بسم الله الرحمن الرحيم
ISLOMDA AYoLLARGA MUNOSABAT
Muhtaram jamoat! Dinimizda har bir insonning u xoh erkak bo'lsin, xoh ayol bo'lsin jamiyatdagi o'rni va hurmati belgilab berilgan. Alloh taolo har bir jins vakiliga uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy holatiga mos, adolatli martaba ato etgan.
Insonni mukarram deb e'lon qilgan dinimiz bu hurmatda erkak va ayolni barobar o'ringa qo'yadi. Ularni Odam alayhissalomdan paydo bo'lgan tug'ishganlar, deb e'tiborga oladi. Bu ilohiy ta'limotlarga amal qilib kelayotgan islom ummatida ayollarni ona, opa-singil, juft va dindosh sifatida qadrlash mustahkam o'rnashgan. Lekin guruch kurmaksiz bo'lmaydi, deganlaridek gohida ayollarni sha'nini erga uradigan, ularni xo'rlab, zulm o'tkazadigan johil kimsalar ham uchrab turadi. Unday kishilarga doimo oyati karima va hadisi shariflar bilan tanbeh berib turiladi.
Islomdan avvalgi johiliyat davrida ayollarning holatiga nazar solsak, ularda qat'iy belgilab qo'yilgan huquqlar bo'lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki erining vafotidan keyin o'zlari bir buyum sifatida merosxo'rlar o'rtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qo'liga qurol olib jang qila olmaydi, asirga tushib bizni nomusimizni erga uradi, kambag'allikka sabab bo'ladi, deb qiz chaqaloqlarni tiriklay ko'mish holatlari ham uchrab turar edi.
Islom kelganidan keyin ayollarning jamiyatdagi mavqe'lari tiklanib, bir qancha haq-huquqlarga ega bo'ldilar. Qur'oni karimning o'ndan ortiq suralarida va ko'plab hadisi shariflarda ayollarning haq-huquqlari va ularga tegishli hukmlar keltirilgan. Hatto, Qur'oni karimda alohida “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan sura ham mavjud. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo'lgan yuksak e'tibordir.
Ba'zi shar'iy istisnolarni hisobga olmaganda ayol kishi erkaklar bilan barobar dinga amal qiladi. U ham namoz o'qiydi, ro'za tutadi, boy bo'lsa, zakot beradi, imkon topsa, haj qiladi.
Ayollar turli ibodat va yaxshiliklar uchun savob olishda ham erkaklarga tengdirlar. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
وَعَدَ اللَّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ
ya'ni: “Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog')laridagi yoqimli maskanlarni va'da qildi” (Tavba surasi 72-oyat).
Ayol kishiga Alloh taolo ikki masalada mas'uliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, ma'naviy xotirjamlik, sukunat bo'lish, ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga g'amxo'rlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mashaqqatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati e'tiborga olinib, ularga ikrom ko'rsatilgan, engillik berilgan:
Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...
ya'ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi 34-oyat).
Ilm olishga qiziqtiruvchi oyati karima va hadisi shariflar faqat erkaklarga xoslab qo'yilmagan, ulardan ham erkak, ham ayollar nazarda tutilgan. Buning natijasida 14 asrdan beri turli sohalarda minglab olima ayollar etishib chiqqan, ularning eng ulug'i Oisha raziyallohu anho onamizdir. U kishi sahobalar ichida sanoqli fatvo beruvchi zotlardan biri edilar. Ko'pchilik sahobalar bilmagan narsalarini Oisha onamizdan so'rar edilar.
Bu mavzuda Oisha raziyallohu anhodan hadis rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallamning ba'zi jufti halollari u zot sallallohu alayhi va sallamga: “Qay birimiz sizga tezroq etishamiz?” – deyishdi. U zot: “Qo'li uzunrog'ingiz”, – dedilar. Ular bir qamish olib, bilaklarini o'lchay boshlashdi. Savda ularning eng qo'li uzuni ekan. “Qo'lning uzunligi” sadaqa ekanini keyinroq bildik. U zotga eng tez etishganimiz (Zaynab) bo'ldi, u sadaqa qilishni yaxshi ko'rar edi” (Imom Buxoriy rivoyalari).
Oralarida jismoniy jihatdan qo'llari uzuni Savda bint Zam'a roziyallohu anho ekan. Ammo Muhammad mustafo sallallohu alayhi vasallam gaplarida ma'naviy jihatdan qo'l uzunligini nazarda tutgan edilar. Zaynab bint Jahsh raziyallohu anho qo'l mehnati bilan shug'ullanib, daromaddan ko'p sadaqa qilar edilar. U kishi hijriy yigirmanchi yilda Payg'ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan so'ng mo'minlarning onalari orasida birinchi bo'lib vafot etgan. Bu Payg'ambarimiz alayhissalomning bashoratlari edi.
Yana shuni ta'kidlash kerakki, ayol kishi ishlab topgan mablag'ini hech kim majburan tortib olishga yoki majburan sarf-xarajat qildirishga haqli emas. Faqat ayol o'z ixtiyori bilan ro'zg'origa sarflashi mumkin, buning uchun u katta ajr oladi.
وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
ya'ni: “Ularni (onalarni) me'yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir” (Baqara surasi, 233-oyat).
Rasuli akram alayhissalom erkaklarga xitob qilib: “Ayollaringiz uchun sizning zimmangizda yaxshilik ila rizqlari va kiyimlarining majburiyati bordir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Bir kuni Hakim ibn Muoviya ismli sahoba raziyallohu anhu: “Ey, Allohning Rasuli! Bizning zimmamizda xotinimizning nima haqqi bor?” – deb so'raydilar. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Qachon taomlansangiz, uni ham taomlantiring, qachon kiyim (yangi kiyim) kiysangiz, uni ham kiyintiring. Yuziga urmang, qattiq haqorat qilmang va uydan boshqa joyda hijron qilmang”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
لِلرِّجَالِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ وَلِلنِّسَاءِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيبًا مَفْرُوضًا
ya'ni: “Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko'pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso surasi 7-oyat).
Yuqoridagi oyati karima va hadisi shariflardan ma'lum bo'ladiki, islomda ayollarning sha'ni ulug'langan, ularni aslo kamsitilmagan. Zero, Alloh taoloning barcha ishlarida adolat ustuvordir, uning ishlarida hech ham zulm yo'qdir.
Dinimizning yuksak ehtiromi va qadrlashiga shukrona qilib, o'zining ayollik iffati, hayosini saqlab yurgan va jamiyatda o'z o'rnini topgan opa-singillarimiz juda ko'p va bu bizni xursand qiladi, albatta. Afsuski, gohida ayollik sha'niga dog' tushiradigan ishlar ham sodir bo'lib turibdi.
Gohida nikohsiz tug'ilgan farzandini sotayotgan yoki chekka joylarga tashlab ketayotgan, gohida eri bilan janjallashib bolalarining joniga qasd qilayotgan onalar haqida xabarlar tarqalmoqda. To'g'ri, bu erda ikkinchi tomon – ayollarni xiyonatga chorlagan kimsa yoki noqobil er ham bor. Ular ham bu gunohlarga sherik. Lekin nima bo'lganda ham ayol-ona o'z farzandini sotmasligi yo halokatga mahkum qilib tashlab ketmasligi va ularni joniga qasd qilmasligi kerak. Bu muammolarning echimi avvalo opa-singillarimiz xiyonat, iffatsizlik va zinodan nihoyatda hazar qilsinlar. Odob-axloq va hayoni lozim tutib, nikoh bilan halol-pok oila qurib yashash, oilada esa er-xotin o'zaro kelishuv bilan, huquq va burchlariga rioya qilish ikki dunyoda ham baxtu saodat garovidir.
Dinimizda ayollarga har qancha himoya va e'tibor berilgan bo'lishiga qaramay, ba'zida bu zaif toifaga zulm o'tkazadigan nobakor kimsalar ham chiqib qoladi. Ba'zida ayollarni sababsiz urish, doimiy haqorat qilish, ularni obro'sini erga urish hollari uchrab turibdi.
Payg'ambarimiz alayhissalom ayollardagi zaiflikni doim e'tiborga olar va ularni himoya qilishga haris edilar. Hatto vidolashuv hajlaridagi mashhur xutbada ham, ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U Zot alayhissalom birorta ayollariga qo'l ko'tarmadilar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat bo'ldilar va shu ishga targ'ib qildilar:
خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي
(رواه الامام الترمذي عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)
ya'ni: “Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi bo'lganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Dinimizda kishi o'ziga ham, o'zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Hususan, jufti haloli, umr yo'ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo'qotgan ba'zi kishilar jiddiy bir sababsiz o'z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog'ini berib yo'lini ochadi. Bu bilan er Alloh taoloning bir qancha (oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi) katta ne'matlariga noshukrlik qilgan bo'ladi.
Ba'zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog'ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po'pisa qiladi. Bu etmagandek, aslida o'zining zimmasida bo'lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo'yniga yuklab qo'yadi. Natijada ayol na erli bo'lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo'lga kirsa, zinoga qo'l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo'ladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda ayollarga go'zal muomalada bo'lishga targ'ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytardi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:
وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا
ya'ni: “Hotinlarni taloq qilganingizda (ular idda) muddatiga etsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).
Alloh taolo oila masalalarida aksar o'rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas'ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suiiste'mol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak.
Hurmatli azizlar! Barchamizga ma'lumki, yaqin kunlarda ayollarni e'zozlash ma'nosida joriy bo'lgan 8 mart xalqaro xotin qizlar bayrami nishonlanadi. Ayol deganda avvalo ko'z o'ngimizda ona siymosi gavdalanadi. Dinimizda onaning hurmati naqadar yuksaklarga ko'tarilgani barchamizga ma'lum. Shuning uchun urfimizda ham qadri baland narsalarga “ona” so'zini qo'shib aytish bejiz emas. Masalan, “Ona vatan”, “Ona tili”, “Ona tuproq”, “Ona yurt” kabilarni bunga misol qilib keltirish mumkin. Mana shundan ham onaning naqadar ulug' zot ekanligi ma'lum bo'ladi. Shunday ekan, bu kabi ijtimoiy bayramlarni nishonlashdan maqsad ayollarga bo'lgan ehtiromni izhor qilishdir. Qolaversa, ayollarni qadrlash, ularni jamiyatdagi o'rnini yaxshilash, ularni turli zo'ravonliklardan himoyalash maqsadida hukumatimiz bir qancha qarorlar qabul qilib kelmoqda. Jumladan, joriy yilning 1 mart kuni O'zbekistonda Hotin-qizlar va oila ishlari qo'mitasi tashkil etildi. Bu qo'mita ham xotin-qizlarning haq-huquqlarini ta'minlash, ularga keng imkoniyatlar paydo qilish va ularga nisbatan ijtimoiy adolat o'rnatishga xizmat qiladi, inshaalloh.
Alloh taolo barchamizga shariatimiz ko'rsatganidek, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namuna bo'lganlaridek ayollarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatish va chiroyli muomala qilish baxtini nasib qilsin! Omin!
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.