Bugun, 4 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Toshkent shahrida qaytadan bunyod etilgan “Kulol Qo'rg'on” jome masjidiga tashrif buyurdilar. Muftiy hazratlari suhbat avvalida jome masjidni qayta bunyod etishda xizmat qilgan quruvchilar, hasharchilar va homiylarga minnatdorligini bildirib, masjid qurishdek xayrli amallarining ajri savoblari ziyoda bo'lishini duo qildilar.
Qayd etish joizki, “Kulol Qo'rg'on” jome masjidi saxovatpesha insonlar ko'magi va hashar yo'li bilan qayta bunyod etildi. Masjid qurilishi 2019 yilda boshlanib, 2021 yil o'rtalarida yakuniga etkazildi. Zamonaviylik aks etgan masjid 2-3 qavatdan iborat bo'lib, 32 metrlik minora unga o'zgacha chiroy berib turibdi. Bir vaqtning o'zida 3500-4000 nafar namozxonni sig'diruvchi masjidda barcha sharoitlar hozirlangan. Hususan, zamonaviy tahoratxonalar, mingdan ziyod adabiyotga ega kutubxona, masjid xodimlari uchun axborot texnologiyalar xonasi, ma'muriyat va imom-xatib, imom noibi va qorovulxonalar mavjud.
Muftiy hazratlari o'z so'zlari davomida Islom dinida ayollarga munosabat, ularning hayotimizdagi o'rni haqida yig'ilganlarga mav'iza qilib, bunday dedilar:
– Islom kelganidan keyin ayollarning jamiyatdagi mavqe'lari tiklanib, bir qancha haq-huquqlarga ega bo'ldilar. Qur'oni karimning o'ndan ortiq suralarida va ko'plab hadisi shariflarda ayollarning haq-huquqlari va ularga tegishli hukmlar keltirilgan. Hatto, Qur'oni karimda alohida “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan sura ham mavjud. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo'lgan yuksak e'tibordir.
Shuningdek, muftiy hazratlari ma'ruza davomida hayotning turli jabhalaridagi javobgarlik mas'uliyati erkakka yuklatilishi, islomda ayollar ta'lim olish, halol kasb kor qilish huquqiga egaligi, nafaqa va mahr olish haqqi borligi haqida ham so'zladilar. Hususan, keyingi paytda ayrim erkaklar tomonidan xotin-qizlarga nisbatan noto'g'ri munosabatda bo'linayotgani haqida hayotiy misollar bilan gapirib, haqiqiy mo'min banda zaifalarga Hazrati Payg'ambarimiz ko'rsatib bergandek muomala qilish zarurligini hadisi shariflar asosida sharhlab berdilar.
Amri-ma'ruf yakunida muftiy Nuriddin domla hazratlari yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi, Vatanimiz ravnaqi hamda jamoat haqiga xayrli duolar qilib, mana shunday go'zal masjidni qurishga hissa qo'shgan barchaning haqqiga Alloh taolodan ajru mukofot so'radilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.