Shu yil 5 yanvar' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo'yicha shartnoma tuzganlari haqida xabar bergan edik.
Shundan so'ng, hududlarda pandemiyadan oldin navbatda turgan fuqarolar ro'yxatlarini shakllantirish, aviaqatnov jadvallarini ishlab chiqish, qo'shimcha to'lovlarni amalga oshirish va ziyoratchilarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish ishlari boshlab yuborildi.
Ayni kunlarda, O'zbekiston musulmonlari idorasiga OAV vakillari va mo'min-musulmonlardan umra ziyorati bo'yicha juda ko'p savollar bo'lmoqda. Ushbu savollarga quyidagi javoblarni taqdim etamiz:
Umra safari qachondan boshlanadi?
– Alloh nasib etsa, 2022 yil 22 yanvar' kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko'rilmoqda. Shundan so'ng 25, 28 yanvar' kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi, insha Alloh.
Boshlanayotgan umra safariga qachon ro'yxatga yozilgan fuqarolar jo'natiladi?
– Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya'ni 2020 yil fevral' oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to'lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.
Umra to'lovi qancha etib belgilandi?
Qayd etganimizdek, pandemiyadan oldin, ya'ni 2020 yil fevral' oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to'lovlarni amalga oshirganlar qo'shimcha ravishda 4.770.000 so'm mablag' to'laydilar. Ushbu qo'shimcha to'lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o'rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o'rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni ta'minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig'i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi.
Mazkur to'lovlarni amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, “Aloqabank” ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham Umra to'lovlari qabul qilinadi.
Ziyoratchilar uchun qaysi vaktsina bilan emlanish talab etiladi?
– Umra safariga boruvchi fuqaro “COVID-19”ga qarshi “Astra-Zeneca”, “Moderna”, “Pfizer” yoki “Jonson & Jonson” vaktsinalari bilan to'liq emlanib, sertifikatga ega bo'lishi lozim. Talab qilingan vaktsinalarni emas, balki “Sputnik V” va O'zbekiston-Hitoy kabi vaktsinalar bilan to'liq emlangan fuqarolar yuqorida sanalgan vaktsinalaridan biri bilan 1 marta emlanishi kifoya qiladi.
Saudiya Arabistonida umra amalini ado etish qilish uchun dastur orqali navbatga turish tartibi qanday?
– Har bir ziyoratchida smartfon (Samsung, Ayfon yoki boshqa turdagi sensor) telefoni bo'lishi talab etiladi. Android telefon uchun “PlayMarket” va IOS mobil' qurilma uchun “AppStore”dan “توكلنا” (“Tawakkalna”) va “اعتمرنا” – (“ Eatmarna”) elektron dasturlari yuklatilgan bo'lishi lozim. Mazkur dasturlar telefonda “geolokatsiya” va “internet” yoqilgandagina ishlaydi. Bu dasturlar ziyoratchi Saudiya Arabistoni davlat chegarasidan o'tib, Madina shahrida tegishli ma'lumotlar bilan to'ldirilgandan keyingina ishga tushadi.
Ziyoratchi Saudiyaga etib borishi bilan Saudiya mobil' aloqa operatori sim kartasini xarid qiladi va internet to'plamini ishga tushiradi. Sim kartani aeroportda yoki Madina shahridagi mehmonxonada xarid qilish mumkin bo'ladi.
“Umra qilish mobil' dasturi” ziyoratchiga 1 martagina umra amalini bajarishga va faqat 5 mahal namozga chiqishiga ruxsat berishi mumkin. Qayta umra qilish uchun “Tawakkalna” va “Eatmarna” orqali so'rovnoma beriladi. Tizim ruxsat bergan muddatda “Oisha ona” – Tan'iym masjididan ehromga kirib keyin yana umra amalini ado etishi mumkin.
Saudiya Arabistonida qanday karantin talablari o'rnatilgan?
– Saudiya Arabistoni hududiga umra ziyorati uchun kirayotgan xorijlik fuqaro talab etilgan vaktsinalar bilan emlangan bo'lib, bu to'g'ridagi sertifikatga va 48 soatlik PTsR testiga ega bo'lishi, ziyoratchi o'zi bilan 30 ta tibbiy niqob olishi (har 4 soatda almashtirish uchun) va Saudiya Arabistonida doimiy tibbiy niqobda yurishi va oraliq masofaga rioya qilinishi belgilangan. Ta'kidlash kerakki, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 300 AQSh dollari miqdorida jarima belgilagan. Ziyoratchilar umra safari yakunida ona-Vatanga qaytishdan avval o'z hisoblaridan Makka shahridagi mehmonxonada PTsR test topshirishlari kerak bo'ladi.
Umra safari uchun yangi navbatlar qayerda yoziladi?
– 18 yoshdan katta bo'lgan O'zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o'zi ro'yxatda turgan mahalla fuqarolar yig'iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro'yxatga yoziladi va shu haqdagi ma'lumotnomani oladi. Ushbu daftar bo'yicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. So'ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko'rikdan o'tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to'lov summasini to'laydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko'rikdan o'tgani, vaktsina olgani to'g'risidagi ma'lumot va sertifikat va to'lov qog'ozining nusxasini taqdim qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati