Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Oliy himmat sohibi va bu dinning g'ami bilan dardlangan musulmon kishi uchun eng ahamiyatli narsa umrining har bir lahzasiga ega bo'lishi va uni Allohning roziligidan boshqa yo'lda zoye qilmasligidir. Bu borada Alloh azza va jalla Asr surasida bizga to'g'ri yo'lni ko'rsatgan: «Asr (vaqti)ga qasamki, (Barcha) inson ziyon-baxtsizlikdadir. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo'li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo'lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina (najot topguvchidirlar)» (Asr surasi 1-3 oyatlar).
Vaqtga ega chiqish va undan to'g'ri yo'lda foydalanishga yordam beradigan eng muhim yo'l - vaqt kishining ega bo'lgan eng qimmatli boyligi ekaniga ishonishdir. Alloma Abdulfattoh Abu G'udda rohimahulloh aytadilar: «Bilginki, zamon bir lahzasi ham zoye ketmasligi kerak bo'lgan ulug' narsadir. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan sahih hadisda: «Kim «Subhanallohi-l'aziymi va bihamdihi», deb aytsa Jannatda u uchun bir hurmo daraxti ekiladi», deb keladi. («Sunani Termiziy» 5/511 va «Sahihi Ibn Hibbon» 3/109 da kelgan). Odam bolasi necha soatlarni ulkan savoblardan bebahra holda bekorga o'tkazib yuboradi?! Kunlar misoli ekin qilish vaqtiga o'xshaydi. Aqilli kishi urug' ekishdan to'xtab turishi yoki beparvo bo'lishi aqlga sig'adimi?». («Qiymatuz zamon» kitobida kelgan 60-bet).
Imom Ibn Javziy rohimahulloh aytadilar: «Bilginki, ey o'g'ilcham! Kunlar soatlarga va soatlar esa, nafaslarga yoyilgan. Har bir nafas bir qutidir. Nafasing bekorga ketishidan ehtiyot bo'lki, Qiyomat kuni bo'sh qutini ko'rib, nadomat chekmagin! Sarflayotgan soatlaring nimalarga ketayotganiga qara! Ularni eng ulug' narsalarga yo'naltir! O'zingga iltifot qil va eng sharafli amallarni qilishga odatlan! Ishingni go'zal va puxta qil! Visol kuni kelganida seni xursand qiladigan amallarni qabr sandig'iga yuborgin!».
«Vaqt oltindir, deb aytiladi. Bu so'z borliqni moddiy o'lchaydigan kishilarga nisbatan to'g'ri. Biroq, bundan uzoqroqni o'ylaydigan kishilarga nisbatan vaqt hayot demakdir. Ey inson, bu borliqda sening hayoting tug'ilish va o'lim orasida o'tadigan vaqtdan boshqa narsami?! Oltin bir kun kelib qo'ldan ketsa, yana bir bor yo'qotgandan ham ziyoda qilib, qaytarib olishing mumkin. Ammo, o'tgan vaqtni va soniyani hech qachon ortga qaytara olmaysan! Demak, vaqt oltindan ham, olmosdan ham, har qanday javharlardan ham qimmatliroqdir. Chunki, u hayotdir...». («Qiymatuz zamon» kitobida kelgan 122-123 betlar).
Shayx Saloh Abulhoj hafizahullohning
«Qalbni sug'organ hikmat ziloli» kitobidan.
Abdussami Hayrulloh tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.