تَابَ وَآَمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَأُولَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ شَيْئًا

  (سُورَةُ مَرْيَمَ / 59-60)

ya'ni: “So'ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o'rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo'liqurlar. Illo, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas” (Maryam surasi, 59-60-oyatlar).

         Furqon surasida Alloh taolo tavba qilib, solih amal qilganlarning yomonliklari yaxshiliklarga aylantirishini xabar beradi:

 إِلَّا مَنْ تَابَ وَآَمَنَ وَعَمِلَ عَمَلًا صَالِحًا فَأُولَئِكَ يُبَدِّلُ اللَّهُ سَيِّئَاتِهِمْ حَسَنَاتٍ وَكَانَ اللَّهُ غَفُورًا رَحِيمًا 

(سُورَةُ الفُرْقَانِ/ 59-60)

ya'ni: “Illo, kimki (shu dunyoda) tavba qilsa va imon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o'shalarning yomonlik (gunoh)larini yaxshilik (savob)larga aylantirib qo'yar. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir” (Furqon surasi, 70-oyat).

Gunohning savobga aylanib qolishi qanday ma'no kasb etishi xususida turlicha tafsirlar bor. Masalan, sobiq gunohlari tavba bilan o'chib, o'rniga savobli ishlarni qilish bilan; gunoh qilish qobiliyati savobli ish qilish qobiliyatiga aylanishi bilan; Allohning tavfiqi sababli toat-ibodat va xayrli ish qilishga o'tish bilan va hokazo. Hadisi shariflarda ba'zi mo'minlarning kabira gunohlari kechirilib, sag'ira gunohlari hasanotga aylantirilishi haqida bashorat qilingan.

Hazrati Umar raziyallohu anhu: “Ko'p tavba qiluvchilar bilan hamsuhbat bo'linglar. Chunki ular qalbi pok, halim kishilar bo'ladi”, – deganlar.

Abu Bakr Vositiy rahmatullohi alayhi: “Hamma narsada xotirjamlik yaxshi, lekin uch narsada yaxshi emas: namoz vaqti kelganda, mayyitni dafn qilishda va gunohdan tavba qilishda”, – dedilar.

Alloh taolo barchalarimizga bu qisqa hayotni mazmunli va foydali o'tkazishni, bilib-bilmay qilib qo'ygan gunohlarimizga chin tavba qilib, yorug' yuz bilan O'zining huzuriga borishimizni nasib etsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Muborak safar boshlandi

14.05.2025   6038   3 min.
Muborak safar boshlandi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
 

Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.


Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
 

Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.


13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.


Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.


Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.


Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.


Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.


Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.


Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.


«Xalq so‘zi».