13 yanvar' kuni Imom Buxoriy xalqaro tadqiqot markazi Buyuk Britaniyaning «Al-Furqon» fondi bilan hamkorlokda islom qo'lyozmalari kodikologiyasiga bag'ishlangan onlayn-seminar tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O'zbekistonning Londondagi elchixonasi ko'magida uyushtirilgan tadbirda O'zbekiston Din ishlari bo'yicha qo'mitasi, Islom tsivilizatsiyasi markazi, Madaniy qadriyatlarni o'rganish markazi, Halqaro islom akademiyasi, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro tadqiqotlar markazlari vakillari va boshqalar ishtirok etdilar.
Anjumanda «Al-Furqon» fondi ijrochi direktori Sali Shahsivariy «O'zbekistonning boy ilmiy merosi «Jahon islom qo'lyozmalari sharhida» mavzusidagi taqdimot o'tkazdi. Unda O'zbekistonning yozma ilmiy merosi, islomiy qo'lyozmalar saqlanadigan shaharlar va kutubxonalar, ularning soni, yo'nalishi, o'rganilganlik darajasi, kataloglashtirish va raqamlashtirish haqidagi ma'lumotlar o'z ifodasini topdi. Sali Shahsivariy O'zbekistonning boy ilmiy merosi mamlakat hududining ma'rifatli islom markazlaridan biri bo'lganidan dalolat berishini alohida ta'kidladi.
Tadbir yakunlari bo'yicha «Al-Furqon» fondi va O'zbekiston ilmiy-tadqiqot muassasalari o'rtasida qo'lyozmalar kataloglarini o'zaro almashish, yangi kataloglar tuzish va ularni tarjima qilish, O'zbekistondagi to'plamlar haqidagi ma'lumotlarni fond tomonidan yaratilgan islom qo'lyozmalarining jahon ma'lumotlar bazasiga kiritish, birgalikda tadqiqot va tadbirlar o'tkazish, shuningdek, kodikologiya sohasida treninglar tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, «Al-Furqon» fondi 1988 yilda Londonda tashkil topgan bo'lib, butun dunyoda islom merosiga oid qo'lyozmalarni o'rganish, kataloglashtirish va saqlanishini ta'minlash ushbu jamg'arma faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi. «Al-Furqon» mutaxassislari dunyoning turli mintaqalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi. Fond tomonidan 60 dan ortiq nashr chop etilgan. Ular, asosan, kataloglardan, shu jumladan, «Islom qo'lyozmalarining jahon sharhi» ko'p jildli kitobidan iborat.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 13–14 mart kunlari yurtimizda "Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, mahallalar va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan umumxalq xariya hashari diniy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlarimizni ezgulik yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi qariyb 2150 ta masjid, 270 ta ziyoratgoh va 4500 ta qabriston hududlarida keng ko‘lamli tozalik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hashar doirasida million kvadrat metrdan ortiq maydon chiqindilardan tozalanib, 35 000 tup ko‘chat ekildi hamda 88 000 dona daraxt oqlanib, shakl berildi.
Bayram oldidan nafaqat masjid va ziyoratgohlar, balki insonlar qalbiga ham quvonch ulashildi: imom-xatiblar boshchiligidagi 85 mingdan ziyod hasharchilar tomonidan 750 dan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shuningdek, 4100 nafardan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga jami 1 mlrd 465 mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bunday olijanob ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Ramazon hayiti shukuhini xonadonlarga olib kirdi.
Masjidlarda namozxonlar va ziyoratchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar hozirlanib, xonaqoh va tahoratxonalar bayram namoziga shay holga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati