“Rajab” so'zi qanday ma'noni anglatadi?
– Arab tilidagi “rajab” so'zi o'zbekchada “ulug'lash”, “hurmatlash” ma'nolarini ifoda etadi.
?Rajab oyi qanday oy?
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa'da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.
?Rajab oyida qanday tarixiy voqealar yuz bergan?
– Yer yuzini suv bosgan to'fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo'lgan;
– Mashhur qavlga ko'ra, Isro va Me'roj voqeasi rajab oyida sodir bo'lgan.
?Rajab oyining qanday fazilatlari bor?
– Rajab oyi barakali va ulug' oy bo'lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko'plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh kecha borki, unda duolar rad etilmaydi: rajab oyining avvalgi kechasi; sha'bon oyining yarmidagi kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).
?Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o'tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro'za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa'id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro'zasi haqida so'radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro'za tutar edilar, hatto og'izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og'izlari ochiq bo'lardi, hatto ro'za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.
?– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha'bana va ballig'na ramazona” (Allohim, rajab va sha'bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga etkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ulamolardan biri: “Rajab shamolga, sha'bon bulutga, ramazon yomg'irga o'xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha'bon oyida uni sug'ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan.
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo'l bo'lmog'i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o'rnak olgan holda rajab oyida ko'proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!
G'aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt g'animat, umr bevafo!
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.
@muslimuzportal Muslim.uz
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati