Mana, qish fasli ham kirib keldi. Bu fasl mo'min-musulmonlar to'yib-to'yib ibodat qilib olishlari, ro'za tutishlari, tunlarni bedor o'tkazishlari uchun qulay fursatdir.
Abu Said Hudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qish mo'minning bahoridir. Kunduzi qisqa bo'ladi, ro'za tutib oladi. Kechasi uzun bo'ladi (tahajjudga) turadi”, deb marhamat qildilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taolo oyati karimada marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o'rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir. Ular turib ham, o'tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) “Ey Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok Zotdirsan. Bas, bizni do'zax azobidan saqlagin!”» (Oli Imron surasi, 190–191-oyatlar).
Sahobalar roziyallohu anhum qish kelishi bilan xursand bo'lishar, odamlarni ham qish kunlarini g'animat bilishga targ'ib etishardi. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Qish fasli xush kelibdi. Unda baraka nozil bo'ladi, kechalar tahajjud uchun uzayadi, kunduzlar ro'za uchun qisqaradi”.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Ha, mo'mining unumli mavsumi qishdir. Uning kechasi uzun, namoz o'qiydi, kunduzi qisqa, ro'za tutadi”, degan.
Ubayd ibn Umayr rahimahulloh qish fasli kelganida: “Ey Qur'on ahli! Qiroatlaringiz uchun tun uzaydi, Qur'onni o'qinglar. Ro'zalaringiz uchun kunlar qisqardi, ro'za tutinglar”, derdi.
Imom Termiziy rahimahulloh “Sunan”ida Omir ibn Mas'uddan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Qishda tutilgan ro'za salqin o'ljadir”, deb marhamat qilganlar. Ulamolar “salqin o'lja”ning ma'nosi: “engil, sababi ro'zadorga qishda tashnalik etmaydi”, deb sharhlashgan. Ibn Rajab rahimahulloh: “Qishdagi qiyomul layl (ya'ni namoz o'qish bilan bedor bo'lish), yozda ro'za tutish bilan barobardir”, degan. Umar roziyallohu anhu: “Qish obidlarning o'ljasidir”, degan (Abu Naim rivoyati).
Ibn Rajab aytadi: “Qish mo'minning bahori bo'lishining sababi ushbu fasl mo'minni ibodat bo'stonida rohatlantiradi, maydonida sayr qildiradi. Mol-ko'l amallar gulshanida qalbini poklaydi”.
Ibodat lazzatini tuyganlar uchun qish fasli g'animatdir. Alloh taolo jannat ahlini sifatlab, bunday marhamat qiladi: “(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar” (Zoriyot surasi, 17-oyat). Demak, ular kechalari odamlar uyquda ekanida o'qigan namozlari sabab, oxiratda jannatga musharraf bo'lishar ekan.
Salaflardan biri tungi namozlarida yig'lardi. Shunday kechalarning birida undan: “O'limdan qo'rqib yig'lamoqdamisan?” deb so'rashadi. U: “Men yig'lamay kim ham yig'lasin. Allohga qasam, men o'limdan xavfsirab yoki dunyoingizga qiziqib yig'layotganim yo'q. Balki yoz kunlardagi chanqoqni hamda qish kechalarining qiyomini sog'inib yig'lamoqdaman”, deya javob beradi.
Albatta, ibodatda lazzat bor. Kim ushbu lazzatni yo'qotsa, haqiqatan, u mahrum bo'libdi.
Alloh taolo barchamizga zamharir qishni g'animat bilishni nasib etsin.
Abduqahhor domla YuNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari