Islom dinida kasalni ziyorat qilish eng ulug' savobli amallardan biri hisoblanadi. Barcha ezgu amallar kabi bu ishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Kishi bemor bo'lganda sog' paytidan ko'ra yaxshiroq amal yoziladi. Uning har bir holati ibodat qilgan bilan teng.
Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kasalning ingrashi – tasbeh, ohi – tahlil, nafasi – sadaqa, uyqusi – ibodatdir, bir tomondan ikkinchi tomonga ag'darilishi – Alloh yo'lida jiddu jahddir. Unga sog'lik vaqtidagi amaldan yaxshiroq amal yoziladi”, – dedilar.
Kasallik tufayli musulmon kishi ulkan ajru savobni qo'lga kiritadi, gunohlari kechiriladi. Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mo'min kishiga etgan har bir musibat uchun – kasallik, qiyinchilik, alam, notinchlik, g'am-tashvish, hattoki kirgan bir tikan uchun ham ulkan savoblarga sazovor bo'lishi bilan birga, o'sha etgan musibatlar evaziga bandachilik bilan qilgan saxvu xatolari kechirib yuboriladi".
Alloh taolo har kimga ham dard beravermac ekan, balki dardni O'zining suygan bandasiga uning amal daftariga yaxshiroq amal yozilishi uchun, uning gunohlarini kechirib darajasini ko'tarish uchun berar ekan.
Shu bilan birga, bemorni ziyorat qilishning fazli ham ulug'. Bemorni ko'rgani, hol-ahvolini so'ragani borgan kishi ham ulkan ajru savobni qo'lga kiritadi.
Ibn Umar rivoyat qiladilar. Hazrati Payg'ambar alayhissalom: “Kim kasalni ziyorat qilsa, go'yoki Alloh yo'lida bir kun ro'za tutgandekdir. Bir kuni etti yuz kunga teng”, – dedilar. Yana bir hadisi shariflarida Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kimki kasal yotgan odamni ko'rgani borsa, osmondan bir nido keladiki: “Yaxshi ish qilding, qadaming qutlug' bo'ldi, sen o'zing uchun jannatdan joy tayyorlading”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shu bois bemor odamni ziyorat qilgani borganda undan duo so'rashni ham unutmaslik kerak. Zero, Allohning bergan dardiga sabr qilib yotgan bemorning duosi, albatta, ijobat bo'ladi. Bu haqda Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar hasta-bemor kimsani oldiga borsangiz, sizni haqqingizga duoi xayr qilishini so'rang, chunki uning duosi farishtalarni duosi kabi ijobat bo'ladi”, – deb marhamat qildilar.
Demak, biror-bir orzu niyatingiz bo'lsa, ijobat bo'lishini xohlasak, ulkan savob istasak, bemor yaqinimizni yo'qlashimiz kerak ekan. Shunda nafaqat ajrga ega bo'lamiz, balki undan duo olib xojatimiz ravo bo'ladi.
Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi qachon kasal do'stini ziyoratiga borsa, to u qaytib kelgunicha jannat bog'lari ichra sayr qilib yurgan bo'ladi”, – deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. Hazrati Payg'ambar alayhissalom kasallarni borib ko'rardilar va: “Yo Alloh, insonlarning Parvardigori, kasallikni ketkazgin, shifo bergin, O'zing shifo beruvchisan, O'zingning shifoingdan o'zga shifo yo'q, kasalni tashlab qo'ymaydigan shifo berishni so'rayman”, desa, Alloh uning bu kasalligiga shifo beradi, – dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Uzoq umr ko'rishi va sog'ayib ketishini aytib kasalni xushnud etish tavsiya etilgan amallardandir. Abu Said Hudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar kasalning oldiga kirsangizlar, unga umri haqida tasalli beringizlar. Chunki u biron narsani qaytarmaydi va kasalni xushnud etadi”, – dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ma'lumki, xasta odam, ayniqsa, ancha muddat yotgan bo'lsa, injiqtabiat, ko'ngli juda nozik bo'lib qoladi. Bunday holga tushgan kishi muloyimlik va shirin so'zga ehtiyojmand bo'lib qolishi tabiiy. Inchunin, kasal ziyoratiga borgan kishi mazkur holatlarni, albatta inobatga olib shirin so'zlarni aytishi kerak.
Albatta, yuqorida zikr qilingan hadisi shariflar va shu asosdagi fikr-mulohazalar odatiy turmush tarzimizga xos bo'lgan ishlardir. Ayni paytdagi karantin holatida bemor yaqinimiz yo do'stimizni telefon orqali hol-ahvol so'rashimiz, dardmand birodarimizning yonidagi kishilar orqali dori-darmon yo zarur oziq-ovqat uchun elektron shaklda pul o'tkazib, duosini olishimiz bugungi kunda juda ham zarur va beqiyos savobli ishlardandir!
Alloh taolo barchalarimizni xayrli ishlarga haris qilsin, bemorlarimizga komil shifo bersin, bir-birimizga mehr-oqibatli bo'lishimizni nasib etsin!
Uyda yotgan, shifoxonada yotgan barcha-barcha bemorlarimizga Mehribon Parvardigorimiz O'zi shifosini bersin! Tez kunlarda yaxshi bo'lib, oilalari bilan doimo sog'-omon bo'lishsin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
#Noyob_fotolar
• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.
1948 yil, Toshkent
•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.
• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.
•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi.
• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi.
Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi.
• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi.
t.me/muftiylaruz