2023 yil 16 dekabr' kuni Qozon shahrida qiz va ayollar o'rtasida Qur'on musobaqasi bo'lib o'tadi.
Tanlovda 5 yoshdan 15 yoshgacha bo'lgan qizlar ishtirok etishi mumkin. Musobaqa Qozon islom universiteti qoshida ochilgan Usmon ibn Affon roziyallohu anhu nomidagi o'quv markazi tomonidan tashkil etiladi. Musobaqa ikki yo'nalish bo'yicha o'tkaziladi:
– Qur'oni Karimning oxirgi 10 surasini yoddan o'qish (5-8 yoshli qizlar);
– Qur'oni Karimni 30 juzini yoddan o'qish (9-15 yoshli qizlar).
Musobaqa soat 9:00da boshlanadi.
Barcha yo'nalishlar bo'yicha asosiy talablar:
– Maxraj va tajvidga e'tibor;
– Qur'oni Karimni tarannum bilan o'qish.
Har bir ishtirokchi faqat bitta yo'nalishda qatnashishi mumkin.
Dastlabki uchta o'rinni egallagan tanlov g'oliblariga qimmatbaho sovg'alar beriladi. Qolgan barcha ishtirokchilar esa rag'batlantiruvchi esdalik sovg'alar bilan taqdirlanadi.
Arizalar 2023 yil 13 dekabrgacha qabul qilinadi.
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi