Umr davomida eng kamida bir marta umra ibodatini ado etish sunnati muakkada hisoblanadi. Umra ibodatini yilning xohlagan vaqtida ado etish mumkin. Ya'ni umra qilish uchun aynan biror vaqt tayin qilinmagan. Ammo besh kunda – arafa kuni, iydu qurbon va undan keyingi uch kunda umra qilish makruhi tahrimiy bo'ladi. Chunki bu kunlar haj arkonlari ado etiladigan kunlardir.
Umra ibodati uchun eng afzal vaqt Ramazon oyi hisoblanadi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijratdan so'ng to'rt marta umra, bir marta haj qilganlar.
Umra ibodati Qur'oni karimda haj ibodati bilan birga zikr qilingan:
وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ
“Alloh uchun haj va umrani tugal ado eting”[1].
Ya'ni Alloh taolo haj va umrani ado qiluvchilarga: “Haj va umraning shartlarini to'kis ado etinglar. Ularni ado etish asnosida zohiriy va botiniy nuqsonlarga yo'l qo'ymanglar”, deya buyurgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra ibodati haqida shunday deganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الْعُمْرَةُ إِلَى الْعُمْرَةِ كَفَّارَةٌ لِمَا بَيْنَهُمَا وَالْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ.
رَوَاهُ مُسْلِمُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo'lgan) ikkalasining o'rtasidagi (sag'ira gunohlar)ga kafforot bo'ladi. Mabrur hajning mukofoti, albatta, jannatdir” (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda umraning fazli ya'ni, ikkita umra o'rtasidagi bandalarning haqlariga taalluqli bo'lmagan sag'ira gunohlar keyingi umra sababidan yuvilib ketishi xabar berilgan.
Umra so'zi lug'atda “ziyorat qilish” ma'nosini anglatadi. Istilohda esa “ maxsus shartlar bilan Baytullohni ziyorat qilish umra deyiladi”.
Umraning Hajdan farqlari:
– Umra farz emas, balki sunnat;
– Umraning muayyan vaqti yo'q;
– Arofatda turish yo'q;
– Muzdalifada turish yo'q;
– Shaytonga tosh otish yo'q;
– Ikki namozni jamlash yo'q;
– Hutba yo'q;
–Tavofi qudum va vido yo'q.
Umra ibodatida quydagi amallar bajariladi:
Ehrom bog'lanadi;
Ka'bani tavof qilinadi;
Safo va Marva orasida sa'yi qilinadi;
Soch to'liq oldiriladi yoki qisqartiriladi.
Ehrom bog'lash haqida
Umra qilishga kirishgan kishi miyqotdan ehromga kirishi lozim bo'ladi. Bizda hozir umrachilarga dastlab Madinani ziyorat qilish rejalashtirilgani sababli ziyoratdan so'ng umra qilish uchun Makkaga yo'lga chiqqanlarida Zulhulayfa nomli joyda ehromga kiradilar. Ushbu joyda ehromga kiruvchilar uchun barcha sharoitlar hozirlab qo'yilgan.
Ehromga kirishda quyidagi amallar qilinadi:
– G'usl qilish;
– Badanga xushbo'ylik surish (ehromga emas);
– Ikki rakat namoz o'qish;
– Talbiya aytish. (Labbaykallohumma labbayk, labbayka la shariyka laka labbayk. Innal hamda van ne'mata laka val mulk. La shariyka lak). Talbiyani har aytishda uch martadan aytish mustahab bo'ladi. To tavofni boshlagunicha imkon qadar ko'proq talbiya aytishga harakat qilinadi.
Ehromga kirgandan so'ng quydagi ishlarni qilish mumkin bo'lmaydi:
Erkaklar uchun odatdagi tikilgan kiyimni kiyish, boshni yo yuzni uzrsiz yopib yurish;
Soch, soqol, yoki boshqa biror a'zosining tuklarini uzrsiz olish;
Qo'llarining yoki oyoqlarining tirnoqlarini olish;
O'pish va quchoqlashga o'xshash narsalardan birini shahvat bilan qilish;
Biror a'zosiga uzrsiz xushbo'y surish.
Agar ushbu ishlardan birortasi to'liq bajarilsa, masalan, to'liq bir kecha yo bir kunduz tikilgan kiyim kiyib yursa, yoki bir qo'li yo bir oyog'ining tirnoqlarini bir o'tirishda to'liq olib qo'ysa, bir qo'y so'yish vojib bo'lib qoladi.
Ammo mazkur ishlardan birortasini to'liq qilmasdan sodir etsa, masalan, tirnoqlaridan birini olib qo'ysa, yoki biror a'zosiga to'liq qilmasdan xushbo'y surib qo'ysa, 2 kg bug'doy yoki uning qiymatini sadaqa qilish shart bo'lib qoladi.
Umra qiluvchilar ado etayotgan amallari ibodat ekanini doimo yodda tutishlari va uni kamchiligu nuqsonlarsiz bajarishga astoydil harakat qilishlari lozim bo'ladi.
Ka'bani tavof qilish haqida
Ka'bani tavof qilish umraning ruknlaridan biri bo'lib, tavofdan oldin umra uchun ehromga kirgan bo'lish shartdir. “Tavof” so'zi “aylanib chiqish” ma'nosini anglatadi. Istilohda esa: “Ka'bani 7 marta aylanib chiqish tavof deb ataladi”. Tavofda to'rtta aylanish farz, qolgan uchtasi vojib hisoblanadi.
Tavof “Hajarul asvad”ning ro'parasidan boshlanadi. Ka'bani aylanib tavofni boshlagan joyiga kelganda bir tavof hisoblanadi. “Hajarul asvad”ning ro'parasiga kelganda “Bismillahi vallohu akbar” deya imkoni bo'lsa, “Hajarul asvad” o'piladi, agar boshqalarga ozor berish xavfi bo'ladigan bo'lsa, qo'li bilan unga ishora qilinadi va o'sha qo'l o'piladi, so'ngra ikkinchi tavofga kirishiladi.
Tavofning vojiblari:
Tavofni “Hajarul asvad”dan boshlash;
Chap elkasini Ka'ba tarafga qilib tavof qilish;
Satri avrat;
Qodir kishining o'zi piyoda yurishi;
“Hatiym”ning orqasidan tavof qilish;
Tavofni 7 marta qilish;
Tahoratli bo'lish;
Tavofdan keyin 2 rakat namoz o'qish[2].
Tavofning sunnatlari:
Erkaklar uchun ehromni o'ng qo'ltig'ining tagidan va chap elkadan olib o'rash;
Erkaklar uchun avvalgi 3 tavofda qadamini kichik olib tez yurish;
Imkon bo'lsa “Hajarul asvad”ni o'pish.
Safo va Marva orasida sa'y qilish haqida
Safo va Marva orasida sa'y qilish vojib amal hisoblanadi. Sa'y Safodan boshlanadi. Marvaga borish bir, qaytib Safoga kelish ikkinchi sa'y hisoblanadi. Shu tarzda davom etib sa'y Marvada nihoyalanadi.
Safoga chiqayotgan paytda quyidagi duoni o'qish mustahab hisoblanadi:
بِاسْمِ اللهِ وَالصَّلاَةُ عَلَى رَسُولِ اللهِ اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ وَأَدْخِلْنِي فِيِهَا
“Allohning nomi bilan boshlayman, Allohning elchisiga salovot bo'lsin. Ey Allohim, menga rahmating eshiklarini ochgin va meni ularga kiritgin!”.
Marvaga yurib ketayotganida quyidagi duoni o'qib ketishi mustahab bo'ladi:
رَبِ اغْفِرْ وارْحَمْ وَ تَجَاوَزْ عَمَّا تَعْلَمْ إِنَّكَ أَنْتَ الْأَعَزُّ الْأَكْرَمُ
“Robbim, meni mag'firat etgin va rahm qilgin (gunohlarimni) O'zing bilib turibsan ularni afv qilgin. Albatta, Sen eng aziz, eng karamli zotsan”.
Safo va Marvaning ustida chiqqanda quyidagi duoni o'qish mustahab bo'ladi:
اَللهُ أَكْبَرُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شِرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِي وَ يُمِيتُ وَ هُوَ حَيٌّ لاَ يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَلاَ نَعْبُدُ إِلاَّ إِيَّاهُ
“Alloh buyukdir, yolg'iz Allohdan o'zga iloh yo'qdir. Uning sherigi yo'qdir, barcha mulk va barcha hamdu sanolar Unikidir. Hayot beradigan ham, hayotni oladigan ham Udir. U hech qachon o'lmaydigan doimiy tirikdir. Barcha yaxshiliklar Uning qo'lidadir. U barcha narsaga qodirdir. Allohdan o'zga iloh yo'qdir. Faqatgina Unga ibodat qilamiz”.
Sa'yning vojiblari:
Tavofdan keyin qilish;
7 marta sa'y qilish;
Qodir kishining o'zi yurishi;
Safodan boshlash.
Sa'yning sunnatlari:
Tavofning orqasidanoq qilish;
Tahoratli bo'lish;
Tahlil, takbir aytish, duo qilish.
Soch oldirish yoki qisqartirish haqida
Sochni to'liq oldirish yoki qisqartirish vojib amallardan hisoblanadi. Qisqartirish deganda boshdagi barcha sochlarni barmoq uchi miqdorida qisqartirish tushuniladi. Qisqartirishda boshdagi barcha sochlarni qisqartirmasdan faqatgina ba'zilarini qisqartirib qo'yish erkaklar uchun makruh hisoblanadi. Agar boshning to'rtdan biri miqdoridan kam joyi qisqartirilsa vojib ado etilmagan bo'ladi va qo'y so'yish vojib bo'lib qoladi. Boshida umuman sochi yo'q odamlar boshning to'rtdan biriga ustara yurg'izib qo'yishlari sunnat bo'ladi.
Ayollarga esa sochlaridan barmoq uchi miqdorida qisqartirishlari lozim bo'ladi. Ayollarning sochlarini to'liq oldirishlari harom hisoblanadi. Chunki bu tabiy xilqatni o'zgartirishga o'xshash bo'lib qoladi.
Soch oldirayotgan paytda quyidagi duoni o'qish mustahab bo'ladi:
اللَّهُمَّ هَذِهِ نَاصِيَتِي بِيَدِكَ فَاجْعَلْ لِي بِكُلِّ شَعْرَةٍ نُورً يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَامْحُ عَنِّي بِهَا سَيِّئَةً وَارْفَعْ لِي بِهَا دَرَجَةً اَللَّهُمَّ بَارِكْ فِي نَفْسِي وَ تَقَبَّلْ مِنِّي اَلللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي وَلِلْمُحَلِّقِينَ وَالْمُقَصِّرِينَ يَا وَاسِعَ الْمَغْفِرَةِ
“Ey Allohim, ushbu peshona sochim Sening qo'lingdadir. Qiyomat kunida har bir soch tolam miqdorida menga nur bergin va ularning har biri miqdorida mendan bir gunohni yo'q qilgin, ularning har biri miqdorida darajamni ko'targin. Ey Allohim, meni barakotli qilgin, mendan qabul qilgin. Ey Allohim, meni, sochlarini to'liq oldirganlarni va qisqartirganlarni ham barchalarini mag'firat qilgin. Ey mag'firati cheksiz Zot”.
Soch oldirilgandan so'ng umra ibodati nihoyasiga etgan bo'ladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra qiluvchilar ham hojilar singari Alloh taoloning “mehmoni” bo'lishdek sharafga ega bo'lishlarini xabar berganlar:
نْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ الْحُجَّاجُ وَالْعُمَّارُ وَفْدُ اللَّهِ إِنْ دَعَوْهُ أَجَابَهُمْ وَإِنْ اسْتَغْفَرُوهُ غَفَرَ لَهُمْ.
رَوَاه ابْنُ مَاجَه
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag'firat so'rasalar ularni mag'firat qiladi” (Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Ulamolar: “Umra qilgan kishining yaxshi holatga o'zgarishi, qilgan umrasining maqbul bo'lgani alomatidir”, deganlar.
Abdulqodir Abdur Rahim
[1] Baqara surasi, 196-oyat.
[2] Tavofdan keyingi 2 rakat namozni “Maqomi Ibrohim”da o'qish mustahab, agar imkoni bo'lmasa boshqa joylarda o'qiydi. Ushbu namozda 1-rakaatiga “Kafirun”, 2-rakaatiga “Ixlos” suralarini zam qilish afzal.
O'MI Matbuot xizmati
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM