Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Mening muborak qizim, butun olamni qamragan va ta'minlagan Allohning rahmatiga mazhar bo'lishingni tilagan holda salomlarimni yo'llab qolaman. Qayta-qayta salomlarimni yo'llayman. Ana shu salomlarning barokotidan meni ham mag'firatiga nozil qilar.
Muborak qizim, Allohning izni ila kechagi kun o'tib ketdi. Abadiy tugadi. Hech qo'rqma. Allohga nisbatan ishonching cheksiz bo'lsin. Agar nomaqbul ishlardan qaytib, samimiy tavba qilgan bo'lsang, U seni allaqachon kechirib yuborgan ham. Rabbimiz ne-ne kishilarni kechirib yuborganini bilasanmi? Alloh azza va jalla qanchalar karamli va rahmli ekanidan xabaring yo'qmi? Nafaqat senga o'xshab oq-qoraning farqiga borib tavba qilganlarni, hatto bundan battarlarini ham kechirib yuborgan va bundan keyin ham kechiradi. Uning mana shunday va'dasi bor. U shunday marhamati cheksiz Allohdir. Koshki butun insoniyat Allohni shu holida bilsa-yu, dunyo jannatga eltuvchi eng yaqin vositaga aylansa. Agar fikrlaringni shu o'lchovda solmasang, shayton seni eski kunlariga qaytarishi mumkin. Juda ehtiyot bo'l.
Mening muborak qizim, senga yozib olishing va amaliyotda qo'llashing uchun kichkina tavsiyalarni berib o'tsam. Mening haqqimga ham duo qilib qo'y:
a) Ota-onang bilan hech qachon tortishma. Ularni din va sendagi o'zgarishlar xususida muxolif deb o'ylama. Sizga rahmat nazari bilan qaragan Parvardigor bir kuni ularni ham rahmatiga sazovor qilishi mumkinligini aslo yodingdan chiqarma! O'sha kun kelguncha zarur bo'lsa, qirq yil kut, qirq bor o'zingni choh tubiga ot, lekin ularni kut! Sabr mana shudir. Musulmonlik ham shudir.
b) Ikkinchi ishing, shaytonning seni tavba qilganing uchun afsus-nadomat chekishiga undaydigan hujumlariga qarshi tayyor tur. Hayoliy sarmoyalarni kutma. Odamlar doim sen bilan mashg'ul bo'lishadi deb o'ylama. Eng muhimi, hamma narsa doim yaxshi ketadi deb umid qilib qolma. Aksincha, katta burilish qilganing uchun imtihoning ham shunga yarasha og'ir bo'lishi mumkinligini o'ylagin. Va bu sinovlarni jannatga etishishdan oldin rohat-farog'at bo'lmasligini idrok qilgan holda, sabr va chidam bilan o'z foydanga foydalan.
v) Islomga va musulmonlikka yuzlanganingni hech qachon unutma; musulmonlik bilan musulmonlar ichidagi Islomga xizmat qilish vositasi bo'lgan turli guruh va fondlar bir-biridan boshqa narsalar. Sen ularni emas, Islomni mahkam ushla! Hayrli ishlarda ular bilan birga bo'l. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sening jonu jahoningdir, qolganlar esa u zotning orqalaridan ergashuvchilar sifatida qabul qil.
g) Munozarali diniy masalalarga mukkangdan ketma. Bahstalab bo'lmagan asl mavzular hayotingni oxirigacha senga etadi.
d) Birinchi galdagi maqsading har qanday holatda ham imoningni asrab qilish bo'lmog'i kerak. Imoningga zarar etkazishi mumkin bo'lgan falsafalardan o'zingni saqla. Falsafa ilonning zahariga o'xshaydi; undan dori ham tayyorlanishi mumkin bo'lsa-da, asli zahardir.
Ikkinchi maqsading Alloh harom qilgan narsalardan saqlanishdir. Harom bilan hech qachon birga bo'lmagin.
Uchinchi maqsading Alloh senga farz qilgan narsalarni bajarish. Ularning to'liq ado et. Agar iloji bo'lmay qolsa, qazo qil.
To'rtinchi maqsading iloji boricha nafil ibodatlarni qilish bo'lsin.
e) Eng birinchi hijobdan boshlab buyruq va taqiqlarda haddan oshmaslikka harakat qil. Haddan oshish bir kun kelib seni bir-biriga zid ko'chaga kiritib qo'yadi. Nimani g'uluv ketish va nimani o'rta yo'l ekanini so'rab turishing uchun doim bir maslahatgo'ying bo'lsin.
yo) Avvalgi qazo namoz va ro'zalaring uchun taqvim tuz. Uzrli kunlaringdan tashqari qolgan hamma kundagi namozlaringni ado etishing kerak. Qoldirgan kunlaringni hisoblab chiq. O'sha kunlarning yig'indisidan qazo namoz o'qish va qazo ro'zani uchun taqvim ishlab chiq. Ma'lum bir reja asosida, shoshilmay ularni bittama-bitta bitirgin. Agar bu ishga jiddiy kirishsang, Alloh senga juda ko'plab qulayliklar eshigini ochib qo'yganini ko'rasan. Rejangni tuz va qolgani bilan ishing bo'lmasin.
j) Atrofingda faqat mo'min do'stlar bo'lishi kerak. O'zing uchun tanlab, do'stona muhit yarat.
z) O'z ustingda ishlashing uchun o'qishing kerak. Qancha o'qiyotganing va qanday kitoblaring borligi haqida bir ro'yxat yozib yuborsang, men ham bu borada senga yordam beraman.
Muborak qizim, sening haqqingga duo qilyapman. Sendan duo qilishingni so'rayman.
Sendan xushxabarlar kutib qolaman.
Allohga omonat bo'l.
Nuriddin Yildiz
Mahmud Mahkam
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati