Jamoat bo'lib duo qilish haqida Habib ibn Maslama al-Fehriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir qavm jamlansa, ba'zisi duo qilsa va qolganlari “Omiyn”, desa, albatta Alloh ularni ijobat qiladi”, dedilar (Imom Hokim, Imom Tabaroniy rivoyati).
“Kashful qino'” kitobida quyidagilar aytilgan: “Imom Bomdod va Asrdan keyin o'sha paytda farishtalar hozir bo'lishi e'tiboridan duo qiladi. Qavm“Omiyn”, deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo'ladi. Shuningdek, mazkur ikkisidan boshqa namozlarda ham duo qiladi. Chunki farz namozidan keyingi payt duo qabul bo'ladigan vaqtlardandir”.
Shuningdek, namozdan keyin Qur'on tilovat qilish ham savobli amallardan sanaladi. Qur'on o'quvchiga ulkan savoblar, buyuk fazllar xabarini berganidek, uni tinglovchiga ham ana shunday go'zal ajr hamda ulug' mukofotlar bordir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohning kitobidan bir oyat tinglagan kishiga ziyoda yaxshiliklar yoziladi, Allohning kitobidan bir oyat tilovat qilgan kishiga Qiyomat kunida nur bo'ladi”.
Imom Lays ibn Sa'd aytadilar: “Hech kim Qur'on tinglovchidan ko'ra tezroq rahmatga erishmaydi. Chunki Alloh taolo: “Qur'on tilovat qilinganda, uni tinglang va jim turinglar, shoyad, rahmatga erishsangiz” deb marhamat qilgan”.
Hanafiy ulamolarimiz kishining Qur'on tinglashi o'zi qiroat qilishidan afzaldir, deyishadi. Chunki tinglovchi Qur'on tinglashi bilan farzni ado qiladi. Qur'on qiroati esa, farz emas.
Hanafiy olimi Abu Su'ud rahmatullohi alayh: “Qur'on tinglash qiroat qilishdan savobliroqdir, chunki tinglash farz, qiroat farz emas”, deganlar.
“Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati