Samimiy uchrashuvda Farg'ona viloyati va Turkiya o'rtasida turli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida so'z bordi.
Viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining xalqaro grantini ham jalb etgan holda Rishton tumanidagi Burhoniddin Ar-Roshidoniy Al-Marg'inoniy ziyoratgohini rekonstruktsiya va restavratsiya qilish loyihasi ham uchrashuvda alohida muhokama qilindi.

Jemalettin Tuney majmua loyihasi bilan tanishar ekan, har bir bino-inshootning alohida smetasini ishlab chiqib ularga taqdim qilinsa, yakuniy hisob-kitoblardan kelib chiqib, TIKA loyihadagi qaysi ob'ektlarni moliyalashtirishini hamda tashkilotning moliyaviy ishtiroki hajmini belgilashini ma'lum qildi. Majmuaning yakuniy loyihasi yaqin kunlarda turkiyalik hamkorlarga taqdim etilishiga kelishildi.
Rejalashtirilayotgan loyihaga ko'ra, “Sohibi Hidoya” ziyoratgohi hududida yangi va zamonaviy bino-ishootlar qurilishi va uning negizida “Fiqh” ilmiy-amaliy markazi tashkil etish, kutubxona barpo etish, Burhoniddin Ar-Roshidoniy Al-Marg'inoniyning hayoti va asarlariga bag'ishlangan muzey tashkil etish, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
M. Sulaymonov, O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘plab ilohiyot olimlari va solihlar bu dunyoning chin mohiyatini izohlab, uning vasvasalari qay darajada xatarli ekanligini uqtirishga urinib kelganlar. Quyida ularning hamma uchun foydali bo‘lgan ayrim tavsiya va ogohlantirishlarini keltirib o‘tamiz.
1. Imom Junayd Bag‘dodiy quddisa sirruhu dedilar:
"Kim kunni hayotdan siqilib noligan holatda boshlasa, u go‘yo o‘z Yaratganidan shikoyat qiluvchiga o‘xshaydi. Kim dunyo ishi uchun g‘am cheksa, go‘yoki Allohga g‘azab qilgan kabidir. Kimki bir boy oldida uning boyligi sabab o‘zini yerga urib, xo‘rlasa, batahqiq, dinining uchdan ikki qismidan ayrilibdi".
2. Mashoyixdan birlari aytgan ekanlar:
"Alloh biron kimsani O‘ziga do‘st qilishlikni iroda aylasa, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib ko‘rsatadi".
3. Shuningdek, murshidi komillardan yana birlari aytgan ekanlar :
"Ey tolib! O‘tkinchi dunyo manfaatlarining birovga zoriqib qolmaydigan miqdori bilan kifoyalansang bo‘ldi, uni butunlay tark etaman, deb ham urinib yurma!".
4. Ulug‘lardan birlari ta’kidlabdilar:
"Ikki muhim xislat bor, kimki ularni o‘zlashtirsa, ortidan odamlarni ergashtiruvchi peshvo, imom bo‘lishiga shak-shubha yo‘q:
Birinchisi, o‘tkinchi dunyodan ko‘ngil uzib, unga nisbatan befarq, beparvo bo‘lish; ikkinchisi, birodarlardan yetguvchi ziyonu zahmatlarga sabr etib, ularni har narsada o‘zidan ustun va haqli deb bilish”.
5. Imom Shozaliy quddisa sirruhu dedilar:
“Alloh qulini nafaqat bu dunyo va uning ahlining bahridan o‘tmagunicha, balki ikki olam manfaatlaridan tamomila ko‘ngil uzmagunicha sevmaydi”.
6. Imom Shozaliy quddisa sirruhu yana ta’kidlaydilar:
“Dunyoni sevguvchi har qanday odam Allohning nazarida xunukdir. Uni qalbidan va qo‘lidan butunlay chiqarib tashlashlik murid uchun vojib narsadir”.
Bu dunyo – o‘tkinchi soya, u banda bilan Alloh orasidagi to‘siqdir. Qalbida unga nisbatan hattoki bir chang zarrasi miqdoricha muhabbati bo‘lgan odam Yaratganining chin quli bo‘lolmaydi. Bundan tashqari, to uning mag‘ziyu po‘chog‘idan ham kechmas ekan, Yaratganiga maqbul bo‘lishligi mumkin emasdir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.