«(Ey Muhammad) ayting: “Ey kofirlar! Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar. Men sizlar ibodat qilgan narsaga ibodat qiluvchi emasman. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar. Sizlarning diningiz sizlar uchun, mening dinim men uchundir» (Kafirun surasi, 5-oyat).
Oyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ma'lum kofirlar zikr qilingan. Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga ularning imon keltirmasliklarini bildirdi.
Rivoyat qilinishicha, qurayshliklardan bir guruhi: “Ey Muhammad, kel dinimizga ergash, biz ham diningga ergashamiz. Olihalarimizga bir yil ibodat etsang, Ilohingga bir yil ibodat qilamiz”, deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Shirk keltirishdan Rabbim asrasin”, dedilar. Qurayshliklar: “Olihalarimizdan birini istilom etsang (o'psang), seni tasdiqlab Ilohingga ibodat qilamiz”, deyishdi. Ana shundan so'ng Kafirun surasi nozil bo'ldi. Ertasi kuni qurayshliklar Masjidul haromda to'planishganda Nabiy alayhissalom ularga surani o'qib berganlarida barchalari noumid bo'lishdi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Qurayshliklar Nabiy alayhissalomga: “Senga mol-dunyo beramiz, Makkaning eng boy kishisiga aylanasan. Istagan ayolingga uylantirib qo'yamiz. Ortingdan soyadek ergashamiz. Evaziga olihalarimizni ayblashdan to'xtaysan. Agar bunga rozi bo'lmasang, boshqa bir oqilona taklifimiz bor. Unda senga ham, bizga ham foyda bor. Bir yil bizning Lot va Uzzoga ibodat qilasan. So'ng biz Ilohingga bir yil ibodat qilamiz”, deyishdi. Ana shundan so'ng sura nozil bo'ldi».
“Ibodat qilmasman”, ya'ni sizning Ilohlaringizga kelgusida ibodat qilmasman. Siz ham Ilohimga ibodat etuvchi emassiz. “Men sizlar ibodat qilgan narsaga ibodat qiluvchi emasman”. Men oldin (ya'ni vahiy kelmasidan ilgari) ham butlarga ibodat etmaganman. Endi nima uchun ularga topinay? “Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar”, ya'ni: “Men botilga, siz esa haqqa ibodat etuvchi emassiz”. “Sizlarning diningiz sizlar uchun, mening dinim men uchundir”. Men sizlarga yuborilgan haq payg'ambarman. Sizni haqqa va najotga chaqiraman. Agar mendan shariatni qabul qilmas, ergashmas ekansiz, u holda meni o'z holimga qo'ying, shirkka chaqirmang.
“Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman” oyatining takror kelishiga sabab mushriklar talablarini bir necha bor arz etishdi. Ya'ni: “Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga” bir on ham “ibodat qilmasman”. “Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga” bir on ham “ibodat qiluvchi emassiz”». «Kelajakda: “Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman”. Shuningdek, kelajakda: “Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassiz”».
Ibn Abbos va Ikrima roziyallohu anhumo sura Makkada nozil etilgan, deyishadi. Qatoda va Zahhok rahimahullohning fikriga ko'ra u madaniydir. Anas ibn Molik rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kafirun surasi Qur'onning to'rtdan biriga teng”, deb marhamat qildilar» (Imom Termiziy rivoyati). Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Safarlarining birida Nabiy alayhissalom sahobalar bilan bomdod namozini o'qidilar. Uning rakatlarida Fotiha surasidan so'ng Kafirun va Ixlos surasini o'qidilar. So'ng: “Men sizga Qur'onning uchdan bir va to'rtdan bir qismini o'qib berdim”, deb marhamat qildilar». Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy alayhissalom: “Ey Jubayr, safarga chiqqaningda xamrohlaring orasida eng ko'rkami va yo'l ozuqasi ko'pi bo'lishni istaysanmi?” deb so'radilar. Men: “Albatta, xohlayman”, dedim. Shunda u zot alayhissalom: “Mana shu beshta: Kafirun, Nasr, Ixlos, Falaq va Nos suralarini o'qi. Qiroatingni “Bismillahir rohmanir rohim” bilan boshlagin”, dedilar. Jubayr aytadi: “Allohga qasam, ko'p mol-mulk egasi emasdim. Qachon safar qilsam, eng ko'rimsiz va ozuqasi kam kishi men bo'lardim. Shu suralarni o'qishim bilan galdagi safarimdan qaytgunimga qadar sheriklarimning eng ko'rkami hamda yo'l ozuqasi eng ko'pi aylandim”». Farva ibn Navfal Ashja'iy aytadi: «Bir odam Payg'ambarimiz alayhissalomga: “Menga nasihat qiling”, dedi. U zot alayhissalom: “Uyqudan odin Kafirunni o'qi. Bu sura shirkdan poklanishdir”, dedilar». Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Qur'oni karimda shaytonni eng ko'p g'azablantiruvchi undan boshqa sura yo'q. Chunki u tavhid. Shuningdek, shirkdan poklovchidir”, deb aytgan.
Imom Zamaxshariy va Imom Qurtubiy tafsirlari asosida
Ismoil NURIMON tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2019 yil, 24-sonidan
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati