Abduvali Haqnazarov
Bayovut tumani “Abu Bakr Siddiq”
masjidi imom-xatibi.
Toshkent shahridagi «G‘afur G‘ulom» nomidagi istirohat bog‘ida yurtimizda sof islomiy ma’rifatni yoyishda beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan «Hilol-Nashr» matbaa-nashriyoti tashkil etilganining 15 yilligiga bag‘ishlangan tantanali ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Fayzli anjumanda taniqli ulamolar, ilm ahli, ziyolilar hamda ko‘p sonli kitobxonlar ishtirok etib, nashriyotning bosib o‘tgan sharafli yo‘li va ulkan muvaffaqiyatlari yodga olindi.
Raqamlarda aks etgan ma’rifat nuri:
13 milliondan ziyod adadda diniy-ma’rifiy va ilmiy kitoblar chop etilib, xalqimiz xonadonlariga yetkazildi;
800 dan ortiq nomdagi sara asarlar 50 dan ziyod mualliflar bilan hamkorlikda nashr yuzini ko‘rdi;
Mus'hafi sharif nashri: 2018 yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Qur’oni Karimni yuqori sifatda chop etish yo‘lga qo‘yilib, bugungacha 7 xil shaklda 500 mingdan ortiq nusxada mo‘min-musulmonlarga tuhfa etildi;
Zamonaviy texnologiyalar: «Hilol eBook» elektron tizimi orqali 600 dan ziyod elektron va audiokitoblar o‘quvchilar ixtiyoriga berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan ustoz Ismoil Muhammad Sodiq domla, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, ustoz Muhammad Ayyubxon Kosoniy hamda ustoz Abror Muxtor Aliy nashriyot asoschisi — fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning boy ilmiy merosiga yuksak baho berdilar.
So‘zga chiqqanlar Shayx hazratning asarlari xalqimiz ma’naviy hayotida, sof aqidani mustahkamlash va ixtiloflarning oldini olishda mustahkam qalqon bo‘lganini, chop etilgan 13 million kitob millionlab qalblarga hidoyat nurini olib kirganini alohida e’tirof etdilar.
Anjuman doirasida nashriyot tarixi va shayx hazratlarining ibratli hayotiga bag‘ishlangan «Badr» hujjatli filmining ilk lavhalari namoyish etildi. Shuningdek, allomaning hali chop etilmagan qo‘lyozmalari ustida ilmiy ishlar davom etayotgani va ular ham bosqichma-bosqich xalqimizga taqdim etilishi xushxabar qilindi.
Tadbir kitobxonlar o‘rtasidagi viktorinalar, esdalik sovg‘alari va eng muhimi — Qur’oni Karim tilovati hamda yurtimiz tinchligi, xalqimiz ma’naviy yuksalishini so‘rab qilingan xayrli duolar bilan yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati