Bangladeshlik sakkiz yoshli bolakay qisqa vaqtda Qur'oni karimni to'liq yod olishga muvaffaq bo'ldi.
IQNA saytining “Daily Bangladesh” nashriga tayanib ma'lum qilishicha, Bangladeshlik sakkiz yoshli Abdulloh al-Fahiym 105 kun ichida Qur'oni karimni yod olishga muvaffaq bo'lgan.
U Chattogramdagi “Ne'mat Nur” jome masjidida Bangladeshning Qur'oni karimni yod olish bo'yicha xalqaro tanlovida qatnashib, o'z iste'dodini namoyon etdi.
Al-Fahiym oilaning to'ng'ich o'g'li, uning ikki ukasi va bir singlisi bor. U Qur'on xotirasi uchun “Hidoyat an-Nur” markazida tahsil oladi va Abdulloh al-Fahiym islom olimi, hofizul Qur'on bo'lishni rejalashtirgan. Uning otasi Salimulloh Jahongir Bangladeshning Chattogram tumanidagi “Uxiya” masjidining imom-xatibidir .
Yosh qorining ustozi Hofiz Shuayb-ul-Islom Sohaylning aytishicha, bu iqtidorli bola bor-yo'g'i uch yarim oyda Qur'oni karimni to'liq yod olgan.
Al-Fahiym, shuningdek, o'z mamlakatidagi eng yirik Qur'oni karim musobaqasida ishtirok etganidan xursandligini bildirdi va Islomni yoyishda otasining yo'lini davom ettirishga umidini bildirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati