Payg'ambarlar o'z vatanlari haqqiga duo qilganlar bu haqida Alloh taolo Qur'oni Karimda Ibrohim alayhissalom tillaridan quyidagi duoni keltiradi:
Esla, vaqtiki, Ibrohim: «Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», – dedi. (U Zot:) «Kim kufr keltirsa, ozgina bahramand etaman, so'ngra olov azobiga majbur qilaman va u qanday ham yomon borar joy!» – dedi. Baqara 126.
Ushbu oyatda ikkinchi marta – endi Ibrohim alayhissalom tillaridan Baytullohning omonlik maskani bo'lishining xabari kelmoqda. Ammo odobli, sermulohaza payg'ambar Ibrohim alayhissalom avvalgi darsdan saboq olib, Allohning mukofotini bu gal hammaga emas, balki mo'minlargagina so'ramoqdalar.
«Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», – demoqdalar. (Baqara surasi 126-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham Madina munavvaraga borganlarida uning haqqiga quyidagicha duo qildilar:
"اللَّهُمَّ حَبِّبْ إلَيْنَا المَدِينَةَ كَحُبِّنَا مَكَّةَ أوْ أشَدَّ، اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا في صَاعِنَا وفي مُدِّنَا..."
(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم عن عائشة رضي الله عنها)
Ya'ni: “EyAlloh! Madinanibizga Makkani suyganimizdek yoki undanda ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni toshu tarozusiga – so'u muddiga barakot bergin!” (ImomBuxoriyvaImom Muslim rivoyati).
Manapayg'ambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq so'radilar. Zero bu ikkine'mat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt saodat yo'qoladi...
Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, inson o'z vatani haqqiga doimo duoda bo'lishi lozim. Sababi, bu erda uning ahli oilasi, yaqinlari(qarindoshlari), do'stlari hayot kechiradi. Qolaversa, duo qilishlik ham ibodat hisoblanadi.Payg'ambar alayhissalom bir hadislarida: “Duo –ibodatning mag'zi, lazzatidir” deganlar.
Ma'lumki, insonga berilgan eng bebaho ne'matlardan biri – o'z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan uning kindik qoni to'kilgan, go'daklik chog'i o'tgan, ilk qadamlarini qo'ygan, yoshlik, keksalik davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg'aygan zamindir! Alloh taolo har bir insonga vatanni sevish va unga muhabbat qo'yish tabiatini ato etgan.
Islomda vatanga muhabbat bu – tug'ilib o'sgan yurtiga nisbatan e'zozdan iboratdir! Demak, musulmon kishi vatanini sevadi! Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo'lsa – xursand, xafalik etsa – qayg'uradi. Inson “Vatanmenganimaberdi?” debemas, balki “men Vatanimganimaqildim?” deganoliytuyg'ubilanyashamog'ilozim.
Shuning uchun ham kishi o'z yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sog'inadi. Bu qumsash biz ummatga Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Chunki islom tarixidan ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam O'z vatanlari Makkai mukarramada 53 yoshlarigacha yashadilar. Bu davr mobaynida Makka mushriklari tomonidan U Zotga bir qancha zulm, dushmanchilik va kamsitishlar bo'ldi. Shunday bo'lsa-da vatanlarini tark qilib boshqa joyga ketmadilar. Ammo Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan keyin Allohning buyrug'iga binoan Makkadan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida ko'zga yosh oldilar, ko'ngillari bo'shab, Makkaga qarab shunday dedilar:
"مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ"
(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما)
ya'ni: “(Ey Makka) sendan ko'ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo'q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (ImomTermiziyrivoyati).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo'lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko'ngillarini ko'tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur'oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:
إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ...
ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilganzot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir...” (Qasossurasi 85-oyat).
Shundan keyin Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar...
Insonning o'z Vatani oldida bir necha vazifalari bo'lib, ularning eng muhimlari uchtadir:
هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا
Ya'ni: “U (Alloh) sizlarni erdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud surasi 61-oyat).
Demak, inson er yuzini, xususan yashab turgan yurtini, o'z Vatanini obod qilishi – uning burchi hisoblanadi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ السَّاعَةُ حَتَّى يَغْرِسَهَا، فَلْيَغْرِسْها
(رواه الإمام البخاري عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ)
Ya'ni: “Qiyomat qoim bo'lib qolsa-yu, biringizning qo'lida ko'chat bo'lsa, u qoim bo'lgunicha ekishga ulgursa, ekib qo'ysin”.
Hadisi sharifda inson o'z hayotining oxirgi lahzasini ham g'animat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatishga targ'ib qilinmoqda. Bunga tarixdan misollar juda ko'p. Masalan, Madinai Munavvaraga yov bostirib kelgan paytda sahobalar yurt, vatan, dinu diyonat himoyasi uchun astoydil kurashga kirishdilar... albatta har kim o'z imkoniyatidan kelib chiqqan holatda. Hususan hazrati Usmon roziyallohu anhu ham. Ho'sh u kishi vatan uchun nima qildilar?
Abdurahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadi:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam Tabuk g'azotining lashkarini jangga tayyorlayotganlarida Usmon ming dinorni engiga solib keltirib, u zotning qo'yinlariga to'kdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qo'yinlaridagini u yoq-bu yoqqa ag'darib turib, ikki marta “Bugundan so'ng Usmonga nima qilsa ham zarar qilmaydi” deganlarini eshitdim”.
Agar hazrat Usmonning Payg'ambar alayhissalomga olib kelib topshirgan mablag' miqdorini ko'z oldimizga keltirmoqchi bo'lsak, o'sha paytning dinori to'rt grammdan ortiqroq sof oltin bo'lgan. Bundan Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o'shanda Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning qo'yinlariga to'rt kilodan ortiq sof oltinni to'kkanlari ma'lum bo'ladi. Bir ming to'rt yuz yil ilgari to'rt kilogramm sof oltin qanchalik ulkan miqdordagi mulk bo'lganini tasavvur qilsak, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu qilgan moliyaviy saxovatning ahamiyati yanada oydinlashadi.
Shuning uchun ham Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam hazrat Usmonning bu ishiga odatdan tashqari yuqori baho berib, “Bugundan so'ng Usmonga nima qilsa ham zarar etmaydi”, dedilar. Bu bilan “Usmon ibn Affon roziyallohu anhu umrining oxirigacha etadigan ishni qilib qo'ydi, endi u boshqa xayr-ehson qilmasa ham bo'laveradi, hatto nima ish qilsa ham u kishiga zarar etmaydi” deganlari edi.
Imom Termiziyning rivoyatida kelishicha, Abdurahmon ibn Habbob roziyallohu anhu aytadilar:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Qiyinchilik” lashkariga (Tabuk g'azotiga) targ'ib qilganlarida o'sha erda edim. O'shanda Usmon o'rnidan turib, “Ey Allohning Rasuli! Allohning yo'lida yuzta tuyani egar-jabdug'i bilan zimmamga olaman”, dedi. So'ngra u zot yana lashkarga targ'ib qildilar. Shunda Usmon o'rnidan turib “Ey Allohning Rasuli! Allohning yo'lida ikki yuzta tuyani egar-jabdug'i bilan zimmamga olaman”, dedi. So'ngra u zot (yana) lashkarga targ'ib qildilar. Shunda Usmon o'rnidan turib, “Ey Allohning Rasuli! Allohning yo'lida uch yuzta tuyani egar-jabdug'i bilan zimmamga olaman” dedi. Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning minbardan tushayotib “Bundan so'ng Usmon nima qilsa ham zarar bo'lmaydi. Bundan so'ng Usmon nima qilsa ham zarar bo'lmaydi” deganlarini eshitdim”.
3.Vatanda fasod va buzg'unchilik ishlari bilan mashg'ul bo'lmaslik. Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفًا وَطَمَعًا إِنَّ رَحْمَةَ اللَّهِ قَرِيبٌ مِنَ الْمُحْسِنِينَ
ya'ni: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).
Har bir shaxs o'zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o'z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish ulkan savob hisoblanadi.
Zayniddin domla Eshonqulov
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati