Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Oktabr, 2025   |   24 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:36
Peshin
12:14
Asr
15:58
Shom
17:45
Xufton
18:57
Bismillah
16 Oktabr, 2025, 24 Rabi`us soni, 1447

Umraga boruvchi ayollarga tavsiyalar

21.01.2022   3227   6 min.
Umraga boruvchi ayollarga tavsiyalar

Umra qurbi etgan kishilarga sunnati muakkada hisoblanib, yilning barcha oyida bajarish durustdir. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Haj va umrani Alloh uchun to'kis ado eting” (Baqara surasi, 196-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: "Haj va umra qiluvchi Allohning mehmonidir. Allohga duo qilsalar, duolarini ijobat qiladi. Undan mag'firat so'rasalar, ularni mag'firat qiladi"(Ibn Moja rivoyati).

Umraga boruvchilar orasida ayollar ham bo'lgani bois quyida ularga xos bo'lgan masalalar zikr qilinadi:

  • Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda bo'ladi. Ko'ylaklar sidirg'a (gulsiz), ichi ko'rinmaydigan darajada bo'lishi, tor va qora rangda bo'lmasligi talab etiladi.
  • Sochlar doimo ro'mol tagida bo'lishi kerak. Sochlar ibodat chog'ida halaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bog'lab olinadi.
  • Ayollar talbiyani maxfiy, ya'ni past ovozda aytadilar. “Labbaykallohumma labbayk, labbayka laa shariyka laka labbayk, Innal-hamda van-ni'mata laka val-mulk, laa shariyka lak!..”
  • Mehmonxonalardagi xonalar taqsimotida tartibli bo'lish talab etiladi. Mehmonxonada oz vaqt bo'lishni, umraga nima maqsadda borganini doimo yodda saqlagan holda ellikboshining ko'rsatmalariga qat'iy amal qilish shart.
  • Mehmonxonalardagi xonalar ozodaligiga e'tibor berish, suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
  • Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim.
  • Oshxonadagi tartib-intizomga qat'iy rioya etish kerak.
  • Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ko'krak nishoni) va mehmonxona tashrif qog'ozi (vizitka)si doimo yonida olib yurish kerak.
  • Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan bo'lsa, kalitni topshirib ketish zarur.
  • Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan bo'lsa yoki boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qo'yish lozim.
  • Ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, duo va talbiya o'qib ehromga kiradilar. Lekin Ka'ba tavof qilinmaydi, namoz, Qur'on o'qilmaydi. Safo va Marva sa'yini ado etaveradi. Salavot, duo va tasbehlar aytish mumkin. Umra ziyorati hayz kunlariga to'g'ri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib ish ko'riladi.
  • Ayollar kamida uch kishi bo'lib yurishlari, kechasi yolg'iz yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda bo'lsa, shaxsiy avtomobillarga o'tirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi.
  • Masjidun Nabaviydagi bir rakat namozning savobi ming rakat namozga, Masjidul Haramdagi bir rakat namozning savobi esa yuz ming rakat namoz savobiga tengligini doimo yodda saqlab, vaqtni g'animat bilib, ko'proq ibodatda bo'lish kerak.
  • Safo va Marva sa'yi asnosida (ikki yashil ustun orasida) yugurish ayollar uchun sunnat emas.
  • Umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun bo'lsa, sochning uchidan, soch kalta bo'lsa o'ng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak.
  • Umraga boruvchi ayollar ibodat vaqtida ulkan ajrlar berilishi hisobga olib, birovlarning haqiga, moliga hiyonat qilmaslik, atrofdagilar bilan janjalmaslik, o'zi va boshqalar uchun savobli amallar qilishga harakat qilish lozim.
  • Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi.
  • Hamxonalarda keksalar bo'lsa, qo'ldan kelganicha yordam berish tavsiya etiladi.
  • Biz Abu Hanifa mazhabiga muvofiq ibodat qilamiz, shuning uchun ibodat vaqtida boshqa mazhabdagi ayollarning namoziga e'tibor bermaslik lozim.
  • Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar o'zimizning yurtda ham serob bo'lgani bois aeroport ma'muriyati tomonidan talab etilgan me'yordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi.
  • Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Ka'baga matolarni turli niyatlarda surtish, Uhud tog'i tuprog'idan olib ketish, Uhud tog'iga qarab namoz o'qishning bid'at amallardan ekanini aniq bilish zarur.
  • Samolyotda, mehmonxonalarda, masjidlardagi tahoratxonalarda pokizalikka qat'iy e'tibor berish talab etiladi.
  • Umra ziyoratiga borayotganlar nima maqsadda ketayotganligini aniq bilib olishlari, shuningdek, ibodat vaqtlarida ayollarni pardozlanib yurishlari man etiladi.
  • Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yo'li yoddan ko'tarilsa sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qog'ozi (vizitka)ni ko'rsatish maqsadga muvofiqdir.
  • Shifokorlar hamisha xizmatda bo'lganligi bois salomatligingizda yoki hamxonangiz o'zgarish sezsangiz, darrov shifokorga murojaat qilish zarur.
  • Mehmonxonalarda yuk yo'qolishi kabi hodisalar bo'lganida, darhol ellikboshiga murojaat qilish kerak.
  • Toshkent aeroportiga qaytib kelingandan keyin jomadon yoki yuklar yo'qolgani ma'lum bo'lsa, jomadon uchun berilgan chipta ellikboshi bilan birgalikda aeroport ma'muriyatiga topshiriladi.
  • Umra ziyoratidan qaytib kelgandan keyin musulmon kishiga xos bo'lgan ishlarni mukammal bajarishda, mahalla va jamoat ishlarida, yoshlar tarbiyasida ibrat bo'lishlari tavsiya etiladi. Hayrli amallarda davomli bo'lish ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Chnuki ulamolar: “Umra qilgan kishi axloqining yaxshi holatga o'zgarishi, qilgan umrasining qabul bo'lgani alomatidir”, deganlar.

Alloh taolo umra amalingizni dargohida husni maqbul aylashini tilab qolamiz.

 

Munira ABUBAKIROVA,

O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ona sutining foydalari

16.10.2025   989   2 min.
Ona sutining foydalari

Islom dini ona sutiga katta ahamiyat beradi va uni chaqaloq uchun eng yaxshi oziq-ovqat manbai sifatida tan oladi. Qur’on va hadisda ona suti haqida bir necha marotaba ta’kidlangan va emizishning fazilatlari haqida bayon qilingan.

Qur’onda ona sutining ahamiyati haqida bir necha oyatlar keladi:

 Baqara surasining 233-oyatida bunday deyiladi: "Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizadilar. Bu emizish (haqi)ni to‘la-to‘kis berishni xohlaganlar uchundir". Bu oyat emizishning nafaqat muhimligi, balki uning muddati haqida ham ko‘rsatma beradi.

Hadislar ham ona suti va emizishning ahamiyatini ta’kidlaydi:

Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Har bir chaqaloqning nasibasi unga sut onasidan keladi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadis ona sutining muhimligi, chaqaloqni kim emizishiga e’tibor berish kerakligini bildiradi.

Ibn Moja rivoyatida bunday keladi: "Bolalarni emizish bilan onalar farzandlari bilan yanada kuchli bog‘lanish hosil qiladi". Bu hadis emizish jarayonining emotsional va ruhiy ahamiyatini ta’kidlaydi.

Islom shariatida emizish nafaqat tavsiya etiladi, balki ba’zi holatlarda majburiy hisoblanadi:

Vaqt va muddat. Qur’on va hadislar asosida, emizishning maksimal muddati ikki yil deb belgilangan. Bu muddat bola uchun eng maqbul deb qaraladi. Ammo undan kam vaqt emizishga ham dinimiz qarshi emas. Balki, bu muddat emizish orqali ona va bolalik (razoat) hosil bo‘lishi muddatidir.

Sog‘liq va tarbiya. Ona suti bola salomatligi va tarbiyasi uchun muhimdir. Shuning uchun ona imkon qadar farzandini o‘zi emizishi kerak.

Mahramlik rishtasi. Islomda ona suti bilan oziqlangan bolalar o‘rtasida mahramlik (yaqin qarindoshlik) yuzaga keladi. Bir onaning sutini emgan bolalar aka-uka yoki opa-singil hisoblanadi. Ularning bir-biri bilan nikohlanishi haromga aylanadi.

Dinimiz ona sutining ahamiyatini ana shunday yuqori darajada baholaydi. Ona sutining ahamiyatini tan olish va uni qo‘llab-quvvatlash har bir musulmon ota-ona uchun muhim hisoblanadi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari

Maqolalar