Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 147 yilligi...
Ma'rifatparvar jadidchilik harakatining asoschisi, dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi – Mahmudxo'ja Behbudiy 1875 yili 19 yanvarda Samarqandda tug'ilgan.
Olimlar fikricha, alloma o'n sakkiz yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, muftiy darajasiga ko'tariladi. Behbudiy haj safarida bo'lgan chog'ida Arabiston, Misr, Turkiya kabi davlatlarda bo'lgan.
Behbudiy Turkistonda birinchilardan bo'lib yangi usul maktablarini tashkil qilish va ular uchun darsliklar yozgan taraqqiyparvarlardan sanaladi.
Mahmudxo'ja Behbudiy "Risolai asbobi savod" ("Savod chiqarish kitobi", 1904), "Risolai jug'rofiyai umroniy" ("Aholi geografiyasiga kirish", 1905), "Muntahabi jug'rofiyai umumiy" ("Qisqacha umumiy geografiya", 1906), "Amaliyoti islom" (1908), (1909) kabi kitoblarni chop ettiradi.
Mahmudxo'ja Behbudiy 1917 yil noyabr' oyida tashkil topgan Turkiston Muxtoriyati asoschilaridan biri, o'lka xalqlarining istiqloli yo'lida ma'naviy yo'lboshchilaridan bo'ldi. Alloma sho'rolar, kommunistik mafkura tizimining qing'irliklari, kirdikorlarini ko'ra bilgan. Millatni tanazzulga etaklovchi illatlarni ro'y-rost fosh etgan. Ma'rifat yo'lida el-ulus ko'zini ochishni umr mazmuni, deb bilgan.
Mamlakatimiz etakchisi g'oyasi asosida 2020 yilda Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Ma'rifatparvar jadid bobomiz hayoti, faoliyatiga oid hujjatli fil'm suratga olindi. Uning asarlari chop etilmoqda.
O'zA xabariga ko'ra, poytaxtimizdagi "Adiblar xiyoboni"da Mahmudxo'ja Behbudiy haykali o'rnatildi. Ayni paytda olimlarimiz Behbudiy faoliyatiga oid hali ko'plab tadqiqotlar olib borilishi zarurligini ta'kidlamoqdalar. Bu esa ma'rifatparvar jadid bobolarimiz hayotiga oid yangi ma'lumotlarga ega bo'lishga zamin yaratishi, shubhasiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.
Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.
Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.
Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.
Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.
Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati