Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
611. Molik ibn Nazla Jashmiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga xarob kiyimda keldim. U zot: «Molu mulking bormi?» dedilar. «Ha», dedim. «Qaysi molu mulkdan bor?» dedilar. «Tuyadan, qo'ydan, otdan va quldan», dedim. «Agar Alloh senga molu dunyo berar ekan, Allohning senga bergan ne'matining va ikromining asari ko'rinsin!» dedilar».
Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilishgan.
612. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh O'z ne'matining asarini bandasida ko'rishni sevadi», dedilar».
Termiziy va Hokim rivoyat qilishgan.
613. Misvar ibn Maxrama roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaktak choponlar taqsimladilar. Maxramaga ulardan hech narsa bermadilar. Maxrama (menga): «Ey o'g'lim, men bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yur», dedi. U bilan bordim. «Kirib, uni menga chaqir», dedi. Men u zotni unga chaqirdim. U zot ustlarida yaktak chopon bilan chiqdilar va: «Mana buni sen uchun olib qo'ygan edik», dedilar». Unga qarab, Maxrama rozi bo'ldi».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» kitobidan
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati