Ogohlik
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bugungi globallashgan murakkab davrda barchamiz har qachongidan ham ehtiyotkor va ziyrak bo'lishimiz darkor. Boisi, bir tomondan, bashariyatga ijtimoiy illatlar, g'oyaviy tahdidlar xavf solayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, har xil ofatlar, balolar, vabolar odamlarning hayotida turli muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Birgina misol, koronavirusning “Omicron” shtammi dunyo aholisini yana qiyin ahvolga solib qo'ydi. Pandemiyaning yangi to'lqini avj olayotgan mamlakatlar karantin cheklovi orqali kasallik tarqalishiga to'siq qo'ymoqda. Germaniyada niqobsiz yurish taqiqlandi, Frantsiyada buster-doza bilan emlanish uchun 7 oy muddat berildi, Gretsiyada emlanmagan fuqarolar jarimaga tortila boshlandi. Demak, butun dunyoda vaziyat murakkab tus olyapti.
Shu bois 2022 yil 15 yanvardan e'tiboran Respublika maxsus komissiyasi qarori asosida yurtimizda bir qator karantin cheklovlari o'rnatildi. Bundan maqsad — virusdan odamlarimizni muhofaza qilish, undan kam talafotlar bilan chiqish.
Islom dini manbalarida ishora qilinganidek, bu dunyo — sinov va imtihon maydoni. Alloh taolo bunday xitob qiladi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara surasi, 155-oyat).
Ushbu oyat tafsirida Imom Sha'roviy rahimahulloh: “Aslida, insonlarning boshiga sinovlar kelishi yomon emas, balki sinovlardan o'ta olmaslik yomon. Zero, har bir sinov tajriba va imtihon hisoblanadi. Hech kim imtihonlarni yomon demagan. Balki u mashaqqatlarga bardosh bera olmaydigan kishi uchun yomon. Ammo bor kuch-g'ayratini ishga solib, peshqadamlardan bo'lgan kishi uchun imtihonlar yaxshilikdir”, deganlar.
Har bir yaxshilik va yomonlik Alloh taolodan ekani dinimizda bayon qilingan. Unga qalb ila taslim va rozi bo'lish lozim. Kishi qanday sinov bo'lmasin, rozilik ila qabul qilishi musibatlarni mardonavor engib o'tishning go'zal muolajasidir.
Ilm ahllari, voizlar, notiqlar bir hadisi sharifni juda ko'p tilga oladilar: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik odamlar uning qadriga etmay aldanib qolganlar. U ikkisi — sihat-salomatlik va xotirjamlik”(Imom Buxoriy rivoyati).
So'nggi yillarda ushbu hadisi sharifni har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etishini anglab etdik. Insoniyat gohida o'zida bor ne'matning qadriga etmaydi. Salomat va xotirjam bo'lgan kishi turmush tashvishlari, chek-chegarasi yo'q orzu-havaslar ketidan quvib yuraveradi va o'shalarga aldanib salomatligi, tinchligini qo'ldan berib qo'yadi. Oxir-oqibat attang qiladi va sog'lig'ini yo'qotish evaziga topgan narsasi orzu-havas oldida hech vaqo ekanini anglab etadi.
Mazkur hadis mazmuniga uyg'un ravishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...salomat vaqtingizni kasallik kelishidan oldin g'animat biling...”(Imom Termiziy rivoyati), deb ogohlantirdilar.
Sihat-salomatlikdan bahramand bo'lgan kishigina boshqa ne'matlardan ham bahra olib yashaydi. Salomatlik bo'lmasa, qolganlari behuda, tatimaydi. Shuning uchun inson bu ne'matni qo'ldan bermaslik, unga putur etkazadigan har qanday omillardan o'zini saqlashi zarur.
Mana shu jihatlarni e'tiborga olgan holda Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirildi. Bunda barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, ko'ngilochar maskanlarning kirish qismida niqobda bo'lish, tana haroratini o'lchash amaliyotiga qat'iy rioya etilishi ta'kidlanadi.
