“Yaxshiga qilsang yaxshilik –
ham aytadi, ham qaytadi...”
Bismillahir Rahmonir Rahim!
Mehribon Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar,
Hazrati Payg'ambarimiz Janobi Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz bo'lsin!
Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma'mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma'murchilik va farovonlikni o'lchaydigan mezonlar ko'p, omillar bisyor. Lekin shunday ne'matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo'lib qoladi.
Ho'sh, bu ne'matlar qaysilari?
Janob Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar» (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o'z uyida tinchlikda, tani sog'lom, bir kunga etadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne'matlari to'lig'icha berilgandek bo'libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo'ladiganimiz uch ne'mat: sog'liq, tinchlik va qut-barakaga urg'u berildi?
Chunki bu ne'matlar bo'lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik! Birgina ko'zga ko'rinmas o'lat barchaning halovatini o'g'irladi, hammaning tinchini buzdi... Shunday emasmi?
I
...Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg'onishning o'zi bir ne'mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o'qishga otlanayotganda, oila ulug'larining duosini olib ko'chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.
Tinchlik-omonlikda yashash bu – jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo'lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.
Aslida, “Islom” so'zi arab tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo'ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo'lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O'zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo'ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
«Musulmon» degan so'zning asli, negizi, o'zagi “islom” so'zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy xolati, turar joyidan qat'iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o'zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so'ziga to'g'ri kelmas ekan! Hudoning O'zi hammamizni asrasin!
“Qo'shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo'shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko'ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!
Dono xalqimiz “Birni ko'rib – fikr qil, birni ko'rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pul'tining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo'ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo'layotganiga guvoh bo'lamiz...
Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o'zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o'g'il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e'tirof etadi va yuksak qadrlaydi.
Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go'zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o'tayotib, nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: «Dunyodagi eng go'zal narsa nima?» – deb so'raydi. Otaxon hech ikkilanmay: «IMON!» – deb javob beradi.
So'ngra bir guzar oldidan o'tayotib, karnay-surnay sadolarini eshitadi va to'planib turgan olomon oldiga borib kelindan: «Sizningcha, dunyodagi eng go'zal narsa nima?» – deb so'raydi.
Kelin kuyovning ko'zlariga boqib: «Dunyodagi eng go'zal narsa – MUHABBAT!» – deydi.
Rassom yo'lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog'lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o'tib, sahroda bir to'da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.
Askar: «Dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK!» – deya javob beradi.
Rassom dunyodagi eng go'zal narsalar – imon, muhabbat va tinchlik bo'lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o'ylay-o'ylay uyiga qaytib keladi. Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go'zal manzarasi qarshisida ekanini anglab etadi: bolalarining masum nigohlarida imon, ayolining ko'zlarida muhabbat, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog'-salomat edi...
Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go'zal narsani chizishga kirishadi va uni «Mening uyim» deb nomlaydi.
Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo'lgan IMON va MUHABBATdan tashqari, dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK va SOG'LIQ ekanini e'tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne'matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go'zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo'lgan VATAN – O'ZBYeKISTONIMIZDIR!
II
Jannatmakon Yurtimiz jonkuyarlari bo'lgan aka-uka, opa-singillarimiz, avvalo, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq salomatligi, farovonligi va xotirjamligi uchun g'oyat mas'uliyatli va sharafli ishga bag'ishlagan Siz, azizlarni beqiyos xizmatlaringizni yuksak qadrlab, barchalaringiz(!)ga cheksiz hurmat va chuqur ehtiromimizni izhor etishga ruxsat bergaysizlar!
Mo'min-musulmonlarimiz sizlarni dunyodagi eng ulug' kasb sohiblari, muborak dinimiz vafodorlari, o'z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak darajada qadrlaydi. Ayniqsa, hozirgi zamonda chinakam xalqparvar-vatanparvar bo'lib xizmat qilayotganingiz har qanday tahsin va ko'pdan-ko'p tasannolarga munosibdir!
Tinchlik-osoyishtalik hayotimiz uchun bu mashaqqatli ishning oldingi saflarida turib, o'z hayotini xavf-xatarga qo'yib, jasorat va matonat namunasini ko'rsatib kelayotgan barcha soha xodimlariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiramiz!
Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan COVID-19 davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini ko'rsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini ko'rsatib kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularga beminnat ko'mak berish borasidagi ishlarga katta hissa qo'shgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan ko'pchilikka o'rnak bo'layotgan VATAN HIMOYaChILARIMIZning xizmatlarini alohida e'tirof etish kerak.
O'zbekistonlik etuk ulamolarimiz, notiq imom-xatiblarimiz tomonlaridan karantin ko'rsatmalariga amal qilish, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yaxshi kunlarga intilib yashash, yordamga muhtoj shaxslarga g'amxo'rlik qilish kabi yo'nalishlarda behisob targ'ibot ishlari olib borildi.
Bunday din xizmatchilarimiz mana shunday o'ta og'ir davrda va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik ko'rsatganlari ulkan tahsinlarga va beqiyos tashakkurlarga loyiqdir!
Natijada, matonatli xalqimiz kovid vabosi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo'lib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun (!) dunyoga ko'rsatdilar.
Fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo'llab-quvvatlash, xayriya mablag'larini to'g'ri yo'naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga ko'mak berish, og'ir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning ko'nglini ko'tarishdagi fidoyiliklari har qanday maqtovga loyiqdir! Zero Alloh taolo Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, – deb xushxabar bergan.
Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona engib o'tishda diniy sohamiz xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli o'gitlari va ezgu tashabbuslari juda ham katta ta'sir ko'rsatmoqda.
Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik ko'rsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimizni ham alohida esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan yuqori bahodir!
Halqimizning salomatligini o'ylab, farovonligini ko'zlab davlatimiz, hukumatimiz chiqargan barcha topshiriqlarini muqaddas dinimiz ravnaqi, masjidu madrasalarimiz obodligini mo'ljallab, mo'min-musulmonlarimizni manfaatlari uchun batafsil etkazishda kechayu-kunduz beg'araz va beminnat xizmatlari bilan, diniy sohamizdagi barcha xodimlarimizga o'zlarining bevosita ko'mak va ulkan yordamlari bilan fidokorona xizmat qilayotgan Din ishlari bo'yicha qo'mitadan kelayotgan barcha muhim tavsiyalarni sohamiz xodimlariga onlayn ham, oflayn ham o'zlarining qimmatbaho yo'l-yo'riqlari bilan etkazayotgan Diniy idoramiz raislariga nafaqat mamlakatimiz xalqi tahsinlar aytmoqda, balki xalqaro darajada ham O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlariga ham e'tirof va tahsinlar bildirilmoqda.
Oxirgi paytlarda qahramonona, jonini Jabborga berib, 24 soatlab, haftalab tinmay, beminnat xizmat qilayotgan barcha Vatan himoyachilarimiz kabi shifokorlarimiz, huquq-tartibot organlari xodimlarimiz, diniy sohamiz xodimlarini ham dono xalqimiz nihoyatda yaxshi bilar ekan... Ta'kidlash joizki, mana shunday ulug'vor ishlari uchun xalqimizning minnatdorligini mo'min-musulmonlarimizdan izhor etilayotgan tashakkuru rahmatnomalaridan bilish mumkin.
Ta'kidlash joizki, muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimizning va diniy soha xodimlarining mehnatlarini qadrlash – Yangi O'zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir bor yaqqol namunasidir! Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo'lida juda ham katta ishlar amalga oshirilayotganidan, albatta, hammaning xabari bor.
Bugungi tarixiy o'zgarishlar va voqealarni hammamiz ko'rib, eshitib, bevosita guvohi bo'lib turibmiz... Bularning zamirida Yaratgan Parvardigori olamning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib samarali mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib, yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa'y-harakatlarimiz mujassamdir.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad surasi 7 oyat).
Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan bo'lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Hudoga ham shukr qilaolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.
O'zini jonini ham, oilasini salomatligini ham Hudoga topshirib, o'ta katta va jiddiy xavf-xatarni ham chetga surib, jonini ham, molini ham, umrini ham xalq uchun fido etayotgan DONO HALQIMIZNING HAR BIR FARZANDIGA behisob tashakkurlar aytamiz!
Mehribon Parvardigorimiz jannatmakon yurtimiz tinchligi uchun, muqaddas Vatanimiz ravnaqi uchun, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti uchun, masjid-madrasalarimiz obodligi uchun o'z hayotini xavf-xatar ostiga qo'yib, jasorat va matonat namunasini ko'rsatib, bu kunlarimizni ko'raolmay o'tganlarimizning yotgan joylarini keng, nurli etib, barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylagan bo'lsin! Ilohim O'zi rozi bo'lib, joylarini jannatlari bilan siylasin!
III
Bir oddiygina kichik qo'l soatida ham, uyimizdagi televizorda ham, qo'limizdagi telefonimizda ham, eng katta komp'yuterda ham, eng oxirgi rusum avtomobilida ham, bir necha tonnalik samolyotda ham, Yer sayyorasidan ko'tarilib koinotga borib-kelayotgan necha ming tonnalik kosmik kemalarda ham shunday bir qism, bo'lakchalari bor-ki, u qismlarsiz mazkur “mo''jiza”lar ishlolmay qoladi... Aslini olganda, u bo'lak-qismlar ko'zga ko'rinmaydi ham... Ular e'tiborsiz-u, lekin ularsiz soat va televizor ham, telefon va komp'yuter ham, avtomobil' va samolyot ham, hatto insoniyatni lol qoldirayotgan bahaybat kosmik kemasi ham ishlamasdan qotib qoladi! “Mo''jiza”larning eng kattasi va eng ulug'i bo'lgan Inson organizmida ham mana shunday “qism-bo'laklar” mavjud.
Har bir korxona-tashkilotlarda ham huddi shu kabi “qism-bo'laklar”ni vazifasini ado etadigan odamlar, katta-kichik xodimu xizmatchilari bor!!! Ular o'zlarini hadeb bildiravermaydilar... Lekin o'z ishlarini nihoyatda chiroyli va namunali etib, to'la-to'kis va mukammal qilib, dinu diyonat bilan, halolu pok, insofu vijdon bilan bajaradilar. Shunday insonlarga o'zlarini “ko'rsatish”larini yo (hozir “moda”ga aylanib qolgan) internetga “chiqish”larini taklif etsangiz, hammalaridan yagona javob eshitasiz. O'zlarini tortib, uyalib, chuqur hayojonlanib: “Hudo bilsa, bo'ldi... Bilsa – baliq, bilmasa – Holiq,” – deb qo'yadilar xolos...
Mana shunday insonlar bizning sohamizda son-sanoqsiz darajada ko'p! Lekin ularning mashaqqatli va sermahsul mehnatlarini, beqiyos va olijanob xizmatlarini Yaratganimizdan tashqari, rahbarlarimiz ham, dono xalqimiz ham juda yaxshi biladi! Ularga Hudoning ham, xalqning ham rahmati doimo yog'ilib turadi!
Bugungi murakkab va sinovli davrda xalqimiz va dinimiz xizmatida bo'lib turgan qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari, sevimli va suyukli talabalarimiz hamda muqaddas Vatanimizning barcha himoyachilariga Mehribon Parvardigorimiz Alloh taboraka va taolodan sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini so'raymiz!
Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilarkim: “Kimki Alloh taolo yo'lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi nafl ro'za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo'riqlab turganda halok bo'lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo'ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo'ladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz kamoloti hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yo'lida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!
O'z ajdodlari qo'nim topgan hoki poklarini, kindik qoni to'kilgan Vatanni himoya qilish, o'z ona-yurtini ko'z qorachig'iday asrab-avaylash – o'z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilishdir! Bu xususda Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas: biri – Allohning azobidan qo'rqib yig'lagan ko'z, ikkinchisi – Alloh yo'lida qo'riqchilik qilib bedor bo'lgan ko'z”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom ma'rifati yo'lida kunni tunga, tunni kunga ulab, o'zining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan sizlardek mo''tabar insonlarni tarbiyalab, voyaga etkazgan OTA-ONALARINGIZGA MING-MING-MING RAHMAT! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga etkazishni nasib aylasin!
Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz kamoloti, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz, Diniy idoramiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O'zi madadkor bo'lsin!
Ilohim o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'hlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Hulosa
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo'lishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!
Ustoz ulamolarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta'lim, o'rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo'lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg'ambarimiz alayhis salomning: «Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» degan muborak so'zlariga qarshi bo'lib qolmaylik!
Ibrohimjon INOMOV
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosar
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.