Bekatda avtobus kutardim. Maydalab yog'ayotgan qor xayolimni band etgandi. Shu payt yonimdagi ikki dugonaning suhbati e'tiborimni tortdi. Ular ona haqida gaplashishardi. Biri ikkinsichisiga onasining tergayverishi, tinmay qo'ng'iroq qilib “bezovta” qilaverishi joniga tegib ketgani haqida shikoyat qildi. Onasi to'g'risida aytgan so'zlarini eshitib, yoqa ushlaysan kishi! Nahotki, mushtipar onalar haqida farzandlari shunday fikrlasalar?! Bizni dunyoga kelishimizdan quvonib, tunlarini bedor o'tkazib, o'zi emay, kiymay , yuvib-tarab, betob bo'lsak jonini fido qilgan, ulg'ayib katta bo'lishimizni, baxt – iqbolimizni Allohdan so'ragan onalarimiz emasmi?
Onalarimizni qancha iliq so'zlar bilan ta'riflasak, shuncha kam.
Ikki dugona suhbatidan hayratlanib, onamni sog'inib ketdim. Qaniydi, shu izg'irinli, qorli kunlarda onamning diydoriga to'ysam edi...
Mehribon onajonimni yo'qotganimga to'rt yil bo'ldi, hali hamon dardim yangidek. Oradan yillar o'tsa-da, sog'inch ortib, qalbimni tilka-pora qilmoqda. Onamning fayzli chehrasi, mayin ovozi, shirin tabassumi ko'z oldimdan hech ketmaydi. Onamni eslaganimda ko'z oldimda kulib turgan nurli yuzi namoyon bo'ladi. Onam hech qachon bizga yomon so'z aytmasdi. Juda chiroyli nasihatlar qilar, shoshilmay, dona-dona so'zlardi. Mushtiparim hayot sinovlarida toblanib, turli mashaqqatlar bilan bizni katta qilgan. O'zlarining mehnatsevarligi, mehribonligi, jonkuyarligi bilan barchaga o'rnak edi.
Hozir qizlarim siymosida onamni ko'raman. Ularning har birida onamdan nimadir borday. Shunga quvonaman, shundan taskin topaman. To'ymay qolganim ona mehrini qizlarimdan izlayman.
Onasining tergashidan, yo'qlashidan bezgan tengdoshlarim, umr − g'animat. Bir kun sizni qaynoq mehri bilan “bezovta ” qilayotgan onaizoringizni topolmay qolishingiz mumkin. Onangiz hayot bo'lsa, u siz uchun eng mehribon va o'z navbatida sizdan mehr kutib yashayotgan tabarruk zot ekanini unutmang. Axir, «Jannat onalar oyog'i ostidadir.». Hayot bo'lgan onajonlarni Alloh salomat qilsin, o'tganlarini raxmat va mag'firat aylasin.
Robiya Toxirova
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.