Turkiyaning eng nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri – “Sabah” gazetasida ko'hna va zamonaviy O'zbekiston mavzusiga bag'ishlangan maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA. Unda mamlakatimiz xalqi turkiy ellardan biri ekanligi, qadim zamonda hozirgi O'zbekiston Movarounnahr va Turon hududlari tarkibiga kirgani, bugungi kunda boy tarixi va muhim ahamiyati bois dunyo miqyosida bot-bot tilga olinayotgani alohida ta'kidlangan.
Maqolada mamlakatimizning jo'g'rofiy joylashuviga oid ma'lumotlar ham turkiyalik o'quvchilar e'tiboriga havola etilgan.
“Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlari, mashhur O'zbekiston Buyuk Ipak yo'lida joylashganligi bilan Markaziy Osiyoda barchaning e'tiborini tortib kelgan” deb yozadi nashr.
Shuningdek, maqolada mamlakatimizning boy madaniy-ma'rifiy merosi va o'ziga xos urf-odat va an'analari, ularning ayrimlari YuNYeSKOning moddiy va nomoddiy merosi ro'yxatidan joy olgani alohida ta'kidlangan. “Qariyb 3500 yillik o'tmishga ega, bugungi kunda ham o'zining tarixiy jilosini saqlab qolgan O'zbekiston – “butun dunyo ahli, ayniqsa, turklar ko'rishi kerak bo'lgan muhim o'lkalardan biridir”, deb yozadi “Sabah” gazetasi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati