Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Emlanish kasallikdan saqlanishning muhim chorasi

18.01.2022   1941   13 min.
Emlanish kasallikdan saqlanishning muhim chorasi

Ogohlik qo'ng'irog'i

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taoloning bandalariga bergan behisob ne'matlari ichida eng ulug'i, bu — sihat-salomatlik. Shu bois, bu bebaho ne'matning qadri nechog'liq ulug' ekani haqida Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biz, ummatlarini ogohlantirib shunday marhamat qilganlar: “Ikki ne'mat borki,ko'pchilik odamlar uning qadriga etmay aldanibqolganlar. U ikkisi — sihat-salomatlik vaosudalik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Darhaqiqat, insoniyat gohida o'zida bor ne'matning qadriga etmaydi. Salomat va xotirjam bo'lgan kishi turmush tashvishlari, cheki-chegarasi yo'q orzu-havaslar ketidan quvib yuraveradi va o'shalarga aldanib salomatligi, tinchligini qo'ldan berib qo'yadi. Oxir-oqibat attang qiladi va salomatligini yo'qotish evaziga topgan narsasi orzu-havas oldida hech narsa emasligini anglab etadi. Lekin keyingi afsus-nadomatning foydasi yo'q. Shuning uchun ne'matlarning vaqtida qadriga etib, shukronasini ado etib bormoqlik lozim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida marhamat qildilar: “...salomatlik vaqtingizni bemorlikkelishidan oldin g'animat biling...” (Imom Termiziy rivoyati).

Sihat-salomatlikdan bahramand kishigina boshqa ne'matlardan ham bahra olib yashaydi. Salomatlik bo'lmasa, boshqalari insonga tatimaydi. Shuning uchun, inson bu ne'matni qo'ldan bermaslik, unga futur etkazadigan har qanday illatlardan o'zini saqlamog'ligi lozim bo'ladi.

Shu kunlarda mamlakatimizda epidemiologik vaziyat xavotirli tus olayotir, eng achinarlisi, kasallikdan vafot etganlar bor.

Sog'liqni saqlash vazirligi yurtimizda koronavirusning “omicron” shtammi aniqlangani, ehtiyot choralari kuchaytirilishi haqida xabar qilib, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig'ilishida mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani, ushbu kasallikka qarshi zarur choralar ko'rishni davom ettirish lozimligi qayd etilgan edi.

Hususan, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Bunda barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, ko'ngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda bo'lish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini o'lchash amaliyotiga qat'iy rioya etilishi ta'minlanadi.

Shundan kelib chiqib, mo'min-musulmonlar koronavirus tarqalishi yoki yuqishidan ehtiyot bo'lish maqsadida mutaxassislar ko'rsatmalariga qat'iy amal qilishi lozim. Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro'sini saqlash muhim asoslardan biri sanaladi. Mana shu jihatlarga zarar etadigan holatlarda shariat o'z ko'rsatmalarini insoniyatga engillatadi.

Ma'lumki, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti koronavirusni pandemiya, deb e'lon qildi. Ushbu kasallik asosan, havo-tomchi, qo'l berib so'rashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa bo'lib to'planish holatlari ushbu xatarli virus tarqalishiga sabab bo'ladi. Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va shar'iy qoidalarda ko'rsatilgan tavsiyalarga amal qilish buyuriladi: Alloh taolo Qur'oni karimda shunday bayon qiladi: “O'zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush ko'radir” (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda halokatga sabab bo'ladigan ishlardan to'xtashga buyurilgan. Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish ham va zarar ko'rish ham yo'q” deganlar (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari). Demak, hadisi sharifda inson o'ziga yoki o'zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo'lishga buyurilgan. Mo''tabar fiqhiy kitoblarimizda: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo'yiladi”, deyilgani ham ayni haqiqat.

Koronavirus yuqumli kasalligi tarqalayotgan paytda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora-tadbirlarini ko'rishi lozim. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo'lmasa, u erdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko'rsatmalariga to'la amal qilinadi.

Hazrati Payg'ambarimiz alayhissalom kasallik tarqagan vaziyatda sabablarni ushlash, kishi salomatligi uchun zarur choralarni ko'rish lozimligini ta'kidlab, shunday marhamat qilganlar: “Albatta, bu vabo — Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan birozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agarbir erda vabo paydo bo'lsa, u erdan chiqib ketmanglar. Agar bir erda vabo borligini eshitsangiz, u erga bormang lar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Kasallik, bu — sinov. U shunday sinovki, nafaqat kishilarni, balki butun xalqni sinaydi. Mana shunday kunlarda har birimiz sabr-matonatli bo'lmog'imiz, bo'sh vaqtimizni iloji boricha foydali ishlarga sarflashimiz darkor. Bu sinovli kunlarda barchamiz sabr qilib, birdam bo'lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, inshaalloh tez kunlarda qiyinchilik ortidan engillik va farovonlik keladi. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda bandalariga bir qiyinchilik ortidan albatta, engillik kelishini bayon qilib, shunday degan: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir” (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).

Bu oyatni tafsir qilgan ulamolarimiz bir qiyinchilikdan keyin ikki engillik bor, deydi.

Dunyoda xursandchilik bilan xafachilik doim yonma-yon yuradi, lekin Alloh taolo bandalariga etgan aziyatlar sababli ularning darajalari ko'tarilishi, qalblari poklanishi va gunohlari yuvilib ketishini xohlaydi.

Yana bir hadisda shunday deyiladi: “Savobning ulug'ligi balo-musibatning kattaligiga qarabdir. Agar Alloh bir qavmni yaxshi ko'rsa, ularga sinov yuboradi. Kim bunga rozi bo'lsa, Alloh ham undan rozi bo'ladi. Kim sinov-musibatdan g'azablansa, unga ham g'azab bo'ladi” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, inson musibatlarni Alloh taolodan bilib, sabr-toqatli va shukrli bo'lsa, jazavaga tushmasa, o'z holatidan g'azablanmasa, unga Alloh taoloning roziligi, yordami va fazli bo'ladi.

Gohida insonga bemorlik etishi tabiiy holat. Insonning ojizligi ham shunda. Bu dunyoda Alloh taolo bandalarini turli yo'llar bilan sinab, imtihon qilar ekan, bemorlik ham o'sha sinovlardan biridir. Buning uchun banda g'amga botmasligi kerak, aksincha, bu imtihondan muvaffaqiyatli o'tishga o'zida kuch topa olishi lozim. U ham bo'lsa, sabrdir. Hastalikka sabr qilgan kishiga savob yozilishi, gunohlariga kafforat bo'lishi haqida Nabiy alayhissalomdan qator hadislar vorid bo'lgan. Jumladan, Abu Sa'id Hudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon kishiga etadigan charchoq, xafalik,ozor, g'am-tashvish va hatto bitta tikan kirishisababli Alloh taolo uning xatolarini o'chiradi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizda davolanishga ijozat berilgan. Hadislarda bayon etilishicha, Alloh taolo qanday dard nozil qilgan bo'lsa, albatta, uning davosini ham nozil qilgan. Shunday ekan, insoniyat doimo izlanishda bo'lib, o'zining hayotini saqlovchi, sog'lig'ini asrovchi vositalarni kashf qilishda bardavom bo'lishi lozim.

Allohga hamdlar bo'lsinki, hukumatimiz miqyosida koronavirusga qarshi kurashish bo'yicha katta e'tibor qaratilmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan bugungi kunda aholini koronavirusga qarshi emlash maqsadida, O'zbekistonga vaktsina etkazish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Ma'lumki, sog'liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus — COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaktsina olish ekani to'g'risida xulosaga keldi.

Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro'sini saqlash muhim ko'rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar etadigan holatlarda shariatimiz uni daf qilish sabablarini qo'llashga buyuradi. Shunday ekan, vaktsina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta'kidlanadi. Oqil inson sog'lig'ining ketishiga o'zi bila turib sababchi bo'lmasligi lozim. Chunki biz uchun hayotimiz qanchalik omonat bo'lsa, sog'lig'imiz ham omonatdir. O'z joniga qasd qilish qanchalik og'ir gunoh bo'lsa,qasddan sog'lig'iga putur etkazish ham shunchalik gunoh.

Birinchidan, dinimiz ko'rsatmalariga ko'ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi: “Payg'ambarimiz alayhissalomdan a'robiylar: “Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?”, deb so'rashdi. U Zot alayhissalom: “Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ikkinchidan, ba'zi kishilar kasal emasligini ro'kach qilib, vaktsina olishga beparvo bo'ladi, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar: “Kasallikdan saqlanish unidavolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy vaadillatuhu” kitobi). Demak, bemor bo'lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo'ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o'ziga ham o'zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Sa'id al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish ham, zarar ko'rishham yo'q”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, vaktsinani olishimiz, birinchi navbatda, o'zimiz, qolaversa, yaqinlarimiz sog'lig'ini saqlashga sabab bo'ladi.

To'rtinchidan, hozirgi kunda Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda, vaktsina bilan emlangan bo'lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo'lgan kishidan vaktsina bilan emlanganlik so'ralmoqda.

Hulosa shuki, hozirda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga etkazib berilayotgan vaktsinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar'an joiz, chunki bu davolanishning bir ko'rinishidir.

Yuqumli kasallik bilan xastalanish holatlari ortib borayotgan, unga qarshi ehtiyot choralari kuchaytirilayotgan vaqtda har bir mo'min-musulmon Alloh taoloning taqdiriga rozi bo'lib, jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish, kasallikning oldini olish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan tavsiya etilgan vaktsinalar bilan to'liq emlanish kabi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan yangi tartib-qoidalarga qat'iy amal qilib, o'zimiz, yaqinlarimiz, qolaversa, yurtdosh larimizning sog'lig'ini saqlaylik.

Zero, ulamolarimiz aytganlaridek: “Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir”.

Homidjon IShMATBYeKOV,

O'zbekiston musulmonlari

idorasi raisining

birinchi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

15.07.2025   592   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

So‘nggi yillarda umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga sifatli va qulay xizmatlar ko‘rsatish hamda ibodatlarni shariat talablariga muvofiq ado etish ishlari “Haj” va “Umra” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

30 yildan ziyod amaliy tajriba asosida ziyoratchilarimiz uchun 10 kunlik maxsus umra dasturi taklif etilmoqda.

Dastur doirasida quyidagi qulayliklar nazarda tutilgan:

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar;

3 kecha Madina, 7 kecha Makkada bo‘lish;

Jidda–Madina, Madina–Makka va Makka–Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar xizmati;

Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar;

3 mahal mazali taomlar;

Madina shahrida Nabaviy masjidi, “Ravza”, Qubo, Qiblatayn masjidlari va Uhud maydoniga ziyorat;

Makka shahrida Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari hamda Nur va Savr tog‘lariga ziyorat;

Jidda shahridagi Qizil dengizga sayohat.

Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari, malakali shifokorlar hamrohlik qilib, ibodat va safarni oson va xotirjam o‘tishini ta’minlaydilar.

Umra safariga borish niyatida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.

Murojaat uchun telefonlar:

Haj va Umra Markazi
+998778821858
+998998821858

Hududiy mas’ullar:
Andijon vil. +998999012979
Farg‘ona vil. +998902723477
Namangan vil. +998902181117
Sirdaryo vil. +998911012816
Jizzax vil. +998941955554
Samarqand vil. +998979121674
Qashqadaryo vil. +998995803520
Surxondaryo vil. +998915861007
Buxoro vil. +998906116486
Navoiy vil. +998997516005
Xorazm vil  +998910941100
Qoraqalpog‘iston Res. +998973490457

 

O'zbekiston yangiliklari