Yaratganga behisob shukr, ibodatlarga qodir qilib qo'ydi. Ammo Ramazonda gavjum bo'lgan masjidlarimiz bugun nega farz namozlarda o'sha fayzni, odamlarimiz o'sha ishtiyoqni saqlab qola olmasligi haqida o'ylab, bir nimasini yo'qotganday bo'ladi kishi...
Ulug' zohid Shaqiq ibn Ibro him bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Amalning go'zalligi uch narsa bilan. Birinchisi, amalni Alloh taolodan deb bilish, bu xudbinlikni yo'qotadi.
Ikkinchisi, amalda Alloh roziligini istash, bu bilan hoyu havas so'ndiri ladi. Uchinchisi, savobni Alloh taolodan kutish, bu esa tama va riyoni yo'qotadi”. “Amalini Allohdan deb bilish”ning ma'nosi shuki, kishi bir amalni bajarishga muvaffaq qilinsa, bu Allohning inoyatidir. Buni bilgan odam shukr bilan mashg'ul bo'lib, amaliga mag'rurlanmaydi.
“Amalida Allohning roziligini istash” degani shu: amaliga qaraydi, agar u Alloh rizosi uchun qilingan bo'lsa, u amalga oshadi, inshoalloh. Agar unda Alloh rizosi bo'lmasa, behudadir. Chunki Alloh taolo:
“...Zero, nafs yomonlikka undovchidir” (Yusuf surasi, 53-oyat) deb marhamat qilgan.
Ya'ni, nafs yomonlikka, hoyu havasga undab turadi.
“Savobni Allohdan kutish”ning ma'nosiesa har bir amalni xolis Alloh uchun bajarib, odamlarning so'zlariga quloq solmaslik, maqtov eshitsa, xursand bo'lmaslikdir.
Bir hakim zot aytadi:
– Amalni qay yo'sinda bajarishni cho'pondan o'rganish kerak.
– Qanday qilib?
– Cho'pon qo'ylari yonida namoz o'qirkan, qo'ylardan maqtov kutmaydi...
Har bir amal qiluvchi shunday yo'l tutmog'i lozimki, unga kimdir nazarlab tursada, xalqning oldida yoki yolg'iz holda bo'lsin, odamlardan olqish kutmasligi kerak.
Hakimlardan yana biri aytadi: “Amal durust bo'lishi uchun to'rt narsaga muhtojdir.
Birinchisi, amaldan oldin ilm o'rganish. Chunki amal ilm bilan durust bo'ladi. Agar amal ilmsiz bo'lsa, uni buzuvchi narsalar tuzuvchi narsalardan ko'p bo'ladi.
Ikkinchisi, amalni niyat bilan boshlash.
Zero, amal niyat bilan paydo bo'ladi. Shunga binoan, ro'za, namoz, haj, zakot va ibodatlar niyat bilan sahih bo'ladi. Shuning uchun amalning boshi niyat bo'lishi kerak.
Uchinchisi, amal qilayotganda sabrli bo'lish. Zero, amal huzur va sakinat bilan
ado qilinsin. To'rtinchisi, ixlosli bo'lish. Chunki ixlossiz amal qabul bo'lmaydi. Amal ixlos bilan qilingan taqdirdagina Alloh qabul etib, boshqa qullarining qalblarini senga moyil qilib qo'yadi”.
Hulosa shu – ibodatga, har qanday yaxshi amalga chog'langanimizda “xolis Alloh uchun” deymiz. Shuni to'la idrok qilib, borlig'imiz bilan aytishni odat qilaylik. Shunda amallarimiz ikki dunyomiz uchun manfaatli bo'ladi, inshoalloh.
Abdulaziz ABDULLAYeV,
Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidi imom-xatibi
Hidoyat jurnalining 5 soni (2021)
Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazilib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirning navbatdagisi Bandixon tumanida o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduxalil domla Abdunazarov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirga Surxondaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Bandixon tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, Haj-2024 ziyoratchilari va mahalla raislari taklif qilinib ular ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan tumanda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar, jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar, nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan umumiy hisobda 30 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar
So‘ng ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan xayrli ishlar”, “Mehr-oqibat va shukronalik fazilati”, “Tinchlik va osoyishtalik qadri” va “Masjidlarni obod qilish” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza qilinib, bir yuz o‘ttiz besh nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Bandixon tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Surxondaryo viloyati tumanlar imom-xatiblari ish samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruhning faoliyati davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
matbuot xizmati