Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:18
Quyosh
07:44
Peshin
12:25
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:19
Bismillah
18 Dekabr, 2025, ,

Ona ham vahshiy bo'ladimi? Yoxud vahshiyning oldiga bolasini uloqtirgan “ona”

02.02.2022   3041   6 min.
Ona ham vahshiy bo'ladimi? Yoxud vahshiyning oldiga bolasini uloqtirgan “ona”

 

Halqimiz matonatli, irodali. Har qanday holatda ham imoniga, diniga, vijdoniga sodiq qolgan. Qahatchilik qilich qayrab turgan yillarda ham, urushning azob-uqubatli davrlarida ham, ochlik, yo'qchilik suyak-suyaklargacha zirqiratgan, har tomondan ajal o'qlari tinmay kishilar ko'kslariga sanchilayotgan kunlarda ham milliyligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot bo'lgan har qanday illatlarga murosasiz bo'lgan.

Bir necha yillar oldin ota-onasi tirik bo'la turib etimxonalarda tarbiyalanayotgan bolalar mavzusi jamiyatimiz uchun, xalqimiz uchun og'riqli masala edi. Farzandlarini goh yashirin, goh oshkora bolalar uyiga tashlab ketayotgan ota-onalar juda qattiq qoralanardi.

Turmushimiz farovon, hayotimiz to'kin, ma'murchilikda yashayotgan bir paytda hali u erda, hali bu erda o'z bolasini sotibdi, uribdi, kaltaklabdi, bo'g'ibdi, axlatxonaga tashlab ketibdi, degan g'ayriinsoniy xatti-harakatlar, holatlar kuzatilyapti. Ko'p hollarda bu kabi qabih ishlarni ayollar, onalar qilayotgani kishini tashvishga soladi.

Axir, “ona” deyilganda, inson ko'z o'ngida mehribon, mushfiq, muhtarama, munisa, ma'suma ayol siymosi gavdalanadi. Ona – avlodlar uzviyligini ta'minlashga hissa qo'shuvchi zot. Shu bois ona mudom e'zozda, e'tiborda, ehtiromda. Hatto uning oyoqlari ostida jannat borligini koinot sultoni Muhammad solallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar: “Jannat onalar oyog'i ostidadir” (Imom Quzo'iy rivoyati).

Lekin...

Lekin kuni kecha Toshkent hayvonot bog'ida sodir bo'lgan voqeani ko'rgan, eshitgan kishi borki, nahotki, ayol zoti, boz ustiga, ona o'z farzandini ayiqning qafasiga uloqtirgan bo'lsa-a, deya hayrat, xavotir va hadik ila yoqa ushlashi tabiiy. Chunki bunday holat tarixda kuzatilmagan.

O'z jigarbandini mo'may daromad evaziga pullayotgan, ma'sum bolasini urayotgan va boshqa turli insoniylikka zid jazolar bilan qiynayotgan ota yoki onalar haqida tarqatilgan xabarlarni kechagi voqeaning oldida hech narsa bo'lmay qoldi, go'yo. Chunki bola sotilsa ham, urilsa ham, so'kilsa ham tirik qoladi-ku. Ammo vahshiy hayvonning oldiga bolani uloqtirish esa...

Odamlarga o'zi nima bo'lyapti?! “Erim chet elga ishlashga ketgan, ro'zg'ordagi etishmovchilik tufayli depressiyaga tushib qolib, shunday qildim...” deb o'zini oqlamoqchi bo'layogan o'sha onada zarracha mehr, shafqat, muhabbat bormikin?! Yana ham jiddiyroq aytganda, nahotki o'sha ayol ham o'zini inson deb hisoblasa?! Aks holda uch yashar qizini ayiqning oldiga uloqtirmas edi.

Hatto barcha jonivorlar – sigir, qo'y, ot, tuya, fil va hokazolar ham o'zi tug'gan bolasini, parrandalar o'z polaponini yirtqichlardan himoya qiladi. Kerak bo'lsa jonini tikib, vahshiyni haydaydi, quvib soladi, tirnaydi, tishlaydi, xullas, nima qilib bo'lsa ham, bolasini qutqarishga tish-tirnog'i bilan yopishadi.

Toshkent hayvonot bog'ida sodir bo'lgan voqeani internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko'rib, kuzatib, qaysidir yili Armanistonda bo'lib o'tgan kuchli zilzila va uning dahshatli oqibatlari ko'z oldimdan xuddi magnit tasmasidek o'ta boshladi.

Spitak shahrida vayron bo'lgan imoratlar ostida bir ayol yosh bolasi bilan 12 kun jon saqlagan. Qutqaruvchilar ularni olib chiqishganida, ona o'lim bilan olishayotgan bo'lgan, uning 3 yashar (!) qizchasi esa ancha tetik bo'lgan.

Ona va bolaga tez tibbiy yordam ko'rsatilib, jonlantirish bo'limiga olingan, dori-darmonlar berilgach, ona o'ziga kelib, bo'lgan voqeani aytib bergan. Ma'lum bo'lishicha, ona o'z tomirini tishlari bilan kesib, qonini bolasiga ichirgan, shu yo'l bilan uning jonini saqlab qolgan. Arman ayolining jasoratidan hayratga tushgan, buni qahramonlik, deya atagan xalqaro jamoatchilik va OAVlariga bergan interv'yusida “Mening o'rnimda boshqa ayol bo'lganida ham shu ishni qilar edi. Men onalar qilishi lozim bo'lgan ishni bajardim, xolos”, degan.

Shunga o'xshash voqea 2009 yil kunchiqar yurt – Yaponiyada kuzatilgan tsunami oqibatida vayronaga aylangan ko'pqavatli uylar ostida qolib ketgan bir oila hayotida ham kuzatilgan.

Qarang-a, tabiiy ofat tufayli o'zini o'ylamasdan, 3 yashar farzandining hayotda qolishi uchun kurashgan ona bilan kechagina ust-boshi but, qorni to'q, tinch-farovon yurtda yashayotgan, lekin arzimas vajlar tufayli bolasini yirtqichning oldiga uloqtirgan “ayol”ni bir-biriga taqqoslab bo'ladimi?

Nahotki, jinoyatchi ona bolasini ayiqning oldiga tashlayotganda qachonlardir o'ziga ham onasi ko'rsatgan mehrni, muhabbatni, shafqatni, marhamatni o'ylamagan bo'lsa?!

Onasini vahshiy hayvonning oldiga uloqtirgan, sotgan, urgan, bo'g'gan onalar, albatta, qonun oldida javob berar: qilmishlariga yarasha jazolar ham olishar. Lekin har bir narsani kuzatib turuvchi, eshituvchi va ko'ruvchi, adolatli zot Alloh taoloning oldida bu qilmishlarining hisobini qanday berishadi?

“Bilmay shu ishga qo'l urdim, erim chet elda edi, pulim qolmadi...” degan bahonalar, vaju karsonlar Oliy mahkamada aslo o'tmaydi. Har kim qilganining yo mukofotini, yojazosini olishi muqarrar. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda: «Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo'lsa, (qiyomat kuni) uni ko'rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo'lsa ham, uni ko'rar» (Zalzala surasi, 7-oyatlar), deb marhamat qilgan.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Barcha hamd Allohga xosdir

09.12.2025   5045   2 min.
Barcha hamd Allohga xosdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Kim subh kirganda «Subhanallohi hiyna tumsuna va hiyna tusbihuun»ni to «va kazalika tuxrajun»gacha aytsa, o‘sha kuni undan o‘tib ketgan narsani idrok qiladi. Kim ularni kech kirganda aytsa, o‘sha kechasi undan o‘tib ketgan narsani idrok qiladi», dedilar».

Abu Dovud rivoyati.

Bu rivoyatda o‘qib yurish tavsiya qilinayotgan narsa «Rum» surasidagi uch oyat – 17, 18 va 19-oyatlardir. Ularni yodlab, o‘qib yurishga odatlangan odamlarga ko‘p narsa va’da qilinmoqda. Jumladan, o‘sha kun yoki tundagi o‘tkazib yuborgan yaxshiliklarning savobiga erishadi.

Mazkur uch oyatning ma’nolari va tafsiri bilan tanishib qo‘yaylik.

«Bas, tunga kirishingizda ham, tongga kirishingizda ham Allohni poklab yod ‎eting» (17-oyat).

Allohni poklab yod etishdan murod tasbeh aytish. Tasbeh eng avvalo dilda bo‘lib, so‘ngra tilga ko‘chadi. «Subhanalloh» kalimasini takrorlash tasbeh aytish hisoblanadi.

«Osmonlaru yerdagi hamdu sano Unikidir. Oqshomda va peshinda ham (poklab yod eting)‎» (18-oyat).

Dunyoda barcha hamdu sano, maqtov Allohning O‘ziga xosdir. Sizlar Unga oqshom va Peshin paytlarida ham tasbeh aytingiz.

«O‘likdan tirikni chiqarur va tirikdan o‘likni chiqarur va yerni o‘limidan keyin ‎tiriltirur. Shunga o‘xshash, (siz ham) chiqarilursiz» (19-oyat).

Ushbu oyatda har doim borliqda takrorlanib turadigan holat ajoyib uslubda bayon qilinmoqda. Bu dunyoda doimiy ravishda o‘likdan tirik, tirikdan o‘lik chiqib turadi. Har bir soniyada qandaydir o‘simlik quriydi, boshqasi urug‘dan chiqadi. Kimdir o‘ladi, kimdir tug‘iladi. Bu narsa yerda ham, ko‘kda ham, suvda ham takrorlanib turadi. Son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan ushbu jarayonlarning har birini Alloh taolo amalga oshiradi.

«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi