O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Toshkent shahri «Oltintepa» jome masjidida shu yil 4 fevral' kuni bo'lib o'tgan juma suhbatida insonlarning kamchiligini dinga bog'lamaslik haqida shunday dedilar.
“Islom dini Alloh tomonidan har bir inson dunyo va oxiratda saodatli bo'lishi uchun yuborilgan katta ne'mat. Din bekamu ko'st, benuqson bo'ladi. Biror kim o'ylab topgan yoki ijod qilib yozgan emas. Holiqimiz, Robbimiz tomonidan bizga in'om qilingan. Bu din johiliyat davridan saodat zamoniga o'tkazish uchun yuborilgandir.
Agar qayerdadir, kimlardir bu borada kamchilikka yo'l qo'yayotgan bo'lsa, bu shaxslarning kamchiligi, dinniki emas. Hato qilgan bo'lsak, noo'rin gapirib qo'ygan bo'lsak, yanglish fatvo bergan bo'lsak, Alloh bizni kechirsin. Lekin shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda musulmon birodarlarimiz xatosini ko'tarib chiqib, butun islom ummatining xatosiga yo'yish holatlari qalbimizga ozor bermoqda.
Shuni bilish muhimki, qayerlardadir kamchilik bo'lsa, bu dinning kamchiligi emas. Dinimiz benuqson, bexatodir. Faqat buni o'rganib, ta'limotini tushunib, to'g'ri talqin qilishimiz kerak, xolos”, – dedilar muftiy hazratlari.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
"Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir" (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin" (Imom Hokim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: "Qiyomat kuni bir jarchi, odamlarni afv qilganlar qani? "Robbingiz huzuriga mukofotingizni olgani keling", deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir", deganlar.