Shundan kelib chiqib, mo'min-musulmonlar koronavirus tarqalishining oldini olish yoki yuqishidan ehtiyot bo'lish uchun mutaxassislar tavsiyalariga qat'iy amal qilishlari lozim. Insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro'sini saqlash shariatimiz maqsadlaridan sanaladi. Shu naralarga zarar etadigan holatlarda din o'z ko'rsatmalarini insoniyatga engillatadi. Jumladan, kasallikka qarshi vaktsina olish ham xastalikdan saqlanishning muhim chorasi hisoblanadi. Chunki biz uchun hayotimiz qanchalik muhim bo'lsa, sog'lig'imizning ham ahamiyati shunchalik kattadir.
Haq taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Nabiy alayhissalom bunday deganlar: “Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir”(Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisi muborakda shunday bayon qilinadi: “Rasul alayhissalomdan a'robiylar: “Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?” deb so'rashdi. U Zot alayhissalom:“Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yuqumli kasallikka duchor bo'lish holatlari ortib borayotgan, unga qarshi ehtiyot choralari kuchaytirilayotgan muhim pallada har bir mo'min-musulmon Alloh taoloning taqdiriga rozi bo'lib, jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish, vaktsina bilan emlanishi, shu bilan birga, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan yangi tartib-qoidalarga amal qilib, o'zi, yaqinlarimiz, qolaversa, yurtdoshlarimizning sog'lig'ini saqlashi zarur.
Taassufki, ayrim kishilar bunday tartib-qoidalar va tavsiyalarga rioya qilish o'rniga o'zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiya qoidalarini buzmoqda. Karantin talablarini buzish nafaqat qonun hujjatlari, balki dinimiz ko'rsatmalariga ham rioya etmaslik hisoblanadi. Bunday kimsalar, avvalo, o'zlari va yaqinlarini xatarga qo'yayotganlarini, yurtdoshlarimiz orasida virus keng tarqalishiga sababchi bo'lishlarini teran anglab etishlari zarur. Har bir inson o'zi va boshqalar hayotini muhofaza qilishga mas'ul. Alloh taolo Kalomi sharifida: “O'zingizni halokatga tashlamang!” deb qat'iy xitob qilgan (Baqara surasi, 195-oyat).
Koronavirus — insoniyat uchun Yaratganning bir sinovi. Haq taolo bandalariga biror qiyinchilik yuborsa, albatta, uning ortidan yaxshilikni ham iroda qiladi. Alloh taolo aytadi: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir” (Sharh surasi, 5–6-oyatlar).
Bu oyatni tafsir qilgan ulamolarimiz bir qiyinchilikdan keyin, albatta, ikki engillik bor, deydilar. Tafsiri Tabariyda bunday deyiladi: “Bu oyati karima nozil bo'lganda Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Hursand bo'linglar! Sizlarga engillik keladi. Hargiz bir qiyinchilik ikki engillikdan ustun kelmaydi”.
Har bir sinov ortida Allohning hikmati yashirin. Jaloliddin Rumiy: “Har torlik ortida kenglik, g'amlar ortida shodlik bor. G'am-tashvishlarning kaliti — sabr”, degan hikmatni aytganlar.
Hudoga shukrki, oilasi, farzandlari, el-yurti tinchligi, sog'lig'ini hamma narsadan ustun qo'yadigan donishmand xalqimiz shunday sinovlarni Haq taoloning nusrati va rahmati ila engib o'tmoqda.
O'lkamizda hukm surayotgan osuda hayot bardavom bo'lishi uchun tinchlikning shukronasini qilib, uni ko'z qorachig'idek asramog'imiz darkor. Ne'matlar shukr bilan ziyoda bo'ladi. Zero, oyati karimada: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb bayon qilingan (Ibrohim surasi, 8-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Kim oilasi tinch, tani sog' va bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa, unga go'yo dunyo to'lig'icha berilibdi”,deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, kimki ertalab uyg'onganida o'zi va ahli salomat holda bo'lsa, dasturxonida bir kunlik taomi bo'lsa, eng boy odam shu ekan. Alhamdulillah, xotirjam uxlab-uyg'onib, bola-chaqamizni ta'lim-tarbiyaga yo'llab, o'zimiz ishga, o'qishga borib kelyapmiz. Bir kunlik emas, hatto bir oylik nasibamizga etarli zaxira qilganlarimiz ko'p. Shunday ekan, biz Rasul alayhissalom aytgan dunyoni to'lig'icha olgan eng baxtli kishilarmiz.
Inson berilgan ne'matning qadrini mulohaza va mushohada qilish orqali, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o'ylab ko'rish bilan biladi. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi. Odamlarning o'zaro bir-birlariga ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo'lishi ham asosan xotirjamlik tufaylidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashishni zamon andozalariga mos holda olib borishga alohida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki globallashuv jarayonlari yuqori sur'atda kechayotgan bugungi davr inson ongu qalbiga qaratilgan tahdidlar, din niqobi ostidagi xurujlar tobora kuchayib borayotgani bilan g'oyat murakkabdir.
Bugungi tahlikali zamon, uzoq va yaqin hududlardagi notinchliklarning o'zi voqelikka teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, dunyoda kuchayib borayotgan xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli saboq chiqarib yashashni talab etmoqda.
Qur'oni karimda bunday xitob qilingan: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting”(Oli Imron surasi, 103-oyat).
Ushbu oyatdan o'zaro tafriqaga tushish Allohning arqonini tutishning ziddi ekani tushuniladi. Demak, tafriqaga tushish Allohning arqonini qo'yib yuborish, uning najotidan uzoqlashish. Ahli sunna val jamoada mustahkam turib, tafriqaga bormasa, Alloh undan rozi bo'ladi.
Rivoyat qilinishicha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida sahobalar bir oyat tilovati haqida bahslashib qoldilar. Birlari: “Bunday o'qiladi”, desa, boshqalari: “Unday o'qiladi”, deyishdi. Nabiy alayhissalom ularning ikkisini ham islohga chaqirib: “Ixtilof qilmanglar. Ixtilof qilsangiz, Alloh qalblarni bir-biriga ixtilofli qilib qo'yadi”, dedilar.
Nabiy alayhissalom ummati ekanmiz, firqalarga bo'linmasdan, bizga omonat qoldirilgan mana shu dinda sobitqadam turishimiz kerak. Hammamiz hamjihat bo'lishimiz zarur. Ayniqsa, hozirgi davrda turli sabab va omillar bilan nizo chiqarishga harakat qilayotgan tomonlar ko'payib borayotgan bir pallada osoyishtalikni ta'minlash uchun astoydil qayg'urib, yashashni davrning o'zi taqozo etayotir.
Tinchlik va salomatlik hatto jannatda ham yangraydi. Alloh taolo Qiyomat kuni jannatga kirgan bandalariga: “U (er)ga sog'-salomat, tinch-omon kiringiz!” deb marhamat qiladi (“Hijr surasi”, 46-oyat).
Solih bandalar jannatga ilk qadamlarini qo'yayotganlarida Yaratgan Parvardigor ularga “Salomatlik, tinchlik bilan kiring”, deydi. Demak, jannatdagi qanchadan-qancha qasrlar, anhorlar, mevalar, xullas, nimaiki ne'mat bo'lsa, barchasi mavjud. Qodir Zot avval boshda bu ne'matlardan iste'mol qilib, rohatlaninglar, demadi, balki, birinchi navbatda, sizlar bu erda tinch-omon bo'lasizlar, deb zikr etdi. Chunki banda xotirjamlik bois rohat oladi. Agar tinchligi bo'lmasa, hech bir ne'mat tatimaydi, faqat tinchlik sababli inson farovon hayot kechiradi, ibodatda huzur-halovat topadi.
Hazrati Payg'ambar alayhissalom hayotlariga nazar solsak, biror marta shikoyat qilmaganlarini ko'ramiz. Holbuki, tug'ilmaslaridan oldin otalari, go'daklik chog'larida onalari vafot etdi. Avval bobolari, so'ng amakilari qaramog'ida ulg'aydilar. Fotima onamizdan boshqa barcha farzandlarini o'zlari dafn qildilar. Bu dunyoda inson boshiga tushishi mumkin bo'lgan musibatlarning hammasini boshlaridan o'tkazdilar. Lekin biror marta shikoyat qilmadilar. Hamisha shukrga da'vat qildilar.
So'zim yakunida Nabiy alayhissalomning: “Salomni oralaringizda keng yoyinglar”(Imom Muslim rivoyati), degan so'zlarini keltirishni lozim topdim. “Salom” ya'ni “Assalomu alaykum” — tinchlik, sihat-salomatlik demak. Bu kalom bilan boshqalarga tinchlik-xotirjamlik, huzur-halovat, ofiyat tilaymiz. Oramizda salomni yoyishimiz kerak. Shunda bir-birimizga mehrli, oqibatli bo'lamiz, imonimiz komil bo'ladi. E'tiqodi mukammal kishilarga jannat muborak bo'lsin!
Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni farovon, olijanob xalqimizni turli balo va kasalliklardan O'z panohida asrasin!
Nuriddin HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Samarqand — asrlar davomida islom ma’rifati va tamaddunining nurli markazi bo‘lib kelayotgan, buyuk allomalaru avliyolar yetishib chiqqan muqaddas va tabarruk zamindir. Bu qutlug‘ diyordan taralgan ilm ziyosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamini ma’naviy boyitib kelmoqda. Imomlar, muhaddislar, mufassirlar va mutakallimlar merosi bilan dong taratgan Samarqand bugun ham bag‘rikenglik, ma’rifat va muqaddas qadriyatlar maskani sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.
Bugun Samarqand zaminida muqaddas ziyoratgohlar yanada obod qiyofa kasb etmoqda, masjid va majmualarda xalqimiz uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, joriy 2026 yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda.
Joriy yilda Qurbon hayiti 27 may — Chorshanba kuni nishonlanadi. Samarqand viloyatidagi barcha masjidlarda hayit namozlarini munosib tarzda o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi:
287 ta masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi;
Hayit namozi soat 05:30 da boshlanadi;
Namozdan avval masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.
Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlarning xavfsizligi va emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilagan.
Muborak Qurbon hayiti namozi Imom al-Buxoriy majmuasida ham katta ko‘tarinkilik va fayzu baraka ila ado qilinadi. Erta tongdan ushbu tabarruk maskanda Qur’on tilovatlari, takbir va tahlil sadolari yangrab, namozxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda dunyo musulmonlarining hamjihatligi uchun samimiy duolar qiladilar.
Haj ibodati — musulmonlar uchun eng ulug‘ orzu va muqaddas safardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhtaram janobi oliylarining bevosita e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli joriy mavsum yuqori darajada tashkil etildi:
Samarqand viloyatidan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan 100 nafar fuqaro "Prezident hojisi" sifatida muborak safarga yuborildi. Bu ezgu qadam Yangi O‘zbekistonda inson manfaati va mehr-oqibat tamoyillari ustuvor ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, shinam yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi to‘liq tashkil etilib, malakali guruh rahbarlari va shifokorlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda.
Tarixiy voqea: Joriy yilgi Haj mavsumining barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan unutilmas voqeasi — Davlatimiz rahbarining muborak zaminda bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz holidan shaxsan telefon orqali xabar olganlari bo‘ldi. Yurtboshimiz Muftiy hazratlari bilan muloqotda hojilarning salomatligi bilan qiziqib, ularga o‘zlarining samimiy duo va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Bu yuksak e’tibor Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch va shukronalik bag‘ishladi.
Qurbonlik — Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasidir. Viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra:
Vaqti: Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanib, zulhijjaning 10, 11 va 12-kunlari kun botgunga qadar amalga oshiriladi;
Jonliq: Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin;
Hayvonning holati: Qurbonlik qilinadigan hayvon sog‘lom, ko‘zga ko‘rinarli ayblardan xoli va yetuk yoshda bo‘lishi lozim;
Tarqatish: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini oilaga saqlash, ikkinchi qismini qarindosh-urug‘larga, uchinchi qismini esa muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga tarqatish mustahab (savobli) amaldir.
Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin. Barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etaman!
Ahmadxon domla Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi