Sayt test holatida ishlamoqda!
27 May, 2026   |   9 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:55
Peshin
12:25
Asr
17:31
Shom
19:50
Xufton
21:22
Bismillah
27 May, 2026, 9 Zulhijja, 1447

Ikki dengiz o'rtasida to'siq bor

24.02.2022   6883   5 min.
Ikki dengiz o'rtasida to'siq bor

مَرَجَ الْبَحْرَيْنِ يَلْتَقِيَانِ. بَيْنَهُمَا بَرْزَخٌ لَا يَبْغِيَانِ

 «U ikki (xil) dengizni bir-biri bilan yonma-yon turadigan holda chiqarib qo'ydi. (Ammo) u ikkisining o'rtasida bir to'siq bo'lib, ular (o'sha to'siqdan) oshib o'tmaslar» (Ar-Rahmon surasi, 19–20-oyatlar).

Qur'oni karimda “ikki dengiz” so'zi to'rt oyatda (Kahf sura­si, 60-, Furqon surasi, 53-, Naml surasi, 61- va Ar-Rahmon surasi, 19-oyat­lar) kelgan.

Ibn Abbos roziyallohu an­hu­­mo aytadi: «Oyati karima­dagi “ikki den­giz”dan mu­rod biri, osmon­ning, ik­kinchisi, erning den­gizi­dir. Ya'ni, osmondan tushadigan yom­g'ir suvi va dengizlardir».

Mujohid va Said ibn Ju­bayr rahmatullohi alayhi­mo ham ana shunday deydi. Ha­san va Qatoda rahma­tullohi alayhimo undan murod Fors ko'rfazi va O'rta Yer dengizi, deyishgan.

Ibn Jurayj esa, oyati karimadagi “ikki dengiz”dan murod chuchuk va sho'r suvli dengizlar ekanini aytgan.

Sahl ibn Abdulloh oyati karimadagi ikki dengizdan murod yaxshilik va yomonlik yo'llari deydi.

Oyati karimada zikr etilgan “barzax” so'zi dunyo va oxirat o'rtasidagi to'siqdir. Ya'ni, dunyo va oxirat orasida Alloh belgilab qo'ygan muayyan muddat bor. Shu bois ikkala­si bir-biri bilan aralashib ketmaydi. Alloh taolo qiyomat qoim bo'lishiga amr etsa, qo'shilib ketadi. Bu haqda Infitor surasining 3-oyatida zikr qilingan: «Dengizlar qo'shilib, to'siqlar ochilganida…» (Infitor surasi, 3-oyat).

* * *

Olimlarning aniqlashicha, Fors ko'rfazida dengiz tubidan chuchuk suvli buloqlar otilib chiqadi. O'sha buloqlarning suvi dengizning sho'r suviga aralashmaydi. “Ko'kbod” nomi ila mashhur bo'lgan buloqlar g'avvoslarning joniga oro kiradi.

Alloh taolo Furqon surasida bunday marhamat qiladi: «(Alloh) ik­ki dengiz (daryo)ni bunisi juda chuchuk, unisi juda sho'r qilib oqizib qo'ygan va ularning o'rtasida to'­siq va puxta parda qilib qo'ygan Zotdir» (53-oyat).

Alloh taolo sayyoramizda chuchuk suvga nisbatan sho'r suvni ko'p yaratgan. Ummonlar va dengizlar suvini sho'r, daryolar, buloqlar, anhorlar suvini chuchuk qilgan. Daryolar suvi dengizlarga, ummonlarga quyiladi. Ammo bu bilan dengizlarning suvi chuchuk bo'lib qolmaydi. Ummonlar va dengizlardan bug'lanib samoga ko'tarilgan bulutlarning hosilasi – yomg'ir va qor suvlari chuchuk va shirin suv bo'lib, barcha mavjudot, nabotot va insoniyat uchun hayot manbaiga aylanadi.

Adan ko'rfazi bilan Qizil dengiz tutashgan Bob al-Man­dab bo'g'ozida va Atlantika okea­ni bilan Oq dengiz (O'rta Yer dengizi) tutashgan Jabali Toriq (Gibraltar) bo'g'ozida ikki dengiz suvi bir-biriga aralashmagan holda oqadi.

Mashhur dengizchi kapitan Kusto Islom dinini qa­bul qi­lib, hayotidagi eng to'g'ri ishni amalga oshirganini faxr bilan tilga oladi: “At­lantika okeani bi­lan O'rta Yer dengizi tutashgan joydagi suvning holatini tek­shirdik. Avva­lo, O'rta Yer dengizining o'zi­ga xos iliqli­gi, sho'rligi, zichligi va suvosti hayvonlarini aniqladik. Huddi shunday taj­ribani Atlantika okea­nida ham o'tkazdik. Bu ikki suv havzasi Jabali Toriq (Gib­raltar) bo'g'ozida birlashadi. Bu vaziyatda har ikki suv havzasi bir-biriga aralashib ketishi, ularning tuzlilik darajasi, harorati, zichligi va boshqa unsurlari o'zaro o'x­shash, hech bo'lmaganda, o'zaro yaqin bo'lishi kerak edi.

Holbu­ki, har ikki dengizning hatto eng yaqin qismlarida ham dengiz suvi o'ziga xosligini saqlab qolgan. Ya'ni havzalar tutashgan nuqtada bir suv pardasi ikki dengiz suvining bir-biriga aralashib ketishiga to'sqinlik qilardi. Bu holni professor Maurisi Baseylga tushuntirib berganimda, u bunda hayron qoladigan narsa yo'qligini, Qur'oni karimda bu haqda ochiq-oydin bayon etilganini aytdi. Shundan so'ng Qur'onning Alloh kalomi ekaniga imon keltirib, haq din – Islomni tanladim. Islom menga ma'naviy quvvat baxsh etdi”.

Ibn Kasirning “Tafsirul Qur'anil azim”, Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul ulum” tafsirlari hamda boshqa manbalar asosida

Tolibjon NIZOM tayyorladi.

 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi dots.nt ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi

25.05.2026   18081   1 min.
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi dots.nt ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi

2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.


Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.


Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi dots.nt ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi
Dunyo yangiliklari