Tarix saboqlaridan ma'lumki, har qanday ezgu niyat, orzu va maqsadning ro'yobga chiqishi, avvalo, Alloh taoloning inoyati va jamiyatdagi mustahkam tinchlik-xotirjamlikka bog'liqdir. Bu barcha zamonlarda o'z isbotini topgan haqiqatdir.
Alloh insonni xalq qildi. O'zi undan yaratgani va unga qaytaradigani erga, zaminga, ona tuproqqa muhabbatni inson fitratiga qorishtirdi. Shayx Muhammad G'azzoliy rahimahulloh aytadilar: “Bashar o'z eriga, garchi u tap-taqir sahro bo'lsa ham, qattiq bog'lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo'linganda sog'inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g'azab hislarini paydo qiladi”.
Vatan o'zligi, tuprog'i yoki obro'siga qilingan fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turishdir. Vatanni sevish, vatanparvarlik, ibodat darajasiga ko'tarilgan sof va asl islomiy qadriyatdir. Bunday sifatga ega bo'lish mo'minning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Sir emas, hozir dunyoning ayrim mamlakatlarida beqarorlik, terrorchilik, narkobiznes kabi millat tanlamas illatlar xalqaro xavfsizlikka tahdid solmoqda.
Vatan – bu inson va uning avlod-ajdodlari kindik qoni to'kilgan muqaddas dargohdir. Vatan – bu ajdodlar maskani, el-yurt, xalq voyaga etgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari chinakamiga shakllanib, o'sib, kamol topib boradigan zamindir.
Vatan deganda, hamisha o'zimiz tug'ilib o'sgan, ko'z ochib ko'rgan, ta'lim-tarbiya olib voyaga etgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab o'tgan, ularning aql-idroki, mehnati sarf qilingan yurt ko'z oldimizga keladi.
Vatan ona kabi aziz va mukarramdir. Vatan insonga baxt-iqbol beradigan zamindir. Abdulla Avloniy aytganidek: “Har bir kishining tug'ilib o'sgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug'ilgan, o'sgan joyini jonidan ortiq suyar... Biz turkistonliklar o'z vatanimizni jonimizdan ortiq suyganimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumlik issiq cho'llarini, eskimuslar shimol taraflar, eng sovuq qor va muzlik erlarni boshqa erlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi turonlik oson erlarga o'z vatanlarini tashlab hijrat qilurlar edi”.
Vatan – bu xalqning o'tmishi, buguni va kelajagidir. Vatan – muqaddas qadriyat. Taraqqiyot Vatandan boshlanadi. U insonning kindik qoni to'kilgan joy, insonni ijtimoiy etimlikdan asrovchi manzil, ma'naviy kamolot va fuqarolik maydoni, hayot maktabi, farovonlik va baxt-saodat o'chog'idir.
Inson uchun vatan yagonadir. Vatanning katta-kichigi ham, boy-kambag'ali ham bo'lmaydi. Vatan tanlanmaydi. Vatan bizning molimiz emas. Shuning uchun ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi. Vatan in'om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Vatan har bir fuqaro uchun muqaddas va betakrordir.
Vatanni eng oliy ne'mat singari boshimiz uzra baland ko'tarib, har on va har soniyada uning tuprog'ini ko'zlarga surtib, unga ta'zim bajo aylashimiz farzandlik burchimizdir. Hadisi sharifda “Vatanni sevmoq imondandir”, deyilgan. Ya'ni imoni but, vijdoni pok har bir inson vatanni sevadi, uni g'animlar ko'zidan asraydi, uning yashnashi va yashashi, hurligi uchun kurashadi.
Vatan mehrini, vatan sehrini, uning mo''tabarligiyu ulug'vorligini so'z bilan ifodalash qiyin.
Har bir barkamol inson vatan kamoloti va istiqboli, el-yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun hamma narsani, hatto shirin jonini ham ayamaydi. Bu haqda Fuzuliyning mening bitta hayotim bor, bordi-yu, mingta hayotga ega bo'lgan taqdirimda ham hammasini Vatan uchun sarflagan bo'lur edim, degan so'zlari har birimiz uchun bebaho o'gitdir.
Bu kabi holatlar esa bizning jannatmonand, diyorimizda tinch va farovon hayot kechirayotganimiz uchun shukronalar qilishga va shu barqarorlik va osoyishtalikni asrab-avaylash uchun barcha imkoniyatlarni tatbiq etishga undaydi.
Mustaqillik yillarida yurtimizda davom etayotgan moddiy va ma'naviy taraqqiyot asosida tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi.
Vatanparvarlik – yolg'iz o'z vataniga mehr qo'yishdan iboratgina emas. Bu juda katta his... Bu – vatan bilan o'zini bir butun deb bilish, uning yaxshi-yomon kunlarida asqotish demakdir.
Islom dini ta'limotiga ko'ra, Alloh taolo Odam naslidan dunyoga kelgan zurriyotlarni er yuzida turli millat va elatlarga bo'lib qo'ygan. Bu haqda Alloh taolo xabar berib bunday deydi: «Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir» (Hujurot murasi, 13-oyat).
Tabiiyki, inson farzandi qayerda, qaysi mamlakatda dunyoga kelsa, ana shu er uning ona-Vataniga aylanib qoladi. Kindik qoni to'kilgan joy inson uchun hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Rasuli Akram sollollohu alayhi va sallam Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida tug'ilib o'sgan vatanlari Makkai mukarramaga yuzlanib turib: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hech ham o'z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo'lur edim”, deganlari siyrati nabaviya kitoblarida bayon etilgan.
Demak, Vatanni sevish, vatanparvar bo'lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog'inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo'lgan nozik his-tuyg'udir.
Vatanparvar – o'z vatani kamoloti yo'lida, o'z xalqiga muhabbati tufayli ezguliklari tugul, jonini ham ayamaydigan insondir, xalqqa va vatani ozodligi, farovonligi uchun o'zini qurbon qiluvchi insondir.
Tarixdan ma'lumki, biror-bir millat boshqa bir millatni xorlamoqchi bo'lsa, avvalo, uning vatanini bosib olib vayron qilgan yoki ularni vatanidan quvib chiqargan. O'z vatanini dushmanlar qo'lida qolganini ko'rgan millatga bundan ortiq xo'rlik va azob yo'q. Zero, vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir. Buyuk alloma Alixon to'ra Sog'uniy hazratlarining quyidagi so'zida ona-Vatanini sevuvchi sadoqatli har bir kishining qalbida g'ayrat va shijoat uyg'otadi: “Har bir insonga ma'lumdurki, dunyo hayotida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to'rt narsasi bordir. Bu to'rt narsaga ega bo'lmagan kishilar chin insonlik sharafidan mahrum bo'ladilar. Ular ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan boylikka o'zi egalik qilish, tug'ilib o'sgan ona-Vatani va asrlar bo'yi e'tiqod qilib kelgan muqaddas dinidir”.
Dinimizning ilohiy ta'limotlarida ona-Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yo'lida jon fido qilgan kishilarga shahidlik maqomi berilishi qayd etilgan.
Donolar aytadilar: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning o'z Vatani uchun qayg'urishidan, do'stlarini sog'inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, o'kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoiyligi ona- Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo'shishi bilan o'lchanadi, albatta.
Vatan himoyasi – barchamizning muqaddas burchimiz! Inson uchun na davlat va saltanat, na toju taxt, hech bir narsa Vatanga, el-yurt mehriga teng kelolmaydi. Vatandan judolik katta baxtsizlikdir. Inson istagan joyda bir parcha nonga qornini to'yg'azishi mumkin. Lekin Vatanning o'rnini hech narsa bosolmaydi. Vatanda yashash haqiqiy baxtdir.
Shayx Sayyid Rahmatulloh TYeRMIZIY,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi