Umra so'zi qanday ma'noni anglatadi? “Umra” so'zining lug'aviy ma'nosi “ziyorat”, shar'iy ma'nosi Baytullohning maxsus ziyoratidir.
Umra qanday ibodat? Umra dinimizda Baytullohni tavof qilib, Safo va Marva oralig'ida etti marta sa'y qilishdir. Hanafiy mazhabida umr davomida bir marta umra qilish – sunnati muakkadadir. Umra ulug' savoblarga erishtiradigan ibodatdir.
Umrada qanday amallar bajariladi? Umra amallari quyidagilar:
Hajning shartlari umra uchun ham shartdir.
Umra ibodatini bajarish uchun qanday niyat qilinadi? Umraning niyati:
“Allohumma inniy uriydul umrata fayassirha liy va toqabbalha minniy. Navaytul umrata va ahramtu biha lillahi taola”.
Ma'nosi: Allohim, men umra qilmoqni iroda qilmoqdaman. Uni menga oson et va qabul ayla. Umrani niyat qildim va Alloh taolo uchun umraga ehrom bog'ladim.
Umraning sunnat amallari qaysilar? Umraning sunnatlari:
– Ehrom bog'lash oldidan g'usl qilish;
– Ehromga kirish oldidan xushbo'yliklar surtish;
– Talbiya aytish;
– Tavof ul-qudum qilish;
– Tavofni uzluksiz etti marta ado etish
– Safo va Marva orasida etti marta sa'y qilish;
– Sa'yda tahoratli bo'lish.
Ziyoratchi sochini qachon va qanday qisqartiradi, ayollar-chi? Ziyoratchi sa'yni ado etib bo'lgach, sochini tagi bilan oldiradi yoki qisqartiradi, afzali tagi bilan oldirishdir. Ayollar sochlarini barmoqning bir bo'g'imi miqdorida qisqartiradilar. Ular uchun afzali sochlarining hammasini bir joyga to'plab turib, uchidan bir barmoq bo'g'imicha qisqartirishdir. Sochni oldirish yoki qisqartirish bizning Hanafiy mazhabimizda vojib amallardandir, uni tark qilgan kishi qurbonlik so'yishi lozim bo'ladi. Mana shu bilan umra ibodati tamom bo'ladi va shundan so'ng ehrom man etgan hamma narsa mumkin bo'ladi.
O'MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati