So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, siyosiy huquq va erkinliklarni ta’minlash, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirish, ijtimoiy muhofaza va aholining salomatligini asrash, ilm-fan va ta’lim-tarbiya, madaniyat va diniy-ma’rifat, shaharsozlik va qurilish, san’at va sport kabi sohalarda erishilgan ulkan yutuqlar, xalqaro hamjamiyat va nufuzli tashkilotlar bu boradagi e’tirofi har bir yurtdoshimiz qalbini faxr va g‘ururga to‘ldirmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan turli dinlarga mansub qadriyatlarni avaylab-asrash, barcha fuqarolarga vijdon erkinligi va o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, ushbu yo‘nalishda boshqa davlatlarga namuna bo‘ladigan boy tajriba orttirildi. Mazkur yo‘nalishlarda ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilinib, hayotga joriy qilindi.
Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar, tarixiy natijalar zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik yotibdi. Tarixiy haqiqat shundan iboratki, ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyat rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog‘liq bo‘lgan.
Ma’lumki, islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in’om etilgan ulug‘ ne’mat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qur’oni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar mo‘minlik, tinchlik va bag‘rikenglik mavzulariga bag‘ishlanganini e’tirof etadi. Jumladan, Qur’oni karimda bayon qilinadiki: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).
Tinchlikning ilohiy ne’mat ekani Muhammad alayhissalomning quyidagi hadislarida ham qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni so‘ranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq ne’mat berilgani yo‘q” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).
O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgani tarixiy haqiqat. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, el-yurt taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Bugungi kunda Vatanimizda 130 dan ziyod millat, 16 konfessiyaga mansub fuqarolar yagona va ahil oila bo‘lib, tinchlik-xotirjamlikda, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida hamjihat faoliyat olib bormoqda.
Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechayotir. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish maqsadida amalga oshirayotgan g‘oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Qator davlatlar, xususan, musulmon yurtlari o‘tkir siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan o‘tkazmoqda. Mazkur mamlakatlarda odamlar og‘ir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zo‘ravonliklar va xavfli bir sharoitda kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar soni ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.
Darhaqiqat, Payg‘ambar alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdurki, bundan ko‘p odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu bo‘lib qolayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz.
Ushbu holat dunyo davlatlarining katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat’i nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne’mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Shu o‘rinda Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisni eslash o‘rinlidir: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (“Sunani Termiziy”, 2346-hadis).
Ta’kidlash joizki, ijtimoiy barqarorlik jamiyat hayotining osoyishtaligi bilan tavsiflanadi. Barqarorlikka tinch-totuvlik va uni mustahkamlash uchun shart-sharoit yaratish, turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolar va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni, davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuv va sherikchilik bardavomligini ta’minlash orqali erishiladi.
Aksincha, xalq orasida buzg‘unchilik g‘oyalarini tarqatish orqali beqarorlik keltirib chiqarish esa tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Islom ta’limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka raxna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to‘kishdan ham og‘ir gunoh sanaladi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).
Islom ulamolari Qur’oni karimda tinchlikka, odamlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga raxna soluvchi amallarni qilmaslik buyurilganini ta’kidlaydilar: “... Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat). Mazkur suraning 60-oyatida: “... Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!..”, deb marhamat qilingan.
Shuningdek, islom ta’limoti odamlarni millati, dini, jinsi yoki qarashlaridan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini himoya qiladi hamda ularga zulm qilishdan qaytaradi. Qur’oni karimda: “...biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!..” (“Moida” surasi, 8-oyat) deyilgan.
Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Bugungi tahlikali zamon tinchlikni ta’minlash faqat davlatning vakolatli idoralari vazifasi degan noto‘g‘ri tushunchalardan voz kechish, Vatan taqdiri uchun astoydil qayg‘urib yashashni taqozo etayotganiga barchamiz guvohmiz.
Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy bo‘lishi lozim. Ya’ni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.
Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, ma’naviyat va ma’rifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan g‘arazli urinishlarga qat’iy qarshi turishimiz lozim. Mazkur yo‘nalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda bo‘lishlari lozim.
Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o‘z ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona g‘oyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi. Ulamolarimiz vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg‘u emasligi, balki uni quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etish lozim ekanini ta’kidlaydi:
– Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;
– jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo‘lida harakat qilish (silai rahm, qo‘shnilarga yaxshilik, o‘zaro yordam, bir-biriga yaxshilikni sog‘inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);
– Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o‘zini bag‘ishlash, bu yo‘lda ta’mani yaqinlashtirmaslik va h.k.);
– Vatan erki, hududi yoki obro‘siga qarshi g‘oyaviy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.
Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning e’tiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulug‘ ne’mat deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.
Shu nuqtai nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni asrab-avaylash yo‘lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’yharakatlarni nafaqat to‘g‘ri qabul qilishlari, balki e’tiqodan qo‘llab-quvvatlashlari hamda bor imkoniyatlari bilan yordam berishlari lozim. Tahdidlarning oldini olishga qaratilgan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashab, dindorlarimiz ibodatlarini xotirjamlik va emin-erkinlikda ado etmoqda.
Bugungi tahlikali zamonning o‘zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo va mintaqada ro‘y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiysiyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvur shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur sanaladi.
Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, qadriyatlarimiz, milliy-diniy an’analarimiz, mentalitetimizga zid tushuncha va g‘oyalar kirib kelishining oldini olish barcha fuqarolarimizning burchi hisoblanadi. Ayniqsa, har bir fuqaro yoshlarimiz ongiga, birinchi navbatda, ona Vatani va oilasi oldidagi mas’uliyatni singdirishga, ularni insonparvarlik, vatanparvarlik va mamlakatimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor vazifa sifatida qarashi kerak.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek: “Ma’naviy uyg‘oq jamiyatni, o‘z oldiga ulkan vazifalar qo‘yib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim o‘z yo‘lidan to‘xtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qo‘llab-quvvatlaydi, doimo yo‘lini ochib beradi”.
Homidjon ISHMATBEKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 2-mart, 44-son
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan