Aksariyat mo'min-musulmonlar Qur'oni karimni faqat savob va ajr umidida o'qishadi. Aslida, Qur'oni karimning foydali jihatlari, manfaatli tomonlari juda ko'p.
Har kim har gal Qur'oni karimni ezgu niyat bilan o'qisa, ulug' fazilat va savoblarga erishadi. Zero, hadisi sharifda: “Amallar niyatlarga ko'radir. Har kim niyatiga yarasha oladi...” deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Qur'oni karim hayotimiz dasturi, umrimiz mazmuni, oxiratimiz uchun savoblar manbaidir. Shu nuqtai nazardan Qur'on o'qish arafasida ezgu niyat qilish xuddi tijoratdagi kabi mo'l foyda garovidir.
Qur'on o'qimoqchi bo'lgan kishi quyidagilarni niyat qilishi kerak:
1) Qur'onni ilm va amal niyatida o'qing;
2) Qur'onni Allohdan o'zingizni, zurriyotingizni va ahli baytingizni hidoyat etishini niyat qilib o'qing;
3) Qur'onni Alloh taologa munojot niyatida o'qing;
4) Qur'onni zohiriy va botiniy kasalliklarga shifo niyatida o'qing;
5) Qur'onni Alloh taolo zulmatdan nurga chiqarishini niyat qilgan holda o'qing;
6) Qur'onni qotgan qalblarni yumshatuvchi ko'ngillarga orom beruvchi, vasvasalarga qo'rg'on bo'luvchi ilohiy kalom ekanligini niyat qilib o'qing;
7) Qur'onni o'zingiz va oila a'zolaringizdan hasadni bartaraf etish, nazar-nafasdan panoh tilash maqsadida o'qing;
8) Qur'onni g'ofillardan emas, zokirlardan bo'lish niyatida o'qing;
9) Qur'onni imonning ziyoda bo'lishi va Allohga yaqin bo'lish maqsadida o'qing;
10) Qur'onni Allohning amrlariga qat'iy rioya qilish va bu borada barchaga o'rnak bo'lish maqsadida o'qing;
11) Qur'onni savob olish maqsadida o'qing. Hatto har bir harfga 10 savob yozilsin. Chunki Alloh xohlagan bandasiga ajrlarini ko'paytirib beradi;
12) Qur'onni qiyomat kuni Kalomulloh shafoatiga noil bo'lishni umid qilib o'qing;
13) Qur'onni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vasiyatlariga rioya qilyapman, degan niyatda o'qing. Chunki u zot alayhissalom: “Qur'on o'qinglar”, deb marhamat qilganlar;
14) Qur'onni Alloh daraja va martabamni ko'taradi, menga manfaat beradi, degan niyatda o'qing;
15) Qur'onni jannatda darajalarim ko'tariladi, degan niyatda o'qing. Chunki hadisi sharifda: «Qiyomat kuni Qur'on sohibiga: “O'qi va ko'taril. Dunyoda qanday o'qigan bo'lsang, shunday o'qi. Oxirgi oyatni o'qigan joying (jannatdagi) manziling bo'ladi”, deyiladi» (Imom Abu Dovud rivoyati);
16) Qur'onni qiyomat kuni izzat tojini kiyish maqsadida o'qing;
17) Qur'onni Allohning zikri va u Zot bilan birga bo'lish, olamlar Rabbiga yaqinlashish maqsadida o'qing. Hadisi qudsiyda: “...bandam meni zikr qilganda, Men u bilan birgaman...”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan;
18) Qur'onni Allohning ahli bo'lish va u Zotning xos bandalari qatoridan joy olish maqsadida o'qing;
19) Qur'onni do'zaxdan va Allohning azobidan najot topish niyatida o'qing;
20) Qur'onni o'zingiz va oila a'zolaringizni sehr-jodudan, shayton va jinlarning yomonliklridan panoh tilash niyatida o'qing;
21) Qur'onni Mushafga qarab o'qish ibodat ekanligi uchun o'qing;
22) Qur'onni Alloh huzurida fazl va yaxshiliklarga erishish niyatida tilovat qiling;
23) Qur'onni ovozingizni go'zal, hidingizni xushbo'y qilish niyatida o'qing;
24) Qur'on o'qing. Chunki Qur'on qiroati bilan Alloh taolo mahzunliklarni ketkazadi, g'am-anduhlardan asraydi;
25) Qur'onni Alloh taolo hojatlarimni ravo qiladi, duolarimni ijobat etadi, degan niyatda o'qing.
T.NIZOM tayyorladi.
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati