Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2026   |   15 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:59
Quyosh
07:18
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
25 Noyabr, 2026, 15 Jumadul soni, 1448

Boy berilayotgan insoniylik

11.12.2023   1481   3 min.
Boy berilayotgan insoniylik

Internet – chinakam mo''jiza. Imkoniyatlari juda ko'p. U orqali dunyoda bo'layotgan voqea-hodisalardan bir zumda ogoh bo'lamiz, ta'lim olamiz, hunar o'rganamiz, do'stlar orttiramiz va hokazo. Men internetdan chiroyli gullar yasash, har xil liboslar bichimini o'rganish maqsadida foydalanaman. Afsus, bu vositani o'zining engil-elpi, havoyi hayot tarzi yo'lida qo'llayotganlar ham yo'q emas: internetda ur-yiqit, o'ldirish-so'yishdan iborat voqealar aks etgan fil'mlarni soatlab tomosha qilib, qotillik, xiyonat, yot madaniyatni ongiga singdirib olmoqda ular. O'z joniga qasd qilishdek og'ir gunohni sodir etayotgan yoshlar qayerdan paydo bo'lyapti? Albatta, bularning hammasi virtual olamga noto'g'ri yondashuv oqibatida kelib chiqyapti.
Uch-to'rt yil burun qish kuni bir it kimsasiz dalaga tashlab ketilgan chaqaloqni topib, o'z sohibining uyiga tishlagancha ko'tarib kelgani haqidagi xabarni o'qib, dahshatga tushgandik. Ma'lum bo'lishicha, o'tkinchi hisga aldangan qiz “xato”sini shu yo'l bilan yashirishga uringan. Ushbu sharmandali holat qanday yuz berdi? Nega yoshlar, ayniqsa, qiz bola hislarini jilovlay olmadi? Birinchi sababi gunoh ishdan qo'rqmaslik bo'lsa, ikkinchisi, o'zi va oilasi sha'nini o'ylamaslikdir. Bunga toshyuraklik, shafqatsizlik ham qo'shildi. Hayvonda bor rahmdillik insonda topilmadi... Ha, uyat, andisha, or-nomus, mehr-shafqat hissi unutilgan joyda har narsani kutish mumkin. Aytish joiz, insoniy tuyg'ulardan uzoqlashish lahzada sodir bo'lmaydi. Oilada farzandning xulq-atvoridagi o'zgarishlarga e'tibor qaratilmadimi, telefon “tarbiyachi”lik vazifasini bajara boshladimi, bunga zamin hozirlandi, deyavering.
Ayrim qizlar telegramda yigitlar bilan soatlab yozishib o'tiradi. Ammo bundan ota-onalar bexabar.
Qizining internetda nima bilan mashg'ulligini tekshirib ham ko'rishmaydi.
Ma'nisiz, hoyu havas, nafsga erk beradigan mashg'ulotlar qalbni o'ldiradi, iymonni susaytiradi. Shaytoniy yo'llarga rag'bat uyg'otadi.
Bugungi kunda ongga internetchalik kuchli ta'sir ko'rsatadigan omilni topish qiyin. Chunki telefon ekraniga mixlanib qolgan ba'zi yoshlar ongiga qanchalab salbiy ta'sirlarni singdirayotganidan bexabarmiz. Ular nojo'ya ishga qo'l urganda esa bu hodisa qanday yuz berganini tushunolmay hayron bo'lamiz.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam butun vujudga o'z ta'sirini o'tkazuvchi qalbga e'tibor qaratib, bunday deganlar: “Ogoh bo'linglarki, tanada bir parcha go'sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo'linglarki, u qalbdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Unutmaylik, ayni kuchga to'lgan, har bir harakatida g'ayrat va shijoat sezilib turishi kerak bo'lgan navqiron avlodning behuda, zararli mashg'ulotlarga chalg'ishi eng katta imkoniyatni isrof qilish demakdir. Bundan har birimiz to'g'ri xulosa chiqarishimiz zarur.

Kamola AVAZOVA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   2478   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar