Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

Qur'oni karimning to'rtdan biriga teng sura

16.02.2022   8443   6 min.
Qur'oni karimning to'rtdan biriga teng sura

«(Ey Muhammad) ayting: “Ey kofirlar! Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar. Men sizlar ibodat qilgan narsaga ibodat qiluvchi emasman. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar. Sizlarning diningiz sizlar uchun, mening dinim men uchundir» (Kafirun surasi, 5-oyat).

Oyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ma'lum kofirlar zikr qilingan. Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga ularning imon keltirmasliklarini bildirdi.

Rivoyat qilinishicha, qurayshliklardan bir guruhi: “Ey Muhammad, kel dinimizga ergash, biz ham diningga ergashamiz. Olihalarimizga bir yil ibodat etsang, Ilohingga bir yil ibodat qilamiz”, deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Shirk keltirishdan Rabbim asrasin”, dedilar. Qurayshliklar: “Olihalarimizdan birini istilom etsang (o'psang), seni tasdiqlab Ilohingga ibodat qilamiz”, deyishdi. Ana shundan so'ng Kafirun surasi nozil bo'ldi. Ertasi kuni qurayshliklar Masjidul haromda to'planishganda Nabiy alayhissalom ularga surani o'qib berganlarida barchalari noumid bo'lishdi.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Qurayshliklar Nabiy alayhissalomga: “Senga mol-dunyo beramiz, Makkaning eng boy kishisiga aylanasan. Istagan ayolingga uylantirib qo'yamiz. Ortingdan soyadek ergashamiz. Evaziga olihalarimizni ayblashdan to'xtaysan. Agar bunga rozi bo'lmasang, boshqa bir oqilona taklifimiz bor. Unda senga ham, bizga ham foyda bor. Bir yil bizning Lot va Uzzoga ibodat qilasan. So'ng biz Ilohingga bir yil ibodat qilamiz”, deyishdi. Ana shundan so'ng sura nozil bo'ldi».

“Ibodat qilmasman”, ya'ni sizning Ilohlaringizga kelgusida ibodat qilmasman. Siz ham Ilohimga ibodat etuvchi emassiz. “Men sizlar ibodat qilgan narsaga ibodat qiluvchi emasman”. Men oldin (ya'ni vahiy kelmasidan ilgari) ham butlarga ibodat etmaganman. Endi nima uchun ularga topinay? “Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar”, ya'ni: “Men botilga, siz esa haqqa ibodat etuvchi emassiz”. “Sizlarning diningiz sizlar uchun, mening dinim men uchundir”Men sizlarga yuborilgan haq payg'ambarman. Sizni haqqa va najotga chaqiraman. Agar mendan shariatni qabul qilmas, ergashmas ekansiz, u holda meni o'z holimga qo'ying, shirkka chaqirmang.

“Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman” oyatining takror kelishiga sabab mushriklar talablarini bir necha bor arz etishdi. Ya'ni: “Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga” bir on ham “ibodat qilmasman”“Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga” bir on ham “ibodat qiluvchi emassiz”». «Kelajakda: “Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman”. Shuningdek, kelajakda: “Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassiz”».

Ibn Abbos va Ikrima roziyallohu anhumo sura Makkada nozil etilgan, deyishadi. Qatoda va Zahhok rahimahullohning fikriga ko'ra u madaniydir. Anas ibn Molik rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kafirun surasi Qur'onning to'rtdan biriga teng”, deb marhamat qildilar» (Imom Termiziy rivoyati). Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Safarlarining birida Nabiy alayhissalom sahobalar bilan bomdod namozini o'qidilar. Uning rakatlarida Fotiha surasidan so'ng Kafirun va Ixlos surasini o'qidilar. So'ng: “Men sizga Qur'onning uchdan bir va to'rtdan bir qismini o'qib berdim”, deb marhamat qildilar». Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy alayhissalom: “Ey Jubayr, safarga chiqqaningda xamrohlaring orasida eng ko'rkami va yo'l ozuqasi ko'pi bo'lishni istaysanmi?” deb so'radilar. Men: “Albatta, xohlayman”, dedim. Shunda u zot alayhissalom: “Mana shu beshta: Kafirun, Nasr, Ixlos, Falaq va Nos suralarini o'qi. Qiroatingni “Bismillahir rohmanir rohim” bilan boshlagin”, dedilar. Jubayr aytadi: “Allohga qasam, ko'p mol-mulk egasi emasdim. Qachon safar qilsam, eng ko'rimsiz va ozuqasi kam kishi men bo'lardim. Shu suralarni o'qishim bilan galdagi safarimdan qaytgunimga qadar sheriklarimning eng ko'rkami hamda yo'l ozuqasi eng ko'pi aylandim”». Farva ibn Navfal Ashja'iy aytadi: «Bir odam Payg'ambarimiz alayhissalomga: “Menga nasihat qiling”, dedi. U zot alayhissalom: “Uyqudan odin Kafirunni o'qi. Bu sura shirkdan poklanishdir”, dedilar». Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Qur'oni karimda shaytonni eng ko'p g'azablantiruvchi undan boshqa sura yo'q. Chunki u tavhid. Shuningdek, shirkdan poklovchidir”, deb aytgan.

Imom Zamaxshariy va Imom Qurtubiy tafsirlari asosida

Ismoil NURIMON tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2019 yil, 24-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   36960   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari