Ayni kunlarda minglab yurtdoshlarimiz muqaddas zaminda Umra ziyoratini ado etishmoqda. Ularga havas qilgan yana ko'plab yurtimiz mo'min-musulmonlari muborak safar orzusida.
Allohga shukrki, yurtimiz ahlining talab va istaklarini inobatga olgan holda O'zbekiston musulmonlari idorasi va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan Umra safari uchun qulay shart-sharoitlarni hozirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, safar reyslarni oshirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar ko'rilib, natijada, shu yilning 10 fevralidan boshlab, muborak zaminga umra ibodati uchun reyslar haftaning har seshanba va shanba kunlari 3 marta, qolgan 5 kunida 2 tadan reys yo'lga qo'yildi. Shunda bir hafta davomida jami 16 marta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.
Yana bir quvonchli xabar, O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Umra qo'llanmasi” mobil ilovasi ishlab chiqildi. “Umra qo'llanmasi”da Umra safari davomida lozim bo'ladigan zarur barcha ma'lumotlar tafsilotlarigacha qisqa, sodda va lo'nda bayon etilgan.
Ma'lumki, hamma ham Umra ziyorati odoblari, bu sunnat amalni bajarish tartib-qoidalari, uning duolar haqida to'liq xabardor emas. Umrani niyat qilgan ayrim kishilar u haqda kitobdan o'qisa, kimdir ziyoratga borib kelganlardan surishtiradi. Boshqa birov esa internetu YouTube tarmoqlaridan ma'lumotlar izlab, mustaqil bilim olish payida bo'ladi. Lekin bularning barchasi kishida to'liq tasavvur uyg'otmasligi mumkin.
Pandemiya sharoitida Saudiya Arabistonida joriy etilgan yangi tartib-qoidalar, aeroport, mehmonalarda nimalarga e'tiborli bo'lish kerakligi, Umra ziyoratida qayerlarga borilishi, ziyoratgohlarning tarixi haqida ham qisqacha ma'lumotlar berilgan. Mobil ilovada muborak safar davomida zarur bo'ladigan barcha duolar audio shaklida berilgani ziyoratni mukammal ado etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilovaga batafsil to'xtaladigan bo'lsak, unda “Umra qo'llanmasi”, “Umra duolari”, “Safarga tayyorgarlik” va “Islom tarixiga oid joylar” nomli bo'limlari mavjud.
“Umra qo'llanmasi” bo'limida Umra ibodatiga oid barcha masalalar keltirilgan: “umra” so'zining ma'nosidan to uning amallari-yu sunnatlarigacha. Shu bilan birga, ziyorat qilish odoblari, muborak shahar va masjidlarning fazilatlari, muborak safar tartib-qoidalari kabi bir qator ruknlarda zarur ma'lumotlar taqdim etilgan.
Shuningdek, “Umra duolari” bobida muborak safarda muhim bo'lgan duolar batafsil bayon etilgan. Safarga tayyorgarlik ko'rishda, safar davomida, muborak shaharga kirishdagi duolar, tavof asnosida, zam-zam suvi ichganda, tabarruk joylarda, vatanga qaytishda o'qiladigan duolar kabi ellikdan oshiq duolar berilgan. Yana bir muhim jihat, bu bo'limda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan bir qatorda Abu Bakr va Hazrati Umar roziyallohu anhumoga salom berish odob va tartiblari bayon etilgan. Bu duolarni mukammal bilish ziyoratu ibodatlarni to'la-to'kis bo'lishiga omil bo'ladi.
Mazkur boblardan yana biri Islom tarixiga oiddir. Bunda safar davomida boriladigan muqaddas joylar haqida qiziq va tarixiy manbalar berilgan. Ularni o'qigan kishi muqaddas qadamjolarga oid keng tushunchaga ega bo'ladi.
Yana bir muhim bo'lim – safarga tayyorgarlik bo'limidir. Unda muborak safarga chiqmoqchi bo'lgan har bir kishiga muhim tavsiyalar, man etilgan tartib-qoidalar, ziyoratchilar e'tibor qaratish lozim bo'lgan masalalar bayon etilgan.
Shuningdek, ilovada bir qator eslatma va xizmatlar bor. Jumladan, pandemiya sharoitida Saudiya Arabistonidagi tartiblar, qaysi vaktsinalar olish zarurligi hamda ob-havo ma'lumotlari berib borilmoqda. Qolaversa, muqaddas safarga eng so'nggi reyslar qachon uchishi va qaytishi haqida ham aniq xabarlar joylangan. Bunday zamonaviy xizmatlar muborak safarga otlanganlar uchun qulaydir.
Qisqasi, ilova bilan tanishgan kishi Umra ziyorati xususida to'liq ma'lumotga ega bo'ladi. Bu esa muborak ziyoratga oldindan tayyorgarlik ko'rish va uni mukammal ado etishda o'ta muhim qadamdir.
Kezi kelganda aytish kerakki, umra safariga borib kelayotgan hamyurtlarimiz muborak ziyoratga borish yo'lga qo'yilgani, hozirlangan sharoit va xizmat ko'rsatish sifatining yuqoriligidan juda ham minnatdor bo'lishmoqda. Buning uchun Haq taologa shukronalar aytmoqdalar, Davlatimiz rahbari va bu savobli ishga mutasaddi bo'lganlar haqqiga xayrli duolar qilib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini so'rab iltijolar qilmoqdalar. Mana shu shukrona va duolar sharofati ila yurtimizda xursandchiliklar bardavom bo'lmoqda. Alloh taolo ne'matlarini bundan-da ziyoda etsin!
Alloh taolo barchamizni umra ziyoratini nasib etsin!
Umra qo'llanmasi – https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.devteam.hajjumrahguide
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati