Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
To'liq ismi va tavalludi
Shayx Muhammad Abdulaziz Hasson Basyuniy 1928-yil 22-avgustda Misr Arab Respublikasining G'arbiya viloyati Basyun markazi Farastaq qishlog'ida tug'ilgan.
G'arbiya muhofazotidan dunyoga taniqli shayx Mustafo Ismoil va shayx Mahmud Halil Husoriy kabi Qur'on qorilari etishib chiqqan.
Bemorligi
Shayx Muhammad Abdulaziz yoshligidan ko'zi ojiz bo'lgan.
Ilm yo'li
Shayx Muhammad Abdulazizning ko'zi ojizligi uni butun borlig'i bilan Qur'on yodlashga o'zini baxshida etishiga sabab bo'ldi. U bolaligidanoq Qur'onga muhabbat qo'yib, yod olishga kirishdi. Otasi o'g'lining zehni, xotirasi va Qur'onga ixlosini ko'rib uni qo'shni qishloq Qastodagi shayx Arafa Rashidiyning boshlang'ich maktabiga olib bordi. Hoji Abdulaziz har kuni o'g'lining qo'lidan etaklab, maktabga olib borar, yo'l-yo'lakay o'g'li bilan suhbat qurib ketardi. Bu kichkinagina bolakayni oilada, qishloqdagilar va maktabdagilar yaxshi ko'rib, doim “Shayx Muhammad” deb chaqirishardi. Bunday chaqirilishi Shayx Muhammadni shijoatlantirib, yanada Qur'onga muhabbatni oshirib, qilayotgan ishidan faxr tuydirardi. Shu o'rinda aytib o'tish lozim, har bir ota-ona farzandini kelajakdagi o'rganishi mumkin bo'lgan ilmi va kasbiga mos bo'lgan masalan, “Shayx”, “Qori”, “Hazrat” vahokazo nomlar bilan atab chaqirsa, bu uning ruhiyatiga ijobiy ta'sir qiladi. Ya'ni, ruhiyati ko'tarilib, o'zini kattalardek his etadi va kelajakda kim bo'lishini tasavvur qila boshlaydi. Shayx Muhammadda ham xuddi shunday bo'ldi. U bolaligidanoq o'zini shayxlardek viqorli tutar, o'zini tutishi va ilmga intilishda boshqa tengdoshlariga nisbatan ajralib turardi. U hayotini Qur'on bilan ko'rib, dunyoda ham oxiratda ham faqat u tufayli aziz bo'lishini tushunib etgandi.
Shayx Muhammad etti yoshida Qur'oni Karimni to'liq yod oldi. U intilishda davom etib, tajvid va qiroat ilmlariga kirishdi. Oradan uzoq muddat o'tmay etti xil qiroatni o'rganib va “Shotibiya” matnini yodladi. O'n yoshga etganda, o'ziga berilgan “Shayx” nomiga munosib mukammal qori bo'ldi. U yana ustozi shayx Arafaning huzurida ilmni davom ettirib, piyoda qishloqqa qatnar, yo'lda Qur'onni o'zi radiodan sevib eshitadigan mashhur qorilarga taqlid qilib go'zal ohangda takror qilib ketardi. Darsini topshirib bo'lgandan keyin ustozi undan biror oyatlarni go'zal ohang bilan qiroat qilib berishini so'rar va uni jon qulog'i bilan tinglardi. Bu esa, yosh qoriga ishonch bag'ishlardi. Ustozi doim uni qattiq nazorat qilib, darslarni qoldirmasligini, tinimsiz Qur'onni takror qilib yurishni uqtirardi. Shayx Muhammad u aytganidek, vazifalarni puxta bajarar, yaqinlari bilan o'tirish, o'rtoqlari bilan o'ynashga ham vaqti bo'lmasdi.
Bir kuni shayx Arafa: “Ey Muhammad, men bilan Abdurahmon Bek Ramazon ismli do'stimni uyiga borasanmi? U bizni ajoyib tadbirga chaqiryapti. U erga mashhur qorilar keladi. Ular bilan tanishib olasan” deydi. Shayx Muhammad rozi bo'lib ustozi bilan Qur'on majlisiga boradi. U erda ulamolar va ko'plab mashhur qorilar to'planishgandi. Ular Shayx Muhammadni qiroat qilib berishini so'raydilar. U qiroatni yakunlagandan keyin yig'ilganlar unga tahsin aytadilar. Shunda qiroatda etuk ustozlardan bo'lgan Abdurahmon Bek Ramazon uning ustoziga: “Bu bolakayning ismi nima?” deb so'raydi. Ustozi: “Muhammad Abdulaziz, Farastaq qishlog'idan” deb javob beradi. U: “Ey shayx Arafa, unga e'tiborli bo'ling uning kelajagi porloq ekan. Kunlar o'tib yuzaga chiqadi. U bo'yningizdagi omonat” deydi.
Shayx Muhammad darslarda davom etib, orada ba'zan masjidlar va turli marosimlarda tilovat qilib, kishilar qalbini Kalomulloh bilan xushnud etardi. 1964-yili Misr Qorilari uyushmasi tomonidan radioda tilovat qilish uchun qorilar o'rtasida tanlov bo'lib o'tdi. Ikki bosqichli bu tanlovda Shayx Muhammad imtihonlarda muvofaqqiyatli o'tib, radioda tilovat qila boshladi. U Misr radio va televideniyalarida kunlik tonggi eshittirishlarda va Juma kuni tilovat qiladigan yagona qori bo'ldi. U belgilangan vaqtlardan kech qolmay Qohiraga etib kelar va yana masjidga Qur'on xizmati uchun qaytib, ketardi. Agar biror marosim yoki tadbirga borishga rozi bo'lsa, aslo va'dasiga xilof qilmasdi.
Bir kuni Kafr az-Zayyot viloyatidagi madrasalardan birida farroshlik qiluvchi Shayx Muhammad qiroatiga ixlosmand kishi Hoji Halil vafot etadi. U vafotidan avval farzandlariga: “Mening vafotimdan keyin Shayx Muhammadni chaqiringlar. U kelib aza marosimida uyimizda tilovat qilib beradi” deb vasiyat qiladi. Farzandlari Shayx Muhammad mashhur kishi bo'lgani, uni uzoqdan uyga olib kelish uchun imkonlari yo'qligini o'ylab taraddudlanadilar. Ulardan biri bu haqda Shayx Muhammadga xabar qilganda, shayx yo'l va marosimning barcha xarajatlarini o'z zimmasiga oladi va borishga va'da beradi. Aza marosimidan avval Misr davlat boshqaruv tizimi rahbarlaridan biri shayxga telefon qilib, prezident Anvar Saadatning onasi vafot etgani va uning uyiga borishi zarurligini ta'kidlaydi. Shayx Muhammad unga bir kambag'al kishi vafot etganini va uni vasiyatini bajarishga va'da berganini aytib, uzrini bildirib, rahbarga rad javobini beradi. Oradan bir necha kun o'tib, Prezident onasi vafoti bilan marosim o'tkazganda, Shayx Muhammad ham boradi va u bilan ko'rishganda prezident Saadat uning va'dasiga vafo qilganini e'tirof etib: “Allohga qasamki, mavlono, siz ehtiromga sazovor kishisiz, meni nazdimda yanada buyuk bo'lib ketdingiz. Onam vafot etganda siz Halil amakining farzandlariga bergan va'dangizni bajarish uchun uzr aytdingiz” deydi.
1980-yili Misr Respublikasi Prezidenti Anvar Saadatning qarori bilan Tanto shahridagi Ahmadiya masjidiga imom qilib tayinlandi. Shayx Muhammad bu masjidda tilovat qilish bilan birga Qiroat va tajvid ilmlaridan dars beradi. Uni ko'plab chet el mamlakatlariga Ramazonda xatmga o'tish va turli marosimlarga tilovat qilib berish uchun taklif etiladi. Lekin u aksariyat takliflarga rad javobini beradi. Faqat ayrim Arab davlatlariga bordi va Misrdan chet elga Qur'on tilovati uchun rasmiy safar qilgan birinchi ko'zi ojiz qori bo'ldi.
Misr televideniyesi rasmiylari 1980-yillarda ko'zi ojiz qorilarni marosimlarda televideniyaga olishni taqiqlab qo'yishgandi. Chunki ular qiroat paytida soatni ko'ra olmay, belgilangan vaqtdan o'tib ketardilar. O'ta zarurat bo'lsa, bu kabi qorilarni yonida bir kishi turib, vaqt yakunlanganini bildirish uchun ikki daqiqa avval ikki barmoqlarini ushlab qo'yardi. Shayx Muhammad bu kabi taqiqlardan istisno qilingandi.
Shayx Muhammad Abdurahmon Bek Ramazonning so'zlari yuzaga chiqib, ustoz qorilar shayx Mahmud Halil Husoriy, Mustafo Ismoil kabi etuk qori bo'ldi. Atrofdagilar unga “Faqih qori”, “Rang-barang ohang bilan o'quvchi, vaqf, ibtido (qiroatda to'xtash va boshlash) ustozi” kabi nomlar berishdi. U arab tili qoidalarini va Qur'on ma'nolarini yaxshi tushungani uchun tilovatda qaysi joyda to'xtash va qayerdan davom ettirishni juda yaxshi bilardi. U Qur'onni go'yo tafsir qilayotgandek o'qir, edi. Hatto uning bu boradagi ilmi, mohirligi, ovoz ohanglarini o'rganib, 1990-yili Saudiya Arabistonidagi al-Malik Abdulaziz Oli Saud universitetida doktor Muhammad Isaviy doktorlik dissertatsiyasini yo'qlagan.
Oilasi
Shayx Muhammadning olti o'g'il, uch qizi bo'lgan. Uning eng xursandchilik kunlari oilasi davrasida, nabiralari qurshovida o'tgan kunlari edi. Bolalar kelib, atrofida o'ynasalar u ham birga quvnab ketardi.
Vafoti: Shayx Muhammad rahmatullohi alayhi farzandlariga “Men vafot qilsam janozamni juma namozidan keyin Tantodagi Ahmadiya masjidida o'qinglar” deb vasiyat qilgan edi. U 2003-yil 2-may Juma kuni vafot etgan va vasiyatiga ko'ra ushbu masjidda janozani ado qilingan. Huddi shu kuni uning ayoli ham asr namozidan keyin olamdan o'tgan.
Muhammadzarif Muhammad Olim o'g'li tayyorladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari