Vatan himoyasi – sharaf
So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos o'zgarishlar, yangilanish va bunyodkorlik ishlari butun jahon afkor ommasining haqli e'tiroflariga sazovor bo'lmoqda. Albatta, bunday yutuqlar, muvaffaqiyatlar zamirida, hech shubhasiz, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik mujassam.
Tinchlik Alloh taoloning shunday totli ne'matiki, u bo'lmasa, odamlardan huzur-halovat, xonadonlardan baraka, oilalardan qut, jamiyatdan mehr, yurtdan ma'murlik, Yer yuzidan fayz ko'tariladi. Dunyo rangsiz, jilosiz, nursiz va ziyosiz bo'lib qoladi.
Bejiz Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir»(Baqara surasi, 208-oyat), deb marhamat qilmagan.
Mufassirlar oyati karimadagi “silm” so'zini turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbos, Mujohid va Tovus rahimahumulloh “silm” so'ziga “Islom” deb ma'no berishgan. Imom Zahhok, Abul Oliya va Rabi' ibn Anas rahimahumalloh “itoat” ekanini ta'kidlaydi. Zero, “Islom”ning ma'nolaridan biri itoat, bo'ysunishdir.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tinchlik va xotirjamlik haqida bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug' ne'matdirki, bundan ko'p odamlar bebahradirlar”(Imom Buxoriy rivoyati).
Afsuski, Alloh taoloning ulug' ne'mati bo'lmish tinchlikdan hamma ham birdek bahramand bo'layotgani yo'q. Dunyoning turli burchaklarida terrorchilar nohaq qonlar to'kayapti. Bunday mudhish voqealarning qabih niyatli buzg'unchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi butun dunyo tinchliksevar xalqlari qatori O'zbekiston xalqining qalbini ham qattiq larzaga soladi.
Biz har qanday buzg'unchilikka, qon to'kilishiga, xudkushlikka, qo'poruvchilikka, terrorizmga qarshimiz. Uning mudhish jinoyatlarini qattiq qoralaymiz.
Dinimizda nafaqat urush, balki har qanday shakldagi zo'ravonlik, fitna-fasod, buzg'unchilik, qo'poruvchilik, qaroqchilik, begunoh kishilarning qonini to'kish, nohaq odam o'ldirish qat'iyan man etiladi. Qur'oni karimda insonlar tinchini buzgan kimsalar haqida bunday deyiladi: «Ularga: “Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmangiz!” deyilsa, ular: “Albatta, biz chin islohchilarmiz”, deydilar. Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar»(Baqara surasi, 11–12-oyatlar); «(Oldingizdan) ketganida erda fitna-fasod, ekin va naslni halok qilish ishlari bilan yuradi. Alloh esa, fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi»(Baqara surasi, 205-oyat).
Musulmon kishi har doim ogoh va hushyor bo'lishi zarur. Ayniqsa, bugun dunyo ko'zdagi halqalangan bir tomchi yoshdek omonat turgan paytda ko'zimizni kattaroq ochishimiz, yon-atrofimizda bo'layotgan voqea-hodisalardan to'g'ri xulosa chiqarib, g'araz niyatli kishilarning tuzog'iga aslo ilinmasligimiz kerak.
Yaqinda qo'shni davlat – Qozog'istonda sodir bo'lgan voqealarni ko'rdik, kuzatdik. Arzimas maishiy, ijtimoiy sabab tufayli butun mamlakat aholisining tinchi buzildi, ko'plab moddiy va ma'naviy zararlar, talafotlar ko'rildi. Eng yomoni, namoyishlarda ishtirok etgan yoshlarning ko'pchiligi nima uchun olomonga qo'shilganining farqiga ham borishmadi. Hatto dini bir, tili bir, bir xalq, bir millat bir-biriga qarshi qurol ko'tardi. Oqibatini esa barchaga ayon.
Muqaddas dinimizda musulmonning musulmonga qarshi qurol ko'tarishi mutlaqo mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday ogohlantirdilar: “Kim bizlarga qarshi qurol ko'tarsa, u biz(Islom ahli)dan emas”(Imom Ibn Moja rivoyati).
Alloh taolo bandalarni o'zaro tinchlikka da'vat etib bunday buyuradi: «Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!..»(Hujurot surasi, 9-oyat).
Halq orasida fitna qo'zg'atish, tuhmat va ig'vo tarqatish yo'lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Bunday harakatlar Islom dinining mohiyatiga mutlaqo zid ekani Baqara surasining 191-oyatidagi “...Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...”, degan ko'rsatmada yanada oydinlashadi.
Ogoh va hushyor bo'lib yashash, tinchlikni ta'minlash turli ko'ngilsizliklar va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy shartidir. Zero, g'ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi.
Alloh taolo bandalariga yoppasiga tinchlikka kirish, baxtli yashash va abadiy saodatga erishishlari uchun zarur bo'lgan barcha yo'l-yo'riqlarni ta'lim bergan. Tinchlik, avvalo, har bir kishining o'zidan boshlanadi. Zero, Islom ko'rsatmalariga amal qilgan inson qalbiga tinchlik-xotirjamlik o'rnashadi. So'ngra bu oilaga ko'chadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, u mustahkam hamda bardavom bo'ladi. Dinimizda oilaning tinchligi uchun ham zarur bo'lgan barcha chora-tadbirlar ko'rilgan. Oiladagi tinchlik qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug', mahalla-ko'yga, keyin jamiyatga, so'ng davlatga o'tadi.
Butun dunyoda Islomda ko'zlangan tinchlik o'rnashsa, qalblar taskin topib, kishilar o'rtasida ahil-inoqlik, mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanadi. Shunda barcha insonlar tinch-totuv hayot kechiradi.
Tinchlik haqida ko'p gapiriladi, ma'ruzalar qilinadi. Lekin shu tinchlikni ta'minlab berayotgan Vatan posbonlari, himoyachilari ko'p ham tilga olinavermaydi. Vaholanki, Vatan himoyasi – muqaddas burch, sharafdir. Hadisi sharifda bunday marhamat qilingan: «Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Ikki ko'zni do'zax otashi kuydirmaydi. Alloh taolodan qo'rqib yig'lagan ko'z, Allohning yo'lida tunlari qo'riqchilik qilgan ko'z”, deganlarini eshitdim» (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, biz har yili 14 yanvar' – Vatan himoyachilari kuni arafasida yoki shu bayram munosabati bilan emas, balki bugungi tahlikali davrda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta'minlayotgan posbonlarimizning, huquq-tartibot idoralari xodimlarining haqlariga xayrli duolar qilishimiz, ularga imkoniyat doirasida har doim ko'maklashishimiz shart.
Qayerda tinchlik hukm sursa, o'sha erda fayz-baraka, rivojlanish bo'ladi. O'sha yurt farzandlari kamol topadi. Eng asosiysi, mo'min-musulmonlar emin-erkinlikda ibodatlarini mukammal ado etadilar. Alloh asrasin, oilamizda biror notinchlik yuz bersa, ko'nglimizga to'y-tomosha ham, ko'ngilxushlik ham sig'maydi. Hatto bir luqma taomni ham xotirjam yutolmaymiz.
Tinchlik va xotirjamlik bizga ato etilgan eng ulug' ne'matlardan. Uning qadriga etish uchun mulohaza yuritishimiz, shu ne'mat kimlarga nasib qilganu kimlar undan bebahra qolgani haqida tafakkur qilishimiz kerak. Hullas, barcha ezgu ishlarning ro'yobga chiqishi uchun tinchlik va osoyishtalik kerak. Shunday ekan, nafaqat tinchlikning qadriga etib, shukronasini ham so'zda, ham amalda ado etishimiz zarur. Zero, donishmand xalqimiz yurti tinchning o'zi tinch, deb bejiz aytmagan.
Alloh taolo yurtimizni tinch, posbonlarimizni O'z panohida asrasin!
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.
Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!
"Imom Buxoriy" ordeni:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;
Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;
Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!
Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati