Halqimizning qadimiy tarixidan so'zlaydigan noyob yodgorliklardan biri Hazrat Boboyi Laqlaqag'iy ziyoratgohi Buxoroning Romitan tumanida joylashgan eng qadimiy qadamjolardan sanaladi.
Hazrat Umar jome masjidi imomlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, Hazrat Boboyi Laqlaqag'iy – Hazrat Hoja Niyoz Horazmiy xojagonlik tariqatining asoschisi Abdulxoliq G'ijduvoniyga ustozlik qilgan. Shu bois Hazrat xojagonlik tariqati zanjirining boshlanishida turuvchi ulug' avliyo hisoblangan. Hazrat tirikchilik uchun dehqonchilik bilan mashg'ul bo'lgan. O'z mablag'lari hisobidan 3arafshon daryosi ustida yog'och ko'prik qurdirgan. Mazkur ko'prikdan Choriqulboy tomonidan toshko'prik qurilgunga qadar foydalanilgan.

Hazrat o'z muridlari tarbiyasi uchun ham qimmatli vaqtini ayamagan. Vaqti-vaqti bilan vohaning barcha tumanlariga safar qilib ham turgan.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Hazrat Boboyi Laqlaqag'iy Abdulxoliq G'ijduvoniyga saboq bergan yillari yoshi ancha ulg'aygan bo'lib, u kishiga nisbatan «Bobo» so'zini ilk bora Abdulxoliq G'ijduvoniy qo'llagan ekan. Abdulxoliq G'ijduvoniy ustozlarining xizmatlarini qilib, duolarini olishga muvaffaq bo'lgan. U zot saboq olish uchun G'ijduvondan Hoja Niyoz Horazmiy huzuriga kelganlarida, Zarafshon daryosi ustiga qurilgan «Puli Laqlaqa» ko'prigidan o'tgan. Ko'prikdan o'tish chog'i ko'prik qimirlab turgani uchun «Puli laqlaqa», ya'ni «qimirlayotgan ko'prik» nomini olgan .
Hazrati Hoja Abdulxoliq 1103 yil G'ijduvonda tug'ilib, 1179 (ayrim manbalarda 1220) yil marhum bo'lgan. Qabri G'ijduvon shahrida joylashgan. Hazratning qabri ustidagi maqbara mustahkam bo'lishi uchun tomonlari 85x8,5 metr va balandligi qo'shqavatli gumbazi bilan 8,5 metr qilib, ya'ni kub shaklida qurilgan.

Hazrat Abdulxoliq G'ijduvoniyning juda ko'p murid, muhib, shogirdlari bo'lgan. Ularning eng etuklari Hoja Ahmad Siddiq, Hoja Avliyoi Kabir, Hoja Sulaymon Karmaniy, Hoja Orif Revgariydir. Hoja Abdulxoliqning muborak ruhi Hoja Bahouddin Naqshband hazratlarini tarbiya qilgani uchun u ulug' zot Bahouddin Naqshbandning uvaysiy – ma'naviy pirlari hisoblangan. Hazrat Bahouddinga zikri xufya (ovoz chiqarmay maxfiy zikr qilish)ni o'rgatgan ham u zoti sharifdir. Ma'lumotlarga ko'ra, Hazrat sakkiz ming butparastni musulmon qilishga muvaffaq bo'lgan, tavba qildirib, to'g'ri yo'lga solgan.
Madaniy meros agentligi boshqarma boshlig'i Bahodir Matchonovning ta'kidlashicha, mamlakatimizda tarixiy haqiqatni tiklash davlat siyosati darajasida bo'lib, 8 ming 210 ta tarixiy yodgorliklar ro'yxatga olingan.
– Bu raqamlar mamlakatimizni nafaqat Sharqda, balki butun dunyoda tarixiy madaniy yodgorliklarga boy o'lkalardan biri sifatida namoyon etadi. Yurtimizdan etishib chiqqan allomalar, buyuk zotlar nainki xalqimiz, balki butun insoniyat ilm-fani, madaniyat va san'ati rivojiga daxldor ulkan ma'naviy, moddiy meros qoldirgan. Ularni asrab, kelgusiga avlodga etkazish esa bugunning dolzarb vazifasidir, – deydi Bahodir Matchonov.
Muhayyo Toshqorayeva, O'zA
Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar. Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga masjid odoblari mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Darhaqiqat, ma’ruzada aytib o‘tilganidek, masjidlar ehtirom yuzasidan “baytulloh” – Allohning uyi deyiladi. Zero, masjidning devorlari va ustunlari Alloh nomi bilan qurilgan. Ularda Alloh taologa ibodat qilinadi, U Zot ulug‘lanadi, maqtaladi. Unga ruku va sajdalar qilinadi. Zero, Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, Allohdan boshqaga duo qilmang!” (Jin surasi, 18-oyat).
So‘nggi yillarda yurtimizda bir nechta yirik masjid va ziyoratgohlar obodonlashtirilmoqda. Birgina Samarqand viloyatida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasini olaylik. Ushbu majmuaning umumiy maydoni 44 gektar bo‘lib, o‘z ichiga mahobatli maqbara, o‘n ming kishiga mo‘ljallangan katta masjid hamda alloma tarixiga bag‘ishlangan zamonaviy muzey bunyod etildi.
Alhamdulillah, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 2147 ta masjid faoliyat olib bormoqda. Bu ham bo‘lsa, jamiyatimizda diniy-ma’naviy hayotning yuksalib borayotganidan dalolat. Masjidlar obodligiga bo‘lgan bu e’tibor, shubhasiz, muqaddas dinimizga va uning qadriyatlariga bo‘lgan ehtiromning yorqin ko‘rinishidir. Zero, masjidlarni obod qilishning zamirida inson qadrini ulug‘lash, uning ruhiy-ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlashdek ezgulik mujassam.
Masjid bino qilishning fazli haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi” (Imom Muslim rivoyati).
Manfaatli suhbat yakunida bunday xayrli ishlarga kamarbasta bo‘layotgan mutasaddilar haqqiga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati