Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2025   |   6 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:04
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2025, 6 Rajab, 1447

04.03.2022 y. Islomda ayollarga munosabat

02.03.2022   10964   17 min.
04.03.2022 y. Islomda ayollarga munosabat

بسم الله الرحمن الرحيم

ISLOMDA AYoLLARGA MUNOSABAT

Muhtaram jamoat! Dinimizda har bir insonning u xoh erkak bo'lsin, xoh ayol bo'lsin jamiyatdagi o'rni va hurmati belgilab berilgan. Alloh taolo har bir jins vakiliga uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy holatiga mos, adolatli martaba ato etgan.

Insonni mukarram deb e'lon qilgan dinimiz bu hurmatda erkak va ayolni barobar o'ringa qo'yadi. Ularni Odam alayhissalomdan paydo bo'lgan tug'ishganlar, deb e'tiborga oladi. Bu ilohiy ta'limotlarga amal qilib kelayotgan islom ummatida ayollarni ona, opa-singil, juft va dindosh sifatida qadrlash mustahkam o'rnashgan.  Lekin guruch kurmaksiz bo'lmaydi, deganlaridek gohida ayollarni sha'nini erga uradigan, ularni xo'rlab, zulm o'tkazadigan johil kimsalar ham uchrab turadi. Unday kishilarga doimo oyati karima va hadisi shariflar bilan tanbeh berib turiladi.

Islomdan avvalgi johiliyat davrida ayollarning holatiga nazar solsak, ularda qat'iy belgilab qo'yilgan huquqlar bo'lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki erining vafotidan keyin o'zlari bir buyum sifatida merosxo'rlar o'rtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qo'liga qurol olib jang qila olmaydi, asirga tushib bizni nomusimizni erga uradi, kambag'allikka sabab bo'ladi, deb qiz chaqaloqlarni tiriklay ko'mish holatlari ham uchrab turar edi.

Islom kelganidan keyin ayollarning jamiyatdagi mavqe'lari tiklanib, bir qancha haq-huquqlarga ega bo'ldilar. Qur'oni karimning o'ndan ortiq suralarida va ko'plab hadisi shariflarda ayollarning haq-huquqlari va ularga tegishli hukmlar keltirilgan. Hatto, Qur'oni karimda alohida “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan sura ham mavjud. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo'lgan yuksak e'tibordir.

Ba'zi shar'iy istisnolarni hisobga olmaganda ayol kishi erkaklar bilan barobar dinga amal qiladi. U ham namoz o'qiydi, ro'za tutadi, boy bo'lsa, zakot beradi, imkon topsa, haj qiladi.

Ayollar turli ibodat va yaxshiliklar uchun savob olishda ham erkaklarga tengdirlar. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

وَعَدَ اللَّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ

ya'ni: “Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog')laridagi yoqimli maskanlarni va'da qildi” (Tavba surasi 72-oyat).

Ayol kishiga Alloh taolo ikki masalada mas'uliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, ma'naviy xotirjamlik, sukunat bo'lish, ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga g'amxo'rlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mashaqqatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati e'tiborga olinib, ularga ikrom ko'rsatilgan, engillik berilgan:

  1. Hayotning turli jabhalaridagi javobgarlik mas'uliyati erkakka yuklatildi, bu mashaqqatlardan ayollar ozod qilindilar.

Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...

        ya'ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi 34-oyat).

  1. Islomda ayollar ta'lim olish huquqiga egadirlar.

Ilm olishga qiziqtiruvchi oyati karima va hadisi shariflar faqat erkaklarga xoslab qo'yilmagan, ulardan ham erkak, ham ayollar nazarda tutilgan. Buning natijasida 14 asrdan beri turli sohalarda minglab olima ayollar etishib chiqqan, ularning eng ulug'i Oisha raziyallohu anho onamizdir. U kishi sahobalar ichida sanoqli fatvo beruvchi zotlardan biri edilar. Ko'pchilik sahobalar bilmagan narsalarini Oisha onamizdan so'rar edilar.

  1. Islomda ayollarga halol kasb kor qilish huquqiga ega. Dinimizda xotin-qizlar doim erkaklar himoyasida va ta'minoti ostida bo'ladi. Shunday bo'lsada, ayol kishi ham oilaviy sharoit va vaziyat taqazosiga qarab halol kasb kor qilishi joiz. Faqat ishlash jarayonida o'zining sha'ni va iffatini pok saqlashi shartdir.

Bu mavzuda Oisha raziyallohu anhodan hadis rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallamning ba'zi jufti halollari u zot sallallohu alayhi va sallamga: “Qay birimiz sizga tezroq etishamiz?” – deyishdi. U zot: “Qo'li uzunrog'ingiz”, – dedilar. Ular bir qamish olib, bilaklarini o'lchay boshlashdi. Savda ularning eng qo'li uzuni ekan. “Qo'lning uzunligi” sadaqa ekanini keyinroq bildik. U zotga eng tez etishganimiz (Zaynab) bo'ldi, u sadaqa qilishni yaxshi ko'rar edi” (Imom Buxoriy rivoyalari).

Oralarida jismoniy jihatdan qo'llari uzuni Savda bint Zam'a roziyallohu anho ekan. Ammo Muhammad mustafo sallallohu alayhi vasallam gaplarida ma'naviy jihatdan qo'l uzunligini nazarda tutgan edilar. Zaynab bint Jahsh raziyallohu anho qo'l mehnati bilan shug'ullanib, daromaddan ko'p sadaqa qilar edilar. U kishi hijriy yigirmanchi yilda Payg'ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan so'ng mo'minlarning onalari orasida birinchi bo'lib vafot etgan. Bu Payg'ambarimiz alayhissalomning bashoratlari edi.

Yana shuni ta'kidlash kerakki, ayol kishi ishlab topgan mablag'ini hech kim majburan tortib olishga yoki majburan sarf-xarajat qildirishga haqli emas. Faqat ayol o'z ixtiyori bilan ro'zg'origa sarflashi mumkin, buning uchun u katta ajr oladi.

  1. Nafaqa haqqi. Dinimizda qiz bola turmush qurguncha otasi zimmasida bo'lsa, turmush qurgach uning ta'minoti erining zimmasiga o'tadi. Ya'ni, ayollarning nafaqa olish haqqiga ega. Qizni uning otasi, turmush qurgan bo'lsa eri edirib-ichirib, kiyintirib va uy-joy bilan ta'minlab turadi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

 ya'ni: “Ularni (onalarni) me'yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir” (Baqara surasi, 233-oyat).

     Rasuli akram alayhissalom erkaklarga xitob qilib: “Ayollaringiz uchun sizning zimmangizda yaxshilik ila rizqlari va kiyimlarining majburiyati bordir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

     Bir kuni Hakim ibn Muoviya ismli sahoba raziyallohu anhu: “Ey, Allohning Rasuli! Bizning zimmamizda xotinimizning nima haqqi bor?” – deb so'raydilar. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Qachon taomlansangiz, uni ham taomlantiring, qachon kiyim (yangi kiyim) kiysangiz, uni ham kiyintiring. Yuziga urmang, qattiq haqorat qilmang va uydan boshqa joyda hijron qilmang”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

  1. Mahr olish haqqi. Dinimizda ayollarni turmushga uzatishdan avval ulardan ruxsat so'raladi yoki maslahatlashiladi. Nikoh ayolning roziligi bilangina amalga oshadi. Nikohlanuvchi ayol bo'lajak eridan mahr olishi ham uning haqqidir. Mahr sababli ayolning haq-huquqlari birmuncha kafolatlanadi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: وَآَتُوا النِّسَاءَ صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً ya'ni: “Hotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz!” (Niso surasi 4-oyat).
  2. Meros olish haqqi. Avallari ko'pincha ayollar zaif toifa bo'lganidan merosdan mahrum bo'lishardi. Islomda esa ayol ham erkaklar qatori merosdan o'z ulushini olishi belgilab qo'yildi. Ona, qiz, xotin hech qachon merosdan mahrum bo'lmaydigan toifalardan bo'ldi. Alloh taolo ularning merosdagi haqlarini shunday bayon qiladi:

لِلرِّجَالِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ وَلِلنِّسَاءِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيبًا مَفْرُوضًا

ya'ni: “Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko'pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso surasi 7-oyat).

Yuqoridagi oyati karima va hadisi shariflardan ma'lum bo'ladiki, islomda ayollarning sha'ni ulug'langan, ularni aslo kamsitilmagan. Zero, Alloh taoloning barcha ishlarida adolat ustuvordir, uning ishlarida hech ham zulm yo'qdir.

Dinimizning yuksak ehtiromi va qadrlashiga shukrona qilib, o'zining ayollik iffati, hayosini saqlab yurgan va jamiyatda o'z o'rnini topgan opa-singillarimiz juda ko'p va bu bizni xursand qiladi, albatta. Afsuski, gohida ayollik sha'niga dog' tushiradigan ishlar ham sodir bo'lib turibdi.

Gohida nikohsiz tug'ilgan farzandini sotayotgan yoki chekka joylarga tashlab ketayotgan, gohida eri bilan janjallashib bolalarining joniga qasd qilayotgan onalar haqida xabarlar tarqalmoqda. To'g'ri, bu erda ikkinchi tomon – ayollarni xiyonatga chorlagan kimsa yoki noqobil er ham bor. Ular ham bu gunohlarga sherik. Lekin nima bo'lganda ham ayol-ona o'z farzandini sotmasligi yo halokatga mahkum qilib tashlab ketmasligi va ularni joniga qasd qilmasligi kerak. Bu muammolarning echimi avvalo opa-singillarimiz xiyonat, iffatsizlik va zinodan nihoyatda hazar qilsinlar. Odob-axloq va hayoni lozim tutib, nikoh bilan halol-pok oila qurib yashash, oilada esa er-xotin o'zaro kelishuv bilan, huquq va burchlariga rioya qilish ikki dunyoda ham baxtu saodat garovidir.     

              Dinimizda ayollarga har qancha himoya va e'tibor berilgan bo'lishiga qaramay, ba'zida bu zaif toifaga zulm o'tkazadigan nobakor kimsalar ham chiqib qoladi. Ba'zida ayollarni sababsiz urish, doimiy haqorat qilish, ularni obro'sini erga urish hollari uchrab turibdi.    

Payg'ambarimiz alayhissalom ayollardagi zaiflikni doim e'tiborga olar va ularni himoya qilishga haris edilar. Hatto vidolashuv hajlaridagi mashhur xutbada ham, ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U Zot alayhissalom birorta ayollariga qo'l ko'tarmadilar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat bo'ldilar va shu ishga targ'ib qildilar:

خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي

(رواه  الامام الترمذي عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)

ya'ni: “Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi bo'lganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Dinimizda kishi o'ziga ham, o'zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Hususan, jufti haloli, umr yo'ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo'qotgan ba'zi kishilar jiddiy bir sababsiz o'z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog'ini berib yo'lini ochadi. Bu bilan er Alloh taoloning bir qancha (oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi) katta ne'matlariga noshukrlik qilgan bo'ladi.

Ba'zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog'ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po'pisa qiladi. Bu etmagandek, aslida o'zining zimmasida bo'lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo'yniga yuklab qo'yadi. Natijada ayol na erli bo'lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo'lga kirsa, zinoga qo'l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo'ladi.

Alloh taolo Qur'oni karimda ayollarga go'zal muomalada bo'lishga targ'ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytardi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:

وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا

ya'ni: “Hotinlarni taloq qilganingizda (ular idda) muddatiga etsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).

Alloh taolo oila masalalarida aksar o'rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas'ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suiiste'mol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak.

Hurmatli azizlar! Barchamizga ma'lumki, yaqin kunlarda ayollarni e'zozlash ma'nosida joriy bo'lgan 8 mart xalqaro xotin qizlar bayrami nishonlanadi. Ayol deganda avvalo ko'z o'ngimizda ona siymosi gavdalanadi. Dinimizda onaning hurmati naqadar yuksaklarga ko'tarilgani barchamizga ma'lum. Shuning uchun urfimizda ham qadri baland narsalarga “ona” so'zini qo'shib aytish bejiz emas. Masalan, “Ona vatan”, “Ona tili”, “Ona tuproq”, “Ona yurt” kabilarni bunga misol qilib keltirish mumkin. Mana shundan ham onaning naqadar ulug' zot ekanligi ma'lum bo'ladi. Shunday ekan, bu kabi ijtimoiy bayramlarni nishonlashdan maqsad ayollarga bo'lgan ehtiromni izhor qilishdir. Qolaversa, ayollarni qadrlash, ularni jamiyatdagi o'rnini yaxshilash, ularni turli zo'ravonliklardan himoyalash maqsadida hukumatimiz bir qancha qarorlar qabul qilib kelmoqda. Jumladan, joriy yilning 1 mart kuni O'zbekistonda Hotin-qizlar va oila ishlari qo'mitasi tashkil etildi. Bu qo'mita ham xotin-qizlarning haq-huquqlarini ta'minlash, ularga keng imkoniyatlar paydo qilish va ularga nisbatan ijtimoiy adolat o'rnatishga xizmat qiladi, inshaalloh. 

          Alloh taolo barchamizga shariatimiz ko'rsatganidek, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namuna bo'lganlaridek ayollarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatish va chiroyli muomala qilish baxtini nasib  qilsin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shari’at nomidan gapirishga shoshilmang!

24.12.2025   3323   7 min.
Shari’at nomidan gapirishga shoshilmang!

Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.

 

Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.

21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.

Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).

Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

MAQOLA