Imom Avzoiy rohimahulloh aytadi: «Ato ibn Abi Raboh o'z vaqtida eng buyuk inson edi. Uning majlisida ettita yoki sakkizta inson bo'lar edi».
E'tibor bering. Umaviylar xalifasining jarchisi o'sha davrda: «Hajda insonlarga faqatgina Ato ibn Abi Raboh fatvo beradi», deb jar solgan edi. Buyuk imomlardan Maymun ibn Mihron rohimahullohning aytishicha, Atodan so'ng unga o'xshagani kelmagan. Ammo shunday bo'lsada, u darslarida hozir bo'lgan kishilarning ozligidan jirkanmasdan, dangasalik qilmasdan, zerikmasdan darsda bardavom bo'lgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh o'zlarining «Musnad»larini uch kishiga mukammal aytganlar xolos. Hanbal ibn Ishoq aytadi:
«Ahmad ibn Hanbal meni, Solihni va Abdullohni jamlab bizga «Musnad»ni o'qib berdi. Uni bizdan boshqa hech kim eshitmagan. Vaholanki, u bizga bu kitobdagi hadislarni etti yuz ellik ming hadis ichidan tanlab olganini aytan edi». Ya'ni, imom Ahmad rohimahulloh «Musnad»ni shuncha mehnat ila jamlagan bo'lsalarda uni uchtagina insonga imlo qilishdan zerikmaganlar Alloh rozi bo'lsin!
Inson ko'pchilikka qiziqadi, ko'pchilik unga yoqadi. Muxlislarining ziyoda bo'lganida quvonsa, ularning kamayganidan qalblar mahzun bo'ladi. Bu to'g'risida nafslar turlicha bo'ladi. Ammo bu joyda boshqa narsani so'zlamoqchimiz. Haqiqiy da'vatchini tinglovchilarning ozligi maqsadidan chalg'itmasligi lozim. Uning darslari va mav'izalariga keluvchilarning ozligi uning g'ayratini so'ndirmasligi kerak. Uning vazifasi bu maydonda faqat etkazishdir. Bu Nabiy alayhis salomning yo'llaridir.
Ba'zi olimlarning hayotiga nazar soladigan bo'lsak ularning oldingi faoliyatida nihoyatda oz inson tinglagani, keyinchalik esa uning sabri va matonati sabab tinglovchilari behad ko'payib ketganini ko'ramiz.
Shayx Abdulkarim Huzayr o'zining «Tafsiri Qurtubiy»ni dars berganini shunday eslaydi:
«Bu tafsirni 22 yil dars berdim. Avvalda nihoyatda ozchilik keldi darsimga. Ular uzilib-uzilib kelishar edi. Ta'limning boshida bu tabiiy. Ko'p toliblar eshituvchilarning ozligi uchun darsni tashlab ketishadi. Darsdan eng ko'p foyda oladigan kishi ustozdir. Men aytar edimki, darsga keladigan bir kishiga agar pul bersang ham uning senga muhtojligidan sening unga muhtojliging ko'proqdir!»
Abdurrahmon ibn Mahdiy aytadi:
«Men juma namoziga borar edim. U erda odam ko'p bo'lsa xursand bo'lar, odam oz bo'lsa xafa bo'lar edim. Buni Bishr ibn Mansurga aytdim. Shunda u dedi:
«U yomon majlisdir. U erga qaytib borma!». Men qaytib u masjidga bormadim».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sabrlari va matonatlari bu to'g'risida bizga go'zal namunadir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Absani islomga da'vat qilganlarida u Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: «Sen bilan birga kimlar bor?», deb so'ragan edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Bir hur va bir qul», degan edilar. O'shanda u zotning atroflarida faqatgina Abu Bakr va Bilol roziyallohu anhu bor edilar.
Ibnul Javziy rohimahulloh o'zining «Talbisu Iblis» kitobida shunday deydi:
«Ba'zilar tobelarining ko'pligi bilan faxrlanadi. Shayton unga «sen toliblarning ko'pligidan faxrlanayapsan, bunda hech qanday yomonlik yo'q» deydi. Aslida u ashoblarining ko'payishini, nomini chiqarishni, dong taratishni maqsad qilgan bo'ladi. U tobelarining so'zlaridan ujbga ketadi. Agar uning tobelari o'zidan ko'ra olimroq boshqa bir insonning oldiga ketsa bu uning nafsiga og'irlik qiladi. Bu ta'limdagi ixlosli kishining ishi emas».
Olimlarning vazifasi etkazish. Hidoyat qilish Allohning ishi. Ma'lumki, mo''min inson odamlar haqqa ijobat qilishmasa xafa bo'ladi. Ana shu xafa bo'luvchilar ikkiga bo'linadi:
Ikkinchisi maqtovga sazovor xafalikdir. Chunki birinchisi o'ziga da'vat qiladi. Ikkinchisi esa Allohga da'vat qiladi. Bishr Hofiy rohimahulloh: «Mashhurlikni sevadigan kishi Allohdan qo'rqmaydi», deganlar.
Alloh barchamizni isloh qilsin!
Abdulqodir Polvonov
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari