Taraqqiyotimizning yangi bosqichida ona yurtimiz nurafshon bo'ldi. Bu oliy ne'mat zaminimizni, oilamizni, hayotimizni nurga to'ldirdi. Bunday baxt-saodatning davomli bo'lishini chin dildan tilaymiz. Dilimizda ham, qalbimizda ham shukrona keltiramiz. Bunday ulkan moddiy va ma'naviy boylikni qadrlay bilish, Vatan sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, yurt sha'ni va or-nomusini ko'z qorachig'idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e'tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchi ekanligini dildan sezamiz va anglaymiz.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta'minlashda milliy armiyamiz alohida ahamiyatga ega. Yurtboshimiz rahbarligi ostida mamlakatimizda tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog' va texnika bilan ta'minlangan, jangavor tayyorgarlikka ega milliy armiyamizni barchamiz uchun shon-shuhrat deb bilamiz.
Yurtimizda14 yanvar' – Vatan himoyachilari kuni shodiyonasidir. Bu bayramni tinchlik xotirjamlik va osoyishtalik posbonlari bayrami sifatida nishonlash yurtimizda an'anaga aylangan. Bayramni keng nishonlanishi zamirida teran ma'no mujassam. Zero, ona yurtda tinchlik va osoyishtalik barqaror, sarhadlarimiz mustahkam ekan, xalqimiz ko'ngliga shodu hurramlik sig'adi, toat-ibodatlar omonlikda ado etiladi, bayramlar yarashadi, hayotimizning obodligi davom etadi.
Kishilik jamiyatidagi inson hayoti faqat tinchlik va omonlik bilangina ma'no va mazmunga zga bo'ladi, Zero, tinchlik – bu omonlik va xotirjamlik asosidir. Jamiyat imon kamoloti va xalovatiga tinchlik paytidagina erishadi.
Tinchlikni mustahkamlash yo'lida har bir kishi o'z burchini sidqidildan, ixlos va e'tiqod ila bajarmog'i darkor. Ayniksa, Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o'ziga topshirilgan vazifani Alloh va insonlar huzurida ulug' mas'uliyat deb e'tirof etar ekan, albatta u muqaddas harbiy qasamyodni, va'dalarini bajarishga doim shay bo'ladi.
Vatan himoyachisi bo'lish eng sharafli burchdir. Kindik qoni to'kilgan Vatanni, shu mustaqil ona yurtni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash inson uchun go'yo o'z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo'lda fidoiy bo'lgan kishi yuksak maqomga etishi, ulkan ajrlar sohibi bo'lishi haqida bashoratlar mavjud. Hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Alloh yo'lida bir kun yoki bir kecha chegara poylagan kishiga, bir oy kunduzi ro'za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi…”, -deb marhamat qilgan ekanlar.
Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo'lida sha'ni, oru nomusini, imonini o'rtaga qo'yib, Vatanini himoya qilganliklarini tarix varaqlarida zarhal harflar bilan yozib qo'yilgandir. Vatan ozodligi yo'lida qo'lida tig' va tug' ila jon bergan xazrat Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog'ida yonib o'tgan hazrat Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzolarning ibratli hayotlari beixtiyor ko'z oldimizga kelishi bejiz emas. Shu bois bo'lsa kerak, ulug' mutafakkirlarimizdan birlari “Vatanparvar – o'z Vatani kamoloti yo'lida, o'z xalqiga muhabbati tufayli moli, kuch g'ayrati, jonini ham ayamaydigan, xalqi va Vataniiing ozodligi, farovonligi uchun bor-budini fido qiluvchi insondir”, – deganekan.
Ayni shunday xalqimizning hozirgi kundagi vatanparvarlari – Vatan himoyachilarini aytish mumkin. Ularning xizmati, shijoati va jangovor ruhi beqiyosdir. Yuragida Vatan va xalq muhabbati mahkam joy olgan shijoatli o'g'lonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlamoqdalar.Tinchlik-osoyishtaligimizni bor kuch-quvvatlari bilan asrab avaylamoqdalar. Biz ham ularning xayrli faoliyatlarida kuch-quvvat, oilaviy baxt-saodat so'rab qolamiz.
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Saudiya Arabistoni poytaxtida “WTM Spotlight Riyadh 2026” xalqaro turistik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston turizm industriyasi vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz turistik salohiyatini «Asialuxe Travel», «Zamin DMC» va «Bazar Travel» kompaniyalari namoyish etdi. Ular ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturida faol ishtirok etib, Saudiya Arabistoni hamda boshqa xorijiy davlatlar turizm sohasi vakillari bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdilar.
“WTM Spotlight Riyadh” Saudiya Arabistoni turizm bozorining xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro aloqalari uchun asosiy professional maydonlardan biriga aylandi. Ko‘rgazma turoperatorlik biznesi, qabul qiluvchi kompaniyalar, mehmonxona sektori, aviatsiya tarmog‘i, turistik texnologiyalar va industriyaning boshqa yo‘nalishlari vakillarini birlashtirdi. Tadbirda mintaqaviy va xalqaro tashrif buyuruvchilar, 450 dan ortiq eksponentlar hamda 30 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashdi.
Uch kun davomida o‘zbekistonlik kompaniyalar vakillari saudiyalik turoperatorlar, turistik agentliklar va bozorning boshqa ishtirokchilari bilan muzokaralar o‘tkazdilar. Muloqotlarda sheriklik dasturlarini rivojlantirish, Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish hamda yangi qo‘shma turistik mahsulotlarni shakllantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekistonni madaniy-ma’rifiy, oilaviy, premium va individual turizm uchun jozibador yo‘nalish sifatida targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Saudiyalik hamkorlarga Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va mamlakatimizning boshqa hududlarining turistik imkoniyatlari, Buyuk ipak yo‘lining tarixiy merosi, zamonaviy mehmonxona infratuzilmasi, milliy taomlar hamda individual va guruhli turistik dasturlarni tashkil etish imkoniyatlari namoyish etildi.
O‘zbekiston turizm tarmog‘i vakillari, shuningdek, saudiyalik hamkorlar bilan sayyohlarni kutib olishni tashkil etish, Ko‘rfaz mamlakatlaridan keluvchi sayohatchilarning afzalliklarini hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda Saudiya Arabistoni bozorida O‘zbekistonning turistik salohiyatini yanada targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbek turistik kompaniyalarining “WTM Spotlight Riyadh 2026” ko‘rgazmasidagi ishtiroki podshohlik turistik biznesi vakillari bilan bevosita aloqalarni kengaytirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlash uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati