YaZID IBN MUOVIYa HAQIDAGI BAHSLAR
4٠- وَلَمْ يَلْعَنْ يَزِيدًا بَعْدَ مَوْتٍ سِوَى الْمِكْثَارِ فِي الإِغْرَاءِ غَالِي
Ma'nolar tarjimasi:
Yazidga o'limidan keyin gij-gijlashda qattiq mutaassib, o'ta sergap (kimsalar)dan boshqalar la'nat aytmagan.
Nazmiy bayoni:
Yazidni vafotidan so'ng la'natlashmagan,
Mutaassib sergaplar mustasno bundan.
Lug'atlar izohi:
لَمْ – nafiy, jazm va qalb[1] harfi.
يَلْعَنْ – muzori' majzum fe'li. La'nat aytish lug'atda “qarg'ash”, “uzoqlashtirish” ma'nolarini anglatadi. Istilohda esa ikki xil ma'noda ishlatiladi:
– Allohning rahmatidan uzoqlashtirish. Bu ma'noda faqat iblis singari kofirligi aniq bo'lgan kimasalarga nisbatan ishlatiladi;
– Yaxshilar darajasidan uzoqlashtirish. Bu ma'noda zulm qilgan musulmonlarga nisbatan ishlatiladi.
يَزِيدًا – maf'ul. Bu ism “alam”lik va “vazni fe'l”likka ko'ra g'oyri munsorif hisoblanadi. Ammo ushbu o'rinda nazm zaruratiga ko'ra tanvinli bo'lib turibdi.
بَعْدَ – zarfi zamon.
مَوْتٍ – muzofun ilayh. O'lim deganda hayot sifatidan ajralish tushuniladi. Shuningdek, ochlik ham “oq o'lim” deb ta'riflangan. Chunki ulamolar ixtiyoriy ravishda qorinni och tutish “qalb yuzi” oqarishiga sabab bo'ladi, deyishgan. Shu ma'noda hikmatli so'zda:
مَنْ مَاتَتْ بِطْنَتُهُ حَيِيَتْ فِطْنَتُهُ
“Ochofatligi o'lganning donishligi yashaydi”, – deyilgan.
سِوَى – istisno ma'nosini anglatuvchi ism.
الْمِكْثَارِ – “o'ta ko'p gapiruvchi” ma'nosini anglatuvchi siyg'ai mubolag'a.
فِي – “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.
الإِغْرَاءِ – jor majrur الْمِكْثَارِ ga mutaalliq.
غَالِي – badal. غُلُوٌّ masdaridan olingan ismi foil.
Matn sharhi:
Yazidga la'nat aytish joiz emasligi va unga la'nat aytadiganlarning dalillarini o'rganishdan oldin Yazidning tarjimai holi bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo'ladi. Yazidning nasabi quyidagicha bo'lgan: Yazid ibn Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Soxr ibn Harb ibn Umayya ibn Abdushshams. Uning nasabi Umayya ibn Abdushshamsda Usmon roziyallohu anhu bilan birlashadi. Yazid yigirma beshinchi, yo yigirma oltinchi, yo yigirma ettinchi hijriy sanada tug'ilgan. Otasining hayotlik davridayoq u valiahd etib tayin qilingan. Otasi Muoviya roziyallohu anhu vafot etganidan so'ng hijriy 60 yilning rajab oyida uning o'rnini egallagan. U otasi Muoviya roziyallohu anhudan :
مَنْ يُرِدِ الله بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ
“Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi”, hadisini rivoyat qilgan.
Tarix kitoblarida uning solih kishi bo'lganiga ham, ashaddiy fosiq kishi bo'lganiga ham dalolat qiladigan xilma-xil rivoyatlar kelgan. Bunday holatlarda esa doimo yaxshi tarafini olish va yaxshi gumonda bo'lish a'loroq hisoblanadi. Uning vafot etayotgan paytda aytgan so'zi haqida quyidagi rivoyat kelgan: “Abdurrahmon ibn Abu Maz'ur aytadi: “Menga ahli ilmlardan biri gapirib berdi, Yazid ibn Muoviyaning oxirgi so'zi ushbu bo'lgan: “Ey Allohim, men yaxshi ko'rmagan va men iroda qilmagan narsa bilan meni aybdor qilmagin. Men bilan Ubaydulloh ibn Ziyod orasida o'zing hukm qilgin”[2].
Yazid ibn Muoviya hijriy 64 yilning rabiul avval oyida Damashqda vafot etgan.
La'nat aytishning xatarli ekani
Aslida birovga la'nat aytish deganda, uni Allohning rahmatidan uzoq bo'lishini tilash ma'nosi tushuniladi. Mo'min kishi boshqa bir mo'min birodarini Allohning rahmatidan uzoq bo'lishini tilashi oqibati xatarli bo'lgan ishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni bir-birlariga la'nat aytishdan qaytarganlar:
عَنْ سَمُرَةَ بْنِ جُنْدُبٍ قَالَ قَالَ رسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَلاَعَنُوا بِلَعْنَةِ اللهِ وَلا بِغَضَبِهِ وَلَا بِالنَّارِ. رواه أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ
Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga Allohning la'nati bilan ham, Uning g'azabi bilan ham, do'zax bilan ham la'nat aytmanglar”, – dedilar”. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: “Bir-birlaringiz bilan la'natlashmanglar” degan so'zdan “bir-birlaringizning ismini aytib, la'natlamanglar”, ma'nosi tushuniladi. Zero, la'nat aytish joiz bo'lgan o'rinlar ham bor:
– Birovni aniq aytmasdan umumiy vasf bilan, masalan, “kofirlarga Allohning la'nati bo'lsin”, deyish mumkin;
– Alohida xos vasf bilan, masalan, “Allohning g'azabiga duchor bo'lgan qavmga Allohning la'nati bo'lsin”, deyish mumkin;
– Kofir holida o'lgani aniq bo'lgan kimsalarga, masalan, “Fir'avnga, Abu Jahlga Allohning la'nati bo'lsin”, deyish mumkin.
Ushbulardan ko'rinib turibdiki, mo'min kishi boshqa bir mo'min kishini qilgan gunohi uchun la'natlashi, ya'ni uni Allohning rahmatidan uzoq bo'lishini tilashi joiz emas. Ammo ba'zi toifalar Yazid ibn Muoviyaga nisbat berilgan ayrim ishlar sababli unga la'nat aytishni joiz sanashgan. Ahli sunna val-jamoaning ichidagi ba'zi ahli ilmlar ham ayrim dalillarni keltirishib, shu qarashni quvvatlashgan. Bulardan tashqari, avom odamlar orasida ham ushbu gaplar tarqalgan. Jumhur ulamolar esa ularga qarshi keskin raddiyalar yozishgan. Shu kabi omillar bu masalaning aqida kitoblariga kirib qolishiga sabab bo'lgan. Yazid ibn Muoviyaga la'nat aytishni joiz sanaydiganlar quyidagi sabablarni keltiradilar:
﴿ أَلَا لَعۡنَةُ ٱللَّهِ عَلَى ٱلظَّٰلِمِينَ﴾
“Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur)”[3].
عَنِ السَّائِبِ بْنِ خَلاَّدٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ أَخَافَ أَهْلَ الْمَدِينَةِ أَخَافَهُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ وَعَلَيْهِ لَعْنَةُ اللَّهِ وَالْمَلاَئِكَةِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ لَا يَقْبَلُ اللَّهُ مِنْهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ صَرْفًا وَلَا عَدْلاً. رَوَاهُ اَحْمَدُ
Soib ibn Hollad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Madinada yashovchilarni qo'rqitsa, albatta buyuk Alloh uni qo'rqitadi, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati bo'ladi. Alloh qiyomat kunida uning tavba-tazarrusini ham, rostgo'yligini ham inobatga olmaydi”, – dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.
Yuqorida keltirilgan uchta sababning har biriga ulamolarimiz batafsil raddiyalar bildirishgan. Birinchi sababda ko'rsatilgan uning zolim bo'lganiga ko'ra “Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur)” ma'nosidagi oyatning hukmiga kirishi haqidagi da'volariga shunday javob berilgan: Bu oyat umumiy ma'noda bo'lib kim zolim bo'lsa, unga la'nat bo'lishini taqozo qiladi. Ammo ba'zida tavba bilan yo qilgan gunohini o'chiradigan savobli ish bilan, yo qilgan ishiga kafforat bo'ladigan musibatga uchrash sababli yo biror shafoatchining shafoati bilan, eng muhimi mehribonlarning mehriboni bo'lgan Zotning rahmati tufayli bu hukm ko'tarilishi ham mumkin. Shunday bo'lganidan keyin mazkur oyatni dalil qilib unga la'nat aytayotganlar, Yazid o'sha gunohidan tavba qilmaganini, Allohga istig'for aytmaganini qayerdan biladilar yoki uning gunohlarini o'chiradigan savoblari bo'lmagan deya oladilar-mi yoki qilgan ishlariga kafforat bo'ladigan musibatlarga uchramaganiga guvoh bo'lmaganlar-ku. Yoki Alloh taolo uni kechirish yo kechirmasligini aniq bilmaydilar-ku, vaholanki, Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:
﴿إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَغۡفِرُ أَن يُشۡرَكَ بِهِۦ وَيَغۡفِرُ مَا دُونَ ذَٰلِكَ لِمَن يَشَآءُۚ ﴾
“Albatta, Alloh O'ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqani, kimni xohlasa kechirur”[4].
Shuning uchun agar unga nisbat berilgan ishlar aniq bo'lgan taqdirda ham, Ahli sunna val-jamoa mazhabidagi “agar halol sanamasa, gunohi kabira mo'min bandani iymondan chiqarmaydi” hukmiga ko'ra u gunohkor mo'min bandadir. Gunohkor mo'min bandaning kechirilishiga shuncha ehtimollar bo'lgandan keyin unga la'nat aytgandan ko'ra, u tavba qilgan deya “husni zon” qilib, tavbasini mehribonlarning mehriboni bo'lgan Zot qabul qilgan bo'lsa ajab emas, deyish afzaldir.
Unga la'nat aytadiganlarning ikkinchi dalillari bo'lgan “u Husayn roziyallohu anhuning qatl etilishiga sabab bo'lgan, shuning uchun unga la'nat aytish joiz bo'ladi” degan so'zlariga ham batafsil javoblar berilgan. Hujjatul Islom imom G'azzoliy rahmatullohi alayhning javobi javoblar ichidagi ajoyibidir: “Agar Yazidga la'nat aytish joizmi? Chunki u Husayn roziyallohu anhuni qatl qilgan yoki qatl qilishga amr qilgan kishidir deyilsa, aytamizki: “Bu aslo aniqligi sobit bo'lgan xabar emas, shuning uchun unga la'nat aytish u yoqda tursin, u Husayn roziyallohu anhuni o'ldirgan, yo o'ldirishga amr qilgan deb ham bo'lmaydi. Chunki aniq bo'lmasdan turib, musulmon kishini gunohi kabira qilishda ayblab bo'lmaydi...”. Agar Husaynning qotiliga Allohning la'nati bo'lsin, yo uni qatl etishga buyurganga Allohning la'nati bo'lsin desa bo'ladimi? deyilsa, aytamizki, “To'g'risi shuki, agar Husaynning qotili tavba qilmasdan o'lgan bo'lsa, unga Allohning la'nati bo'lsin deyish joiz bo'ladi, chunki uning tavba qilgandan so'ng vafot etgan bo'lishi ehtimoli bo'ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Hamza roziyallohu anhuni Vahshiy kofir holida qatl qilgan edi, so'ngra u kufrdan tavba qildi, qatl gunohi kabira, ammo kufr darajasiga etmaydi, shunga ko'ra hamisha ham bu gunoh sohibiga la'nat aytish joiz bo'lavermaydi. Tavba bilan qayd etilmagan paytda ham bu gunoh sohibiga la'nat aytishda xatar bordir, sukut qilishda esa xatar yo'q, shuning uchun sukut qilish avlodir”[5].
Yazidga la'nat aytishni joiz hisoblaganlarning uchinchi dalillari “Yazidning askarlari Madina ahliga qanchalar xunrezliklar qilishgan, uning bunga yo'l qo'yib berganligi sababli unga la'nat aytiladi”, degan so'zlaridir. Muhaqqiq ulamolar bu da'volarini ham batafsil o'rganib chiqqanlar hamda qat'i va sobit yo'llardan rivoyat qilinmaganini va birortasi ham qabul qilishga yaroqli rivoyatlar emasligini isbotlaganlar. Modomiki, unga nisbat berilgan ishlar isbot etilmay shubha ostida qoldimi, shubhali dalillar bilan mo'min kishiga gunohi kabira nisbat berilmaydi, – deyishgan.
Hulosa qilib aytganda, Ahli sunna val-jamoaning jumhuri Yazid ibn Muoviyaga la'nat aytishni joiz sanamagan. Uning ishi haqida haddan tashqari gapni ko'paytiradigan xavorij va ba'zi mo''taziliy kabi firqalargina unga la'nat aytishgan.
KYeYINGI MAVZU:
Muqallid iymonining e'tiborli ekani
[1]لَمْ harfi fe'lni hozirgi zamondan o'tgan zamonga aylantirgani uchun qalb (aylantirish) harfi ham deb nomlanadi.
[2] Ibn Kasir. Al-Bidaya van-Nihaya, 8-juz. “Maktabatush shomila”. – B. 2235.
[3] Hud surasi, 18-oyat.
[4] Niso surasi, 116-oyat.
[5] Abu Homid G'azzoliy. Ihyo ulumid-din, 3-juzi. “Maktabatush shomila”. –B 125.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَذْكُرِ اسْمَ اللهِ، وَإِنْ نَسِيَ أَنْ يَذْكُرَ اسْمَ اللهِ فِي أَوَّلِهِ فَلْيَقُلْ بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz taom yesa, Allohning ismini zikr qilsin. Agar avvalida Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, «Bismillahi avvalahu va axirohu» desin», dedilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).
Ba’zan taom tanovul qilish paytida inson shoshilib, «Bismillah»ni aytish esidan chiqib qoladi. Bir oz yeganidan keyin «Bismillah»ni aytmagani esiga tushib qoladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflariga binoan, ana shunday vaqtda «Bismillahi avvalahu va axirohu» demog‘i lozim.
Bu jumlaning ma’nosi «avvalida ham, oxirida ham Bismillah» degani bo‘lib, taomning barakasini qaytaradi va unga shayton sherik bo‘lishini qirqadi.
وَعَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْكُلُ فِي سِتَّةٍ مِنْ أَصْحَابِهِ فَجَاءَ أَعْرَابِيٌّ فَأَكَلَهُ بِلُقْمَتَيْنِ، فَقَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَمَا إِنَّهُ لَوْ سَمَّى كَفَاكُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oltita sahobalari bilan taom yemoqda edilar. Bir a’robiy kelib, ikki luqmada (hammasini) yeb qo‘ydi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Agar u tasmiya aytganida, hammangizga yetar edi», dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan).
Bu hadisi sharifda har bir odam taomni «Bismillah»ni aytib yesa, u barakali bo‘lishiga dalolat bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u kishining olti sahobalari albatta «Bismillah»ni aytib, so‘ng taom yeyishni boshlaganlar. Ammo haligi a’robiyning «Bismillah»ni aytmay taom yegani barakani qochirdi.
وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَالِسًا وَرَجُلٌ يَأْكُلُ فَلَمْ يُسَمِّ حَتَّى لَمْ يَبْقَ مِنْ طَعَامِهِ إِلَّا لُقْمَةٌ، فَلَمَّا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ قَالَ: بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ، فَضَحِكَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ قَالَ: مَا زَالَ الشَّيْطَانُ يَأْكُلُ مَعَهُ، فَلَمَّا ذَكَرَ اسْمَ اللهِ اسْتَقَاءَ مَا فِي بَطْنِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan edilar. Bir kishi taom yer edi. U tasmiya aytmadi. Faqat bir luqma taom qolgandagina «Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va:
«Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganida qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar» (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar).
Bu ham barchamiz uchun dars. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bor joydagi har bir o‘tirish, harakat va sakinat hammaning diqqat e’tiborida bo‘lishi ma’lum.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan joyda bir odam «Bismillah»ni aytmay, taom tanovul qila boshladi. Hamma damini ichiga yutib, nima bo‘lar ekan, deb kutib turdi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam esa indamas edilar. Haligi kishi esa taom yeyishda davom etar edi. Endi nima bo‘ladi? Atigi bir luqma taom qolganda birdan esiga tushib qolib:
«Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi».
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va: «Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganda qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar».
Demak, taomni «Bismillah»ni aytmay yegan odam bilan birga shayton ham uning taomidan qo‘shilishib yeb turar ekan.
Bu esa ham gunoh, ham taomning barakasini qochirishdir. Shuning uchun bu masalaga juda ehtiyot bo‘lmoq kerak. Mabodo avvalida aytish esdan chiqib qolgan bo‘lsa ham, eslagan zahoti aytish lozim.
Allohning ismini zikr qilib, so‘ng taom yeyishni boshlash islomiy ovqatlanish madaniyatining boshida turadi.
Albatta, taom Alloh taolo tomonidan bandaga beriladigan ulkan ne’mat ekanligi hech kimga sir emas. Doimo Allohni eslab turishi lozim bo‘lgan banda uchun ne’matga erishgan paytda ne’mat beruvchi Zotni eslash zarurati yana ham ortadi. Ana shunday paytda Allohni – ne’mat beruvchi Zotni esidan chiqargan odam xato qilgan bo‘ladi. Agar o‘zi eslab, xatosini to‘g‘rilasa, yaxshi. Agar uning esiga tushmasa, atrofdagilar unga eslatib qo‘yishlari lozim. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam doimo shunday qilganlar.
«Hadis va hayot» kitobi 16-juzidan