Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2026   |   15 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:59
Quyosh
07:18
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
25 Noyabr, 2026, 15 Jumadul soni, 1448

Bemorlikka beriladigan ajrlar

12.12.2023   1586   9 min.
Bemorlikka beriladigan ajrlar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat: horg'inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g'am-g'ussami, hattoki tikan kirishmi etadigan bo'lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini (gunohlarini) kaforat qiladi”, dedilar.

Demak, musulmon kishi katta-yu kichik musibatlarga, og'ir bemorliklarga ham, tikon kirishiga ham sabr qilmog'i lozim bo'lar ekan.

Oisha roziyallohu anhoning huzurlariga u kishi Minoda turganlarida qurayshlik yoshlar kulib kirib keldi. Shunda Oisha onamiz roziyallohu anha:

“Sizlarni nima kuldirmoqda?” dedilar.

“Falonchi chodirning ipiga qoqilib,yiqilib bo'yni sinishiga va ko'zi chiqishiga sal qoldi”, dedilar.

“Kulmanglar! Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, “Qay bir musulmonga tikan kirsa yoki undan ortiq narsa etsa, albatta, unga bir daraja yozilur va bir xatosi o'chirilur, deganlarini eshitganman”, dedilar.

E'tibor bering, hadisi sharifda aytilishicha, ana shunday holga tushgan odamga Alloh taolo katta marhamat ko'rsatar ekan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unday kishi haqida: “Qay bir musulmonga tikan kirsa yoki undan ortiq narsa etsa, albatta, unga bir daraja yozilur va bir xatosi o'chirilur”, demoqdalar.

Qanday qilib Alloh taoloning ulkan marhamatiga sazovor bo'lib turgan inson ustidan uni masxara qilib kulish mumkin!? Har birimiz bu masalada juda ham ehtiyot bo'lmog'imiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni sinovga uchratur”, dedilar.

Ana o'shandek sinovlarning biri bemorlikdir. Demak, bemorlikka mubtalo bo'lgan musulmon inson o'ziga oriz bo'lgan xastalikni Alloh taolodan o'ziga nisbatan sinov deb bilmog'i lozim va sabr qilib, Alloh taoloning O'zidan shifo so'ramog'i kerak. Mo'min-musulmon odam o'ziga bemorlik etganda sabrsizlik qilish o'rniga, sabr qilib, xastalikni Alloh taolo beradigan yaxshilikdan oldingi sinov deb bilmog'i lozim. Agar o'sha sinovdan yaxshi o'tsa, unga yaxshilik ato qilinadi. Mabodo, Alloh ko'rsatmasin, sinovdan o'ta olmasa, o'zidan ko'rsin.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra shiddatliroq bemorlikka uchraydigan biror kishini ko'rmadim”.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Alloh taolo huzuridagi maqomlari ulug' bo'lganidan ham u zotga dardning shiddatlisi kelar edi.

Biror musulmon banda xastalikka chalinsa, nima uchun hadeb bemor bo'laverar ekanman, boshqalar soppa-sog' yuribdi-ku, qabilidagi gap-so'zlarga bormay Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bemorlikka uchrashlarini ko'z oldiga keltirmog'i lozim.

Bemorlikka uchrash Alloh taoloning azobiga uchrash degani emas ekan, balki ba'zi vaqtlarda, xususan, mo'min-musulmon, taqvodor odamlar uchun bemorlik darajalarining ko'tarilishi uchun xizmat qilishi ham mumkin ekan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Soibning huzuriga kirdilar va: “Ey Ummu Soib, senga nima bo'ldi, qaltirayapsan?” dedilar. “Isitma! Alloh uni barakasiz qilsin!” dedi u. “Isitmani qarg'ama. U odam bolasining xatolarini xuddi bosqon temirning zangini ketkazganidek ketkazur”, dedilar u zot alayhissalom”.

Mo'min-musulmon odam o'ziga etgan bemorlikni so'kmasligi kerak ekan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bemorlikdan qiynalayotgan bir kishini ko'rgani bordilar va unga: “Hursand bo'l! Alloh: “Bu mening olovimdir, uni gunohkor bandamga do'zaxdagi nasibasi o'rniga berurman”, deb aytadi”, dedilar.

Bu hadisi sharif bemorlikka sabr qilishning ko'plab foydalaridan yana birini bayon qilmoqda. Unda bu dunyoda tortgan dard, agar banda dardni sabr ila, Alloh taoloning hukmiga rozi bo'lib, shariatga xilof qilmay boshdan kechirsa, oxiratda bo'ladigan azob o'rniga o'tishi mumkinligi bayon qilinmoqda.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, Alloh taolo: “Qachonki bandamni ikki suyuklisi ila mubtalo qilganimda u sabr qilsa, ikkisining evaziga unga jannatni berurman”, deb aytadi”, deganlarini eshitdim”.

Bu hadisi sharifdagi “ikki suyuklisi” dan murod ikki ko'zidir.

Albatta, ikki ko'zidan ajrash yoki umuman ikki ko'zi ko'rmaydigan bo'lib tug'ilish har qanday banda uchun og'ir musibat. Shuning uchun ham bu og'ir musibatga sabr qilgan bandaga ulkan mukofot – jannat va'da qilinmoqda.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qorin xastaligi ila o'lgan shahiddir, vaboda o'lgan shahiddir”, dedilar.

Bemorliklarga sabr qilgan mo'min-musulmon bandaga bir necha xil mukofotlar va'da qilinmoqda.

gunohlarning yuvilishi;

darajalarning ko'tarilishi;

xatolarning o'chirilishi;

Alloh taolo yaxshilikni iroda qilishi;

dardning og'irligiga qarab ajrning ko'payib borishi;

dard chekib, sabr qilib tuzalgan odam gunohlardan pok bo'lishi;

tortilgan dard oxirat azobi o'rniga o'tishi;

Og'ir dardga sabr qilgan bandaning jannatga kirishiga sabab bo'lishi.

Bu erda zinhor va zinhor savob bo'lar ekan deb o'ziga xastalik tilash yoki xastalikka olib boradigan ishni qilish, qasddan davolanmay yurish mutlaqo mumkin emas.


Manbalar asosida Ho'jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi
Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   1681   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar