"Mahalla xalq bilan davlat o'rtasidagi ko'prik bo'lishi kerak.
Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo'lish mahallaning asosiy vazifasidir"
Shavkat Mirziyoev.
"Mahalla» atamasi arabcha bo'lib, «o'rin-joy», qavm yoki jamoat ittifoqlikda, o'zaro bir-birlarini qo'llab – quvvatlab yashaydigan joyni anglatadi. Adabiyotlarda Mahallalarning ko'p ming yillik tarixga ega ekanligi haqida ma'lumotlar uchraydi. Alisher Navoiy o'zining «Hayratul abror» asarida Mahallani «mahalla shahar ichidagi shaharcha»dir deb ta'riflaydi.
Mahalla kichik ma'muriy hudud bo'lishi bilan birga, turmush tarzi, qadriyatlar, an'analar, urf-odatlar umumiyligi bilan bog'langan kishilar jamoasi birligidir. Tarixning turli bosqichlarida davrlar, tuzumlar o'zgarishiga qarab Mahallaning vazifalari ham o'zgarib turgan.
Mahallaning asosiy vazifalari: marosimlarni birgalikda o'tkazish, o'z hududini batartib saqlash va obodonlashtirish, yosh avlodni ijtimoiy ruhda tarbiyalash, jamiyat hayotida tartib saqlanishini ta'minlash, barcha an'anaviy me'yorlarning bajarilishi ustidan nazorat o'rnatish, urf-odatlarga rioya qilish va ularni buzgan, jamoat majburiyatlaridan bo'yin tovlaganlarni jazolashdan iborat bo'lgan. Mahalla rahbariyati ariq-hovuzlarni tozalash, ko'chalar, yo'llar qurish va Mahalla obodonchiligi bilan bog'liq boshqa jamoat ishlarini uyushtirganlar. Bu ishlarning barchasi birgalikda hashar yo'li bilan amalga oshirilgan.
Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo'g'ini hisoblanadi.
Mahalla-ko'y, qo'ni-qo'shnilar yaxshi-yomon kunlarda, quvonchli to'ylarda, boshga o'lim musibati tushgan og'ir damlarda kuningizga birinchi bo'lib yaraydilar.
Mahallalarda turli toifa insonlar yashaydi. Ularning orasida o'ziga to'q, boy-badavlat oilalar qatorida, orzu-umidlari boshqalardan kam bo'lmagan, ammo ularni amalga oshirish uchun qo'llari kaltalik qiladigan, o'g'il-qizlari allaqachon voyaga etgan, ammo ularni uylash yoki uzatish uchun to'y xarajati o'ylantirib qo'yadigan oilalar ham bor. Islom ana shunday muhtojlar holidan xabar olib, ularga iktisodiy yordam berish majburiyatini o'ziga to'q, badavlat insonlar zimmasiga yuklagan. Bunday kishilar o'z ixtiyorlari va islom majburiyati asosida farzandlari voyaga etgan mahalladoshlari huzuriga kirishlari va ularning qanday kamchiliklari bo'lsa, imkon darajasida yordam berishlari kerak.
Ma'lumki, mahallada yaxshi qo'ni-qo'shnichilikning ahamiyati katta. Bo'lajak kelin yoki kuyovlarning kimligini ota-onalar mahalla kattalaridan surishtiradi. Sovchilar ham bo'lajak kelin yoki kuyov uyiga borishdan oldin qo'shnilariga uchrashadi, ularning bergan xolis bahosiga qarab ish tutishadi. Holislik muhim ahamiyatga ega. Qo'shnilar bunday ishonch va imkoniyatdan o'z qo'shnisidan qasos olish, bo'ladigan xayrli ishlarni orqaga surish, qachonlardir tasodifan bo'lib o'tgan, ammo barchaning yodidan ko'tarilib ketgan arazlarni eslash, bo'ladigan ishni chakimchilik bilan to'xtatish kabi g'ayriinsoniy odatlar yo'lida foydalanmasliklari kerak. "Har kim ekkanini o'radi", degan maqolga asosan, hayotda kim birovga yaxshilik qilsa, o'zi ham yaxshilik ko'radi. Kim birovga yomonlik kilsa, shubhasiz, yomonlik ko'radi.
Mahallada tabiat muxofazasiga hissa qo'shish kerak. Alloh taolo insonni yaratib, unga ruh bilan birga aqlu idrok baxsh etgan, Yerni, undagi barcha yaratilgan narsalarni insonga omonat topshirib, uni ehtiyot qilish, barcha narsalarni: maxluqlar, mavjudotlar, suv, havoni avaylab-asrashdek katta mas'uliyatni yuklagan. Bu mas'uliyatni esa inson oldindan bajarib keladi. Tabiatni muhofaza qilish Islom dinining asosiy ta'li-motlaridan biri hisoblanib, barchamizga yashayotgan joy-larimizning toza, ozoda bo'lishi, ichimlik suvimizning beguborligi, o'zimizning esa pokiza yurishimizni buyu-radi. Asrlar bo'yi odamlar ariq, daryo va dengiz suvlarini pokiza saqlashni burchlari deb bilishgan: "U sizlar uchun Yerni poyandoz, osmonni "bino" qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifa-tida mevalar undirdi..." (Bakara, 22).
Tevarak-atrof, er, suv, xavo birmuncha ifloslanib inson salomatligiga zarar etkazmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muxofaza qilib sog'lom avlod uchun kurashish esa barcha mo'min – muslmonlarning vazifasi bo'lmog'i lozim. Maxalladagi daraxtlarni sindirishlariga, xovli supurindilarini anxorga tashlashlar, ichimlik suvini isrof qilish, maxalla ko'chalarida daraxt barglari va chiqindi-axlatlar yondirilishiga yo'l qo'ymasligi uchun butun maxalla axli kurashishi kerak. Maxallada qo'shnilar bilan insoniylik nuqtai nazaridan muomala qilish kerak. Maxalladosh qo'shnilar orasida qarindoshlari, begonalari va boshqa din vakillari xam bo'lishi mumkin. Maxallaning kuchi birlikda, xushyorlikda, ogoxlikdadir. Shunday ekan yurtimiz obod, maxallalarimiz faravon bo'lsin.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tumani Imom Sulton jome masjidi imom xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
VAQT QADRI VA UNDAN UNUMLI FOYDALANISH
Ba’zi insonlarda sog‘lom hayot kechirish uchun har kuni albatta sakkiz soat uxlash kerak, degan tushuncha bor. Ammo aslida uyqu miqdori har bir insonning holati, ehtiyoji va organizmiga bog‘liq. Asosiy maqsad — ma’lum bir soatni to‘ldirish emas, balki tetik va faol holatda uyg‘onishdir.
Kimdir olti soat uxlab ham kun davomida samarali faoliyat olib borishi mumkin, boshqa birovga esa ko‘proq dam olish kerak bo‘ladi. Muhimi — inson uyqusini tartibga solishi va vaqtini qadrlashi lozim.
ULUG‘ ZOTLAR HAYOTIDAN NAMUNALAR
Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh bir kitobdan charchasa, boshqasiga o‘tar, uyqusi kelganda esa o‘zini suv bilan sergaklashtirib, yana ilm bilan mashg‘ul bo‘lar edi.
Mufassir Alusiy rahmatullohi alayh kechalari tafsir yozar, kunduzlari esa dars berar edilar. Uning ilmiy merosi qanchalik ulkan ekani bu mehnatning samarasidir.
VAQTNI BЕHUDA SARFLAMASLIK
Inson hayotida eng qimmatli boylik — vaqtdir. Pulni yo‘qotgan odam uni qayta topishi mumkin, ammo o‘tgan vaqt hech qachon qaytmaydi.
Imom Hofiz Munziriy rahmatullohi alayh haqida aytadi: “Men kechayu kunduz ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan, hatto ovqatlanayotganda ham ilmdan uzilmaydigan insonlarni ko‘rdim”.
BO‘Sh VAQTNI TO‘G‘RI BOSHQARISH
Ba’zan inson bir necha daqiqa dam olish uchun o‘tiradi, ammo bu vaqt sezilmay soatlarga aylanib ketadi. Natijada umrning katta qismi foydasiz ishlarga sarflanadi.
Shuning uchun har bir inson: “Men sarflayotgan bu vaqtim menga yoki boshqalarga qanday foyda keltiradi?” deb o‘zidan so‘rashi kerak. Agar javob bo‘lmasa, u ishdan voz kechish afzal.
VAQTDAN FOYDALANISHGA ZAMONAVIY MISOL
Ba’zi rivojlangan jamiyatlarda insonlar hatto qisqa kutish vaqtlaridan ham unumli foydalanishga odatlangan. Masalan, transportda, navbatda yoki uchrashuv boshlanishini kutayotganda ular kitob o‘qiydi, rejalar tuzadi yo biror ish bilan shug‘ullanadi.
Bu yangi odat emas. Aslida bu – musulmon ulamolari asrlar davomida amal qilgan tamoyildir.
HAR BIR YIG‘ILISH FOYDALI BO‘LSIN
Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayhi Asmoiyga bunday nasihat qilgan: “Agar biror joyga borishing ilm olish, yaxshilik qilish yoki foydali maqsad uchun bo‘lsa — bor. Ammo behuda suhbat, g‘iybat va vaqtni isrof qilish uchun bo‘lsa — undan saqlan”.
Insonning uchrashuvlari ham, suhbatlari ham foydali bo‘lishi kerak. Ovqatlanish, mehmonchilik, do‘stlar bilan uchrashish — barchasi yaxshi niyat va foydali maqsad bilan bo‘lsa, qadrlidir.
XULOSA
Ulug‘ insonlarning hayoti bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: Vaqt – Alloh bergan eng katta ne’matlardan biri. Uni qadrlagan inson dunyosi va oxirati uchun katta yutuqlarga erishadi.
Shuning uchun har bir lahzamizni ilm, ibodat, mehnat va foydali ishlar bilan bezashga harakat qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD