frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Alisher Navoiy- g'azal  mulkining sultoni

09.02.2022   14034   5 min.
Alisher Navoiy- g'azal  mulkining sultoni

Buyuk   o'zbek   shoiri   va   mutafakkiri   Nizomiddin   Mir   Alisher Navoiyning    ijodiyoti    va    ijtimoiy    faoliyati    insoniyat    va  ma'naviyatga, el-yurtga xizmat qilishning betakror namunasidir. U o'zining butun hayotini insonning baxt-saodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligi va farovonligini ta'minlashga, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san'at va adabiyot taraqqiyotiga bag'ishlagan, shu bois «Yuksak ma'naviyat — engilmas kuch» asaridagi «Ma'naviyatni shakllantiradigan asosiy mezonlar» nomli bo'limda bu ulug' dahoga alohida o'rin ajratilgani ham bejiz emas, albatta. Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida ma'rifatparvar, ma'naviyat va madaniyatning haqiqiy namoyandasi sifatida ulug'langan buyuk shaxsdir. Tarixda buyuk insonlar ko'p o'tgan. Ammo  Alisher Navoiydek so'zni inson qalbining hikmat va donishmandlik chirog'iga aylantira olganlari juda sanoqli. Navoiyning har bir misra va bayotini o'qib, olam-olam ma'no olamiz, uning beqiyos zakovatidan hayratga tushamiz.

Shuning uchun Mavlono Lutfiy Alisher Navoiyning hali bolaligidayoq bitgan:

Orazin yopqoch ko'zimdin sochilur har lahza yosh,
Bo'ylakim, paydo bo'lur yulduz, nih
on bo'lgach quyosh

misralarini eshitib, “Agar mumkin bo'lsa erdi, o'zimning forsi-yu turkiyda bitgan o'n ikki ming misra g'azallarimni shu ikki misraga almashar edim”, deb lutf qilgan edilar.

Lutfiyning ushbu e'tirofi Navoiy tafakkuri tengsiz ummon  ekanini anglatadi. Ummonga esa inson tafakkurini bo'yi etmaydi. So'z mulkining sultoni, shoirlar peshvosi – Alisher Navoiy bobomizning ijodlarini o'rganish, undagi axloqiy – ma'rifiy qarashlar bilan yosh avlodni muntazzam tanishtirib borish zarur. Birinchi Yurtboshimiz ta'birlari bilan aytganda, «Agar bu ulug' zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir». Navoiy asarlarining mangulikka daxldor va umrboqiy bo'lishining sabablaridan biri shundaki, u o'z asarlarida «barcha maxluqotlarning toji» bo'lgan insonni kuyladi, uning quvonchlariyu tashvishlarini, muammolariyu orzu-umidlarini tarannum etdi. Inson qalbining quvonchu qayg'usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg'usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga, avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi.

Navoiy asarlari yosh avlodning ma'naviy kamol topishida beqiyos katta ahamiyatga ega. Uning asarlarida ota-ona, ustoz, yoshi ulug'larni hurmat qilish ilm-ma'rifatni egallash, yaxshi axloq egasi bo'lish, yomonlik va yomonlardan uzoq bo'lish singari masalalar qalamga olinganki, bular, shubhasiz, barcha zamonlar uchun birday orzu bo'lib kelgan komil inson g'oyasi bilan chambarchas bog'likdir. Birinchi Yurtboshimiz ta'birlari bilan aytganda, «Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko'p bahramand etsak, milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma'rifiy qurolga ega bo'lamiz».

Alisher Navoiy o'z hayotida ijodiy faoliyat bilan birga, davlat ishlarini ham olib borgan siyosiy arbobdir. U jamiyatda farovonlik va me'morchilikka juda katta e'tibor qaratib, davlat tomonidan 16 ko'prik, 20 ga yaqin suv saqlash inshooti, 52 rabot va ko'pgina madrasa, masjid, xonaqoh va hammomlar bino qurdirganini tarixchi Hondamir o'z asarida keltirgan.

O'tmish ajdodlarimizning, xususan, Mir Alisher Navoiy hazratlarining bizga qoldirgan boy adabiy va ma'naviy merosi odamlarning, ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlodning ma'nan va ruhan barkamol bo'lib tarbiya topishlarida muhim o'rin tutadi.

Alisher Navoiy butun hayoti va foliyatini insonning baxt-saodati, xalqining farovonligiga bag'ishladi. Navoiy dinu diyonatni mahkam ushlagan, bu yo'ldan aslo adashmagan ulug' siymo edi. U iymon, insof, diyonat, saxovat, muruvvat kabi insoniy qadriyatlariga hamisha amal qilib yashadi va e'zozladi. Boshqalarni ham shunga da'vat qildi.

 

Odiljon Narzullayev

Yangiyo'l tuman «Imom Sulton» jome masjidi
imom xatibi

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   9034   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar