Orziqib kutilgan onlar keldi. Bugun, 22 yanvar' kuni erta tongda “Umra – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdilar.
Mana shunday ulug' baxtga erishgan yurtdoshlarimizni kuzatish uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo'lishdi.
Muborak safarga otlangan hamyurtlarimizning ko'zlarida quvonch, tillarida shukronalik so'zlari sira arimaganiga guvoh bo'ldik. Kuzatish jarayonida Alloh taoloning bayti sari yo'l olayotgan ziyoratchilar eson-omon muborak qadamjolarni ziyorat qilib kelishlari, ushbu ziyoratni yurtimiz va butun dunyo musulmonlarga bardavom qilishini so'rab xayrli duolar qilindi.
Ziyoratchilardan ota-onalarimiz va yaqinlarimiz bilan birga Ka'batulloh atrofida tavof qilish baxtini nasib etishini so'rab, duolar qilishlarini iltimos qilindi.
Alloh taolo umraga otlanganlarning safarlarini muborak qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
7 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun 2025-2026 o‘quv yili qabul imtihonlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalari uchun yangi o‘quv yili kirish imtihonlarini tartibli o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Muftiy hazratlari imtihonlarni adolatli va xolisona o‘tkazish, tartib-qoidalarga rioya etish, jarayonlar shaffof bo‘lishiga erishish hamda tegishli xonalar xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv kameralari bilan jihozlash kabi muhim jihatlarga diqqat qaratdilar. Shuningdek, imtihondan oldin abituriyentlar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar ham belgilangan tartibda bo‘lishiga urg‘u berdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari imtihonlarni ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish orqali yosh avlod haq-huquqlarini ta’minlash, iqtidorli yoshlarga bilimlarini namoyon etishga imkoniyat berishni qayd etdilar. Shuningdek, imtihon olishga mas’ul ustoz va mutaxassislar Alloh taolo huzurida ham, xalqimiz oldida ham ulkan mas’uliyatni chuqur his etishi hamda nomaqbul illatlardan saqlanishlariga katta diqqat qaratdilar.
Madrasalarga kirish imtihon savollari umumta’lim maktab dasturlari asosida, Oliy diniy ta’lim muassasalari uchun kirish imtihon savollari esa madrasa ta’lim dasturlari asosida bo‘lishi ham alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida quyidagi muhim vazifalar belgilab olindi:
– Qabul jarayonlarini namunali tashkil etish;
– Yuqori darajada xavfsizligi ta’minlangan elektron dasturlardan foydalanish;
– Abituriyentlar uchun munosib sharoitlarni yaratish;
– Abituriyentlarga test sinovlaridagi huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
– Imtihon jarayonini videokuzatuv qurilmalari orqali nazorat qilish;
– Ota-onalar uchun kutish joylarini tayyorlash;
– Imtihon jarayonlarini namoyish etish uchun ekranlar o‘rnatish.
Qabul imtihonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati