Vatanparvarlik haqida so'z borar ekan, har bir mo'min-musulmon inson avvalo bu borada payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning Vatanga bo'lgan munosabatlarini bilishi lozim. Shu e'tibordan bugun Islom ummatining Vatanga munosabati qanday bo'lishi kerakligini u zot alayhissalomning namunalarida o'rganishga harakat qilamiz.
Cuhbatimizning avvalida Alloh subhanahu va taolodan notinch dunyoimizga tinchlik so'raymiz, aziz Vatanimizning gullab-yashnashini so'raymiz, xususan, qurolli kuchlarimizga ham salohiyat so'raymiz. Zero, Vatanni himoya qilish, o'z xalqini, oilasini himoya qilish erkak kishining erkakligini, yigitligini sinaydigan sharafli burchdir. Vatanimizda tug'ilib-o'sgan har bir er yigitning qurolli kuchlar safida xizmat qilishi Vatan himoyasining ramzidir. Chegarani qo'riqlash Vatanni qo'riqlashdir, bunga doim tayyor turish har bir Vatan o'g'lonining qalbiga singib ketgan hissiyot bo'lishi lozim. Shunday ekan, Alloh subhanahu va taolodan xalqimizning porloq kelajagi, davlatimizning ravnaqini so'rar ekanmiz, ayni paytda qurolli kuchlarning salohiyatini ham so'rashimiz lozim.
Alhamdulillah, yurtimizda istiqlol shamoli esa boshlagandan buyon chorak asr davomida hayotimizning har bir jabhasi bosqichma-bosqich rivoj topib bormoqda. Hususan, ijtimoiy sohada, dinu diyonat, ilm-ma'rifat borasida ham juda ko'p xayrli ishlar amalga oshmoqda. Jamoatga to'lib-toshayotgan xonaqohlarimiz, yangi-yangi qurilayotgan va ta'mirlanayotgan muhtasham masjidlarimiz bunga yorqin misoldir. Alloh taolo bu dorilomon kunlarda yashashimizga nimani sabab qildi? Avvalo yurtimizga ato etilgan tinchlik-xotirjamlikni, barqarorlikni sabab qilib berdi. Bu tinchlik, barqarorlik esa Vatan sarhadlarini qo'riqlab turgan, tinchligimizni ta'minlab turgan, toat-ibodatlarimizni emin-erkin ado etishimizni kafolatlab turgan qurolli kuchlarimizning, tinchlik posbonlarimizning kechani kecha, kunduzni kunduz demay, sergaklik bilan, hushyorlik bilan qilayotgan xizmatlarining samarasidir.
Ammo yoshlarimiz bunday fidokorona xizmat qilishi uchun, Vatanga sodiq bo'lishi uchun biz mo'min-musulmonlar, yurt fuqarolari nima qilishimiz kerak? Bizning vazifamiz – yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbiga Vatanga muhabbat hissini, shu jannatmakon yurtda tug'ilib-o'sganidan faxrlanish tuyg'usini singdirishimiz kerak. Shuning uchun bugungi suhbatimizda dinimizda Vatanga munosabat qanday bo'lishi lozimligi haqida so'z yuritmoqdamiz.
Vatan – insonning tug'ilgan, kindik qoni to'kilgan joydir, bolalik, yoshlik davri o'tadigan, ta'lim-tarbiya topadigan joydir, safar qilsa, mudom qo'msaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi yo'lida xizmat qilish, uni yomon ko'zdan, qora kuchlardan himoya qilish, uning sha'nini yuqori ko'tarish – bularning barchasi Alloh subhanahu va taologa bo'lgan muhabbatimizning, U Zotning habibi, Rasuli Muhamamd sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatimizning mahsulidir. Zero, Alloh subhanahu va taolo bu tuyg'uni insonning fitratiga qo'shib yaratgan. Bu tuyg'u nafaqat insonda, balki boshqa maxluqotlarda ham bor. Vatanni yaxshi ko'rish, vatanni qo'msash tuyg'usi jonivorlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o'zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O'sha aqli yo'q jonivorlar ham, hasharotlar ham o'zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda uni himoya qiladi. Shunday ekan, aqlu zakovat, tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo'lgan insonda esa bu tuyg'u yuksak darajada rivojlangan bo'lishi lozim.
Imom Muhammad G'azzoliy alayhirrohma shunday degan ekanlar: “Vatanning ham haqlari bo'ladi. Ularning birinchisi shu Vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, Vatandan ketganda uni sog'inish, Vatan kamsitilganda g'azablanish, Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham Vatanning shu yurtda tug'ilib-o'sganlar zimmasidagi haqqidir. Shu jannatmakon Vatanda yashayapmizmi, unda tinch-totuvlik bilan yashaylik, bunga shukrona qilaylik, ilm izlabmi, tijorat maqsadidami, Vatandan safar qildikmi, uni sog'inaylik”.
Mo'min-inson uchun eng muqaddas zamin – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qadamlari tekkan, Qur'oni Karim nozil bo'lgan, dinimiz ilk bor tarqalgan harami sharifdir, Ka'bai muazzama joylashgan Makkai Mukarramadir, ravzi muborak joylagan Madinai Munavvaradir. Bu muqaddas zaminga borib, u erda dinimizning beshinchi arkoni bo'lmish haj va umra ibodatini ado etish har birimizning eng shirin orzuimizdir. Ammo Alloh taolo inson qalbiga jo qilgan Vatan hissi shu qadar kuchliki, hojilar ana shu muqaddas maskanga borib ham, u erda haj arkonlarini ado etgandan keyin, ravzai mutohharani ziyorat qilgandan keyin ham uyga qaytgisi kelib qoladi, bir kun ham turgisi kelmay qoladi. Vaholanki hajga borish uchun navbatga yozilib, o'n yillab kutadi, umrida bir marta boriladigan bu safarga borgach, Ka'bani ko'rgan zahoti ho'ngrab yig'laydi, haramning tuprog'ini o'padi, zamzam suvini muqaddas deb ko'tarib keladi. Lekin haj arkonlari tugagach, bir kun ham turgisi kelmaydi, tezroq Vatanga, uyga qaytgisi keladi.
Ana shu Vatan tuyg'usi tufayli inson o'zi yashaydigan uyni, o'zi yashaydigan mahallani, shahar-qishloqni, Vatanni sevadi, uni obod qiladi, uning sha'nini ulug'laydi, himoya qiladi. Vatanning sha'nini turli ko'rinishlarda ulug'lash mumkin, masalan, uni moddiy va ma'naviy obod qilish mumkin, turli xalqaro anjumanlarda, xalqaro musobaqalarda Vatanning nomidan ishtirok etish mumkin. Ammo buning asosiy sharti shuki, qaysi sohada bo'lmasin, xolis va samimiy xizmat qilsin, ana shunda bu xizmat Vatanning sha'nini ko'tarishdagi xizmat hisoblanadi. Alloh asrasin, bir kimsa bu mas'uliyatli sohada xiyonat qilsa, bu vakolatni suiste'mol qilsa, bu narsa nafaqat uning o'ziga, balki u vakili bo'lgan xalqqa, uni tarbiyalab-o'stirgan Vatanning sha'niga dog' tushadi. Shuning uchun hazrati Umar roziyallohu anhu: «Agar Vatan sevgisi bo'lmaganda, yurtlar xarob bo'lardi», deganlar. Yurtni uni sevganlar obod qiladi, uni Vatan deb bilganlar himoya qiladi.
Shuning uchun qaysi sohada bo'lmasin, o'zimiz uchun emas, Vatan uchun mehnat qilayotganimizni his qilaylik. Mansabdor odam pora olsa, nafaqat o'zining mansabini suiste'mol qiladi, balki zimmasidagi Vatanining haqlarini suiste'mol qilyapti. O'qituvchi darsga kirmasa, bolalar o'ynab yursa, u o'zining vazifasiga emas, Vatanning kelajagiga xiyonat qilyapti.
Ta'kidlash joizki, Vatan sevgisining masdari bizning e'tiqodimizdadir. Zero, bu muborak tuyg'uni qalbimizga Alloh taolo solgan. Vatanni sevishni, ota-onani yaxshi ko'rishni bizga Robbimiz o'rgatgan. Shunday ekan, bu tuyg'ular Robbimizga, U Zotning habibi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan sevgimizdan ortiq bo'lmaydi, balki ana shu sevgidan kelib chiqadi.
Bir go'zal namunaga e'tibor beraylik. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo'lganda Hadicha onamiz roziyallohu anho u zotni Varaqa ibn Navfalning oldiga olib borganlar. Keksayib, ko'zlari ojiz bo'lib qolgan bu inson Tavrotdan, Injildan xabardor zot edi, oxirzamon payg'ambarining alomatlarini biladigan, u zotning kelishini kutib yurgan ziyrak, zakovatli zot edi. Varaqa ibn Navfal Payg'ambar alayhissalomni gaplarini eshitib, «Qavmingiz sizni yolg'onchiga chiqaradi, sizga aziyat beradi, tug'ilib-o'sgan yurtingizdan chiqarib yuborishadi», deydi.
Ulug'larimiz ushbu holatni Vatanga muhabbatning haqligiga, Vatandan ajralishning mashaqqat ekanligiga dalil qilib, shunday deydilar: «Varaqa ibn Navfal sizni yolg'onchiga chiqarishadi deganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu gapni indamay eshitib o'tirdilar, sizga aziyat berishadi deganida eshitib o'tirdilar. Ammo «Sizni yurtingizdan quvib chiqaradilar» deganida u zot to'lqinlanib ketib, «Hali qavmim meni shahrimdan quvib chiqaradimi?» deb so'raganlar. Mana shu u zotning Vatanlariga bo'lgan muhabbatlarining belgisi edi.
Varaqa ibn Navfal aytgan kun kelib, makkaliklarning tazyiqi haddan ortib ketgach, hijratga izn berildi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashmasdan turib, Ukoz bozorining oldiga borganlarida ortlariga o'girildilar. Makkaga qarab turib, o'zlarining mashhur gaplarini aytganlar: «Ey menga sevikli shahrim Makka! Agar qavming meni haydab chiqarmaganda seni hargiz tark qilmagan bo'lardim», deganlar. Madinaga borib, Alloh taologa: «Robbim, Makkani menga suyukli qilganingdek, Madinani ham suyukli qil» deb duo qilganlar. Shuningdek, u zot alayhissalomning yana bir mashhur so'zlari bor – u zot: «Agar hijrat bo'lmaganda, men ansorlardan bo'lgan bo'lardim», deganlar. Buning ma'nosi «Makka bo'lmaganda, men makkalik bo'lmaganimda, madinalik bo'lardim», deganlaridir. U zot Madinada qolganlar, ansorlarni ixtiyor qilganlar, lekin makkaliklarni aslo unutmaganlar. Bu haqda Qur'oni Karimda oyatlar ham kelgan. Alloh subhanahu va taolo O'zini «U Zot sizni qaytish joyingizga qaytaruvchidir», deganda Makkani nazarda tutgan.
«Vatan sog'inchi» risolasida aytishicha, arablar biron joyga safarga chiqishsa, hidlab yurish uchun Vatan tuprog'idan olib ketishar ekan. O'sha tuproq vatan hissini uyg'otib, uni esdan chiqarmay turadigan omil bo'lar ekan.
Hadisi shariflarda bunga o'xshash misollar ko'plab keltirilgan. Ularning hammasi bizni ana shu Vatan hissini sezishga undashi kerak. Afsuski, bu hissiyot insonda ko'pincha sezilmaydi. Qachonki bir ne'mat qo'ldan ketsa, zavolga yuz tutsagina uning qadri bilinganidek, ko'pchilikning boshiga musofirchilik tushsagina Vatan hissi seziladi, shundagina Vatanning qadriga etib qolinadi. Bir vaqtlar sho'ro hukumati o'rnatilganda ko'pchilik yurtdan qochishga, hijrat qilishga majbur bo'lgan. Kimdir jonini saqlash uchun, kimdir ilmini saqlash uchun, kimdir oltinlarini saqlash uchun ketgan, xullas, hamma o'zi uchun qiymatli narsani ko'tarib, qochishga ulgurganlar qochgan. Lekin ba'zilar Vatandan ketmagan, ular shu Vatanni, uning taqdirini, kelajagini o'ylab qolishgan. To'g'ri, ketganlar ham aslida Vatanni o'ylab ketgan, ammo qolganlarnin aksariyati «Bu vatanni, bu millatni, yoshlar tarbiyasini kimga qoldiramiz? Men ketsam, sen ketsang, hammamiz ketsak, bu xalq kimga qoladi?» deb o'ylab, Vatanda qolishgan. Qatag'on eng kuchaygan damlarda ba'zi muxlis kishilar, fidoyi shogirdlar, sodiq muridlar qatag'onga uchrayotgan olimlarning nomini olib, o'zlarini qurbon qilganlar. Masalan, «Falonchi qori o'limga hukm qilinibdi» degan gap chiqsa, «Men shu kishiman» deb o'zlarini qurbon qilganlar bo'lgan ekan. «O'sha olim o'lgandan ko'ra men o'lay, olim qolsin, bu millatni tarbiya qilsin, bolalarimizga ta'lim bersin» deb, o'zlarini qurbon qilganlar. Mana bu chinakam fidoiylik, vatanparvarlik!
Yurtdan ketishga majbur bo'lgan azizlarimiz ham qo'shni Afg'onistonga o'tgach, Amudaryoni bo'yiga tizilib kelib, Vatan tomonga termulib o'tirishar ekan. Ammo o'sha ketishga majbur bo'lganlar ham Vatanning sha'nini, musulmonning, o'zbekning sha'nini yuqori tutganlar. Borgan joylarida ham yuksak namuna ko'rsatganlar, ilmlari bilan, mol-mulklari bilan o'sha yurtlarning salohiyatini ko'targanlar, lekin ismlarini yo'qotmaganlar. Shuning uchun hozirgacha ham butun dunyoda o'sha vatandoshlarimizni, ularning avlodlarini hurmat bilan buxoriylar, termiziylar, samarqandiylar deb tanishadi, izzat-ikrom ko'rsatishadi.
Alhamdulillah, istiqlol sharofati tufayli xalqimiz ozod bo'ldi, Vatan ozod bo'ldi. Farzandlarimiz, yurtimizning shavkatli o'g'il-qizlari yana Vatanning sha'nini, yurtimizning bayrog'ini baland ko'tarmoqdalar, ilm-fandami, sportdami, boshqa sohalardami, xalqaro miqyosda yurtimizning dovrug'ini butun dunyoga taratmoqdalar.
Yurtimizdan chiqqan bir olim ilmiy musobaqada g'olib kelganini, yurtimizdan chiqqan bir qori Qur'on musobaqasida sovrin olganini, bir sportchimiz birinchi o'rinni olganini eshitganda, hakamning og'zidan O'zbekiston degan nomni eshitganda, Vatan bayrog'i baland ko'tarilganda ko'zimizga kelgan quvonch yoshlari, qalbimizga to'lgan iftixor tuyg'usi – Vatanga bo'lgan muhabbat hissidir.
Ammo bilib qo'yaylikki, Alloh subhanahu va taolo bizga ana shunday ozod, obod Vatan nasib etibdimi, buni buyuk bir ne'mat o'laroq qabul qilishimiz kerak, unga shukr qilishimiz kerak, unga sodiq bo'lishimiz kerak. Sodiq bo'lish esa Vatanga vafo qilish, uning moddiy va ma'naviy mulkiga xiyonat qilmaslikdir. Afsuski, ba'zi kimsalarda shunday tushuncha bor ekanki, bir odamning mulkini o'g'irlashni o'g'rilik deb bilar ekanu, ammo davlatning mulkini o'g'irlashni o'g'rilik deb hisoblamas ekan. Vaholanki, bir kishining molini nohaq olgan odam aybini tushunsa, tavba qilsa, borib o'sha molning egasini, o'zi bo'lmasa merosxo'rlarini topib, molini qaytarib berib, rozilik so'rashi mumkindir, ammo xalq mulkini, Vatan mulkini o'g'irlagan odam borib 30 million aholining har biridan rozilik so'ray olarmikin? Bunday kimsalar Vatanning mol-mulkini, iqtisodiyotini emiradigan o'zimizdan chiqqan ichki dushmanlardir. Har bir ishda, har bir sohada halol bo'lish, xolis bo'lish Vatanni ana shunday ichki dushmanlardan himoya qilish bo'ladi.
Vatanni tashqi dushmandan himoya qilish esa vatanparvarlikning eng oliy namunasidir, haqiqiy yigitlik burchi, erkaklik sharafidir. Alloh taolo farzandlarni parvarish qilish, edirib-ichirish, ro'zg'orga qarash vazifasini ayollar zimmasiga yuklagan bo'lsa, oilaning ta'minotini, tinchligini ta'minlashni, uyni, Vatanni himoya qilishni, o'zi uchun eng aziz bo'lgan qadriyatlarni muhofaza qilishni erkaklar zimmasiga yuklagan.
Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub «Tafsiri Hilol»da keltirilganidek, Imom Buxoriy rivoyat qilgan sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bir kun murobata qilish dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir», – deganlar, boshqa bir hadisda esa u zot: «Ikki ko'zga (do'zaxda) olov tegmaydi: Allohdan qo'rqib yig'lagan ko'zga va Allohning yo'lida qo'riqchilik qilgan ko'zga», – deganlar.
Shunday ekan, Vatan himoyasi, yurt sarhadlarining muhofazasi dinimizda ulkan ibodat darajasiga ko'tarilgan, bu og'ir, xavfli, ammo sharafli vazifada, bu buyuk xizmatda turganlarga ulkan ajru mukofotlar va'da qilingan. Demak, yoshlarimizni vatanparvar qilib tarbiyalashda bu ishning maqomi naqadar ulug'ligini, uni ado etish katta sharaf ekanini ularga singdirishimiz, bu xizmatda yurganlarning haqqiga duolar qilishimiz lozim ekan.
Fursatdan foydalanib, el-yurt tinchligi yo'lida, Vatan himoyasida turgan barcha azizlarimizga Alloh taolodan kuch-quvvat, sabr-matonat tilaymiz, oilalariga baxtu saodat, farzandlariga salohiyat tilaymiz. Alloh taolo yurtimizni jamiki yomonliklardan asrasin va buning uchun chinakam vatanparvar, haqiqiy mard, jasur o'g'lonlarni tarbiyalashimizda O'zi madadkor bo'lsin!
Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar Bosh imom xatibi
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi