Orziqib kutilgan onlar keldi. Bugun, 22 yanvar' kuni erta tongda “Umra – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdilar.
Mana shunday ulug' baxtga erishgan yurtdoshlarimizni kuzatish uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo'lishdi.
Muborak safarga otlangan hamyurtlarimizning ko'zlarida quvonch, tillarida shukronalik so'zlari sira arimaganiga guvoh bo'ldik. Kuzatish jarayonida Alloh taoloning bayti sari yo'l olayotgan ziyoratchilar eson-omon muborak qadamjolarni ziyorat qilib kelishlari, ushbu ziyoratni yurtimiz va butun dunyo musulmonlarga bardavom qilishini so'rab xayrli duolar qilindi.
Ziyoratchilardan ota-onalarimiz va yaqinlarimiz bilan birga Ka'batulloh atrofida tavof qilish baxtini nasib etishini so'rab, duolar qilishlarini iltimos qilindi.
Alloh taolo umraga otlanganlarning safarlarini muborak qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!

























O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 oktyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.
Mazkur ulkan va noyob loyiha davlat rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga asosan boshlangan. Ko‘p o‘tmay, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘tgan davrda bu yerda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Markaz qadimiy me’moriy an’analarimiz va milliy bezaklar uyg‘unligida barpo etildi. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.
Inshootning markaziy qismida Qur’oni karim zali joylashgan. Bu yerda musulmon olamining noyob ma’naviy durdonasi sanalgan qadimiy Usmon Mus'hafi namoyish etiladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid muqaddas kitob nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari, shu bilan birga, jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham joy oladi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan chet ellarda saqlanayotgan tariximiz va ulug‘ allomalarimiz merosi bilan bog‘liq qimmatli manbalar va ashyolar Vatanimizga qaytarildi.
Markaz tarkibida 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi uchrashuv va ilmiy anjumanlarni o‘tkazish uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu yerda buyuk allomalarimiz faoliyati haqida ma’lumotlar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulamolar merosi ham keng yoritilgan.
Shuningdek, tariximizda ilmu ma’rifat va ma’naviyat homiysi bo‘lgan Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi mo‘tabar zotlar faoliyati ham alohida ekspozitsiya sifatida namoyish etilgan.
Davlatimiz rahbari doimo markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishini samarali tashkil etish, uning mazmun-mohiyatini boyitib borish zarurligini alohida ta’kidlaydi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Tashrif chog‘ida Prezidentimiz zallarda amalga oshirilayotgan pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi, bo‘limlar va ko‘rgazmalarning mazmun-mohiyati, qo‘llanilayotgan interfaol texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbari eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda markazda faoliyat yuritadigan mutaxassis va gidlarning sonini ko‘paytirish, ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
Markaz faoliyatini mazmunan yanada boyitish, ekspozitsiyalar orqali xalqimiz ma’naviy va ilmiy merosini to‘liq namoyon etish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